Turkiyada giyohvandlik ishi bilan shou-biznes vakillari ushlandi
Tergov doirasida xonanda va aktyor O‘zjan Deniz, aktrisalar Deniz Chakir hamda Burju O‘zberk qo‘lga olingani xabar qilindi.
1 daqiqa o‘qiladi

Istanbulda giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan o‘tkazilayotgan tergov doirasida 23 kishi qo‘lga olindi. Ular orasida Turkiyaning taniqli xonanda va aktyori O‘zjan Deniz hamda aktrisalar Deniz Chakir va Burju O‘zberk bor. Bu haqda TRT Haber Anadolu agentligiga tayanib xabar berdi.
35 kishini qo‘lga olish haqida qaror chiqarilgan
Istanbul bosh prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, tergov davomida guvohlarning ko‘rsatmalari, gumon qilinayotgan shaxslarning tushuntirishlari, shuningdek, mobil telefonlar va boshqa raqamli qurilmalardagi ma’lumotlar ekspertiza xulosalari bilan birgalikda o‘rganilgan.
To‘plangan materiallar asosida giyohvand moddalarni iste’mol qilish yoki saqlashda gumonlangan 35 kishini qo‘lga olish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Ushlanganlar orasida taniqli aktrisalar ham bor
25-noyabr tongidagi ma’lumotlarga ko‘ra, qarorda ko‘rsatilgan shaxslardan 23 nafari qo‘lga olingan. Ular orasida O‘zjan Deniz va Deniz Chakir bilan bir qatorda aktrisa Burju O‘zberk ham bor.
Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda. Qo‘lga olingan shaxslarning aybi sud tomonidan tasdiqlangani haqida hozircha ma’lumot berilmagan.



