$
 12720.00
-7.96
 13827.91
46.07
 140.04
0.58
weather
+26
Кечаси   +14°

Tugʻuruqxonalarga nazar: korrupsiya, kundalik ehtiyojlarga yetmaydigan maosh va yuqori ish yuklamasi

akusher doya

Aholi orasida tez-tez “suyunchi puli” masalasi muhokama qilinadi, tugʻuroqxonada hamshiralar muomalasi yaxshi emasligi, shifokorlarning poraxoʻrligi taʼkidlanadi. Masalaga bu rakursdan qarasa, haqiqat, tugʻuruqxonalar korrupsiya oʻchogʻiga aylangan. Ammo tanganing ikkinchi tomoni-chi? Balki maosh kamligi sabab ham ular odamlarning qoʻliga koʻz tikar? Axir sogʻliqni saqlash eng kam haq toʻlanadigan sohalardan biri boʻlsa…

Ularning maoshi qancha?

“Yuksalish” harakati tomonidan Oʻzbekistonda akusherlik yordamini koʻrsatishda korrupsiya xavflari va uning omillari oʻrganildi. Tadqiqotda davlat tugʻuruqxonalaridagi tibbiyot xodimlarining ish haqi koʻrsatilgan.

           Tizimda oʻnta toifa bor. Xodimlarning har bir toifasi maʼlum bir darajaga kiradi (masalan, 2-darajali hamshiralar) va maʼlum bir darajaga yetishi mumkin (masalan, hamshiralar uchun 5-darajali). “Toifa” oylik maoshni belgilovchi omil sifatida ish stajiga qarab belgilanadi.

20 yillik tajribaga ega akusher-ginekolog 450 dollar maosh oladi

Oliy toifali va 20 yillik tajribaga ega akusher-ginekolog (shifokor) bir oydagi normativ ish soati (144)dan kelib chiqib, 4 127 109 + 619 066 + 825 421 = 5 571 596 soʻm maosh oladi, bu 450 AQSh dollarini tashkil qiladi.

20 yillik ish tajribasiga ega (5-toifali) hamshiralar oyiga 3 736 699 soʻm ($300) maosh oladi.

Katta xarajatlar

Shifokorlar, shuningdek, katta xarajatlarga duch keladi. Masalan, majburiy malaka oshirish va respublikada yoki xorijda oʻtkaziladigan anjumanlar, uchrashuvlarga borish.

Shifokorlarning maoshlari boshqa davlat xizmatchilari va xususiy sektor xodimlariga nisbatan past. Masalan, sudyalar 2 000 dollar, bank xodimlari 900 dollar, leytenantlar 570 dollar maosh oladi (soliqsiz). Xususiy klinikalardagi shifokorlarning maoshlari ancha yuqori: 450 dollardan 4 000 dollargacha. Xalqaro miqyosda shifokorlarning maoshi Rossiyada yuqori, Qozogʻistonda ikki baravar koʻp, lekin Qirgʻizistonda past, Tojikistonda ham ancha past (2-jadvalga qarang).

Oddiy ehtiyojlarga ham yetmaydigan maosh

Ushbu tadqiqot davomida oʻtkazilgan soʻrovlarda tibbiyot xodimlari oylik maoshi oʻz ehtiyojlarini (oziq-ovqat, kiyim-kechak kabi) qoplash uchun yetarli emasligini taʼkidlagan. (3-jadvalga qarang).

Soʻrovda qatnashgan akusher xodimlarning oʻrtacha 51 foizi olayotgan maoshi kundalik  ehtiyojlarini qoplamasligini bildirdi. Bundan tashqari, tibbiyot xodimlarining oʻrtacha 61 foizi oylik maoshi kasbiy rivojlanish (treninglar, konferensiyalarda ishtirok) xarajatlari uchun yetarli emas, deb hisoblaydi.

Korrupsiyaning asosiy omili

Taʼkidlash kerak, maosh kamligi korrupsiya xavfining dastlabki omilidir, chunki bu xodimning kompensatsiya sifatida qoʻshimcha pul olishiga yoʻl ochadi.

Shuningdek, fokus-guruh muhokamalarida shifokor va hamshiralar farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlikdan olinadigan bonuslar ularning daromadlarini sezilarli darajada oshirishini taʼkidladi (shifokorlarning 24 foizi va hamshiralarning 20 foizi).

Malaka oshirish xarajatlarini kim qoplaydi?

Shifokorlarning malaka oshirish masalasi ham bor, yaʼni ular 288 soatlik (2 oy) dars soatlarini oʻqishi kerak. Bir oylik oʻqish (144 soat) byudjetdan qoplanadi, ikkinchi oyni esa (144 soat) oʻzlari qoplashi kerak (taxminan 200 AQSh dollari, shuningdek, turar joy, transport va boshqa xarajatlar oylik maosh miqdoridan oshib ketadi).

Garchi moliyalashtirish va ragʻbatlantirish tizimini isloh qilish, ish haqi ishlab chiqarish va ehtiyojlarga uzviy bogʻlab qoʻyilishi rejalashtirilayotgan boʻlsa-da, maoshlarni oshirish boʻyicha rasmiy siyosat mavjud emas.

Eslatib oʻtamiz! 2023-yil boshida sobiq sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov tibbiyot xodimlarining maoshini birdaniga oshirib boʻlmasligini, lekin bemorlarni davolaganda ular “minnatdorlik” sifatida pul berishi mumkinligini aytdi.

Ish yuklamasi ortib ketmoqda

Bundan tashqari, tibbiyot xodimlarining ish yuklamasi ham ortib bormoqda. Koʻplab shifokor va hamshiralar toʻliq standart soatda ishga olinadi (va koʻpincha ish soati oshib ketadi), lekin ish vaqtining yarmi yoki choragi uchun haq toʻlanadi. Fokus-guruh muhokamalarida tibbiyot xodimlari ortiqcha ish yuklamasi eng katta muammolardan biri ekanini bir necha marta taʼkidladi.

Xulosa sifatida shuni aytish kerakki, tibbiyot xodimlari mehnat sharoitining sifatsizligi yoki hayot sifatiga taʼsir qiluvchi har qanday yetishmovchilik kompensatsion korrupsiya va nohalol xatti-harakatlarga olib keladigan xavf omiliga aylanishi mumkin.

Теги :
Жамият
Иқтисодиёт