Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 85 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +11° kechasi +9°

O‘zbekiston elektr va gaz ulgurji bozoriga o‘tishni 2027−2028-yillarda yakunlashni rejalashtirmoqda

10-oktabr kuni bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Peterburg xalqaro gaz forumida O‘zbekistonning elektr energiyasi va gaz ulgurji bozoriga o‘tishni yakunlash rejalari haqida gapirdi. Ulgurji bozorga o'tish nima uchun kerak?

4 daqiqa o‘qiladi

Elektr va gaz

10-oktabr kuni bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Peterburg xalqaro gaz forumida O‘zbekistonning elektr energiyasi va gaz ulgurji bozoriga o‘tishni yakunlash rejalari haqida gapirdi.

Jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi

Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2027-yilda elektr energiyasi bo‘yicha, 2028-yilda esa tabiiy gaz bo‘yicha ulgurji bozorga o‘tishni yakunlashni rejalashtirmoqda.

“Bizda gaz qazib olish ham o‘z kompaniyalarimiz tomonidan, ham mahsulot taqsimlash bitimi doirasida amalga oshiriladi. Yangi kichik kompaniyalar bor. Biz O‘zbekiston qazib olish bozorida ko‘proq kompaniyalar bo‘lishini istaymiz”, — dedi u.

Gaz taqsimlash tarmoqlarini xususiy sektorga o‘tkazish dasturi

Vazir O‘zbekistonda elektr energiyasi bozorini isloh qilish, samaradorlikni oshirish va tabiiy gaz yo‘qotishlarini kamaytirish bo‘yicha islohotlarning elementi sifatida davlat-xususiy sheriklik mexanizmi orqali gaz taqsimlash tarmoqlarini xususiy sektorga o‘tkazish dasturi qabul qilinganini ta’kidladi.

“Hozir biz Buxoro viloyati misolida shunday loyiha tayyorlayapmiz va bu ham, bizningcha, tabiiy gaz yo‘qotishlarini kamaytirishga xizmat qiladi. Turkiya 63 mlrd kub metr gaz iste’mol qilishini eshitgansizlar. Ulardan aholimiz ikki baravar kam va iqtisodiyotimiz ham kichikroq bo‘lishiga qaramay bizda iste’mol bir oz kamroq xolos. Bu hali ancha ishlashimiz lozimligini ko‘rsatmoqda. Ayni paytda biz ushbu forumda “Gazprom”, rossiyalik va boshqa hamkorlarimiz bilan ishlarni davom ettirish maqsadida ishtirok etayotganimizni aytib o‘tishim lozim”, — dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Ulgurji bozor nima?

Ulgurji gaz bozori turli ishtirokchilar, masalan, gaz qazib oluvchi kompaniyalar, importyorlar, gaz tarmoqlari operatorlari va yirik sanoat iste’molchilari o‘rtasida katta hajmlarda tabiiy gaz savdosi uchun tashkil etiladi.

Elektr energiyasining ulgurji bozori — bu elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilar (elektr stansiyalari), savdo kompaniyalari va yirik iste’molchilar (masalan, hududiy tarmoq kompaniyalari va yirik sanoat korxonalari) o‘rtasida sotiladigan va sotib olinadigan platforma.

Ushbu masala 2020-yilda ko‘tarilgan

2020-yil aprel oyida prezident Shavkat Mirziyoyev elektr energiyasi va tabiiy gazning birja savdolari asosidagi ulgurji bozorini tashkil etish rejalashtirilganini ma’lum qilgandi. Bunda barcha ishtirokchilar uchun teng imkoniyat berilishi hamda narxlarni shakllantirishning shaffof mexanizmi tuzilishi qayd etilgandi.

Bu borada prezident qarori

Bu davlat rahbarining 2023-yil 28-sentabrdagi “Energetika sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham ko‘zda tutilgan. Hujjatga muvofiq, ochiq raqobat muhitiga ega energetika bozori yaratiladi.

Shundan so‘ng, davlat rahbari 2023-yilning oktabr oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2026-yilgacha elektr energiyasiga bo‘lgan talab va taklifdan kelib chiqib shakllantiriladigan erkin ulgurji bozorni joriy etish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, davlat rahbari me’yoriy-huquqiy bazani shakllantirish, bozor infratuzilmasini yaratish, energetika tizimini quyi bo‘g‘ingacha raqamlashtirish, inson omilini bartaraf etuvchi, real vaqt rejimidagi intellektual boshqaruv tizimini (SCADA) joriy etish zarurligini ko‘rsatib o‘tgandi.

Ulgurji bozor nimaga kerak?

O‘zbekistonning elektr va gaz ulgurji bozoriga o‘tishi bir qancha muhim sabablar bilan bog‘liq. Bularning asosiylaridan biri — raqobatni rivojlantirish. Elektr va gaz bozorida raqobat muhitini yaratish orqali davlat monopoliyasini kamaytirish va xususiy sektorni jalb qilishga imkon beradi. Bu iste’molchilar uchun xizmatlar va mahsulotlarning sifatini oshirishga, narxlarni arzonlashtirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, ulgurji bozorga o‘tish orqali narxlar talab va taklif asosida shakllanadi, bu esa bozorni yanada samarali va bozor qonunlari asosida boshqarishga imkon beradi. Iste'molchilar ortiqcha davlat nazoratisiz bozorga mos narxlarda xizmatlardan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari bu masalada energiya yetkazib berishni optimallashtirish ham muhim o‘rin tutadi. Ulgurji bozor orqali energiya resurslarining samarali taqsimlanishi va ularga bo‘lgan talabni real vaqtda ko‘rib chiqish imkoniyati yaratiladi. Bu energetika tizimidagi isrofgarchiliklarni kamaytiradi va barqarorlikni oshiradi.

Investitsiya masalasi

O‘zbekiston har taraflama mamlakatda investorlarni jalb qilish va iqtisodiyotni rivojlantirish masalasiga jiddiy qaramoqda. Aynan, elektr va gaz ulgurji bozoriga o‘tish bilan ham mamalakat ushbu yo‘nalishda ivestor va investitsiyalarni jalb qila oladi. Bozorga kiruvchi yangi ishtirokchilar innovatsiyalarni kiritib, energiya tarmog‘ini modernizatsiya qilishga va yangi infratuzilmalarni barpo etishga investitsiya kiritadi.

Shu bilan birga, elektr va gaz narxlarining bozor tomonidan belgilanadigan bo‘lishi yirik ishlab chiqaruvchilar va kichik bizneslar uchun qulay sharoit yaratadi, bu esa sanoat va boshqa iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishga yordam beradi.

Umuman olganda, bu o‘tish jarayoni O‘zbekistonning energetika sektorini modernizatsiya qilish, investitsiyalarni jalb qilish va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur.