$
 12815.13
12.07
 13898.01
-4.83
 133.20
1.36
weather
+26
Кечаси   +14°

Transafgʻon temir yoʻli qurilishidagi asosiy muammolar nimada?

Temiryo

Transafgʻon temir yoʻli loyihasi kelasi yildan boshlab amalga oshiriladi. Bu haqda Transport vaziri Ilhom Maxkamov 17 – 25-oktabr kunlari Toshkentda boʻlib oʻtgan “Xalqaro tashabbuslar haftaligi” tadbirida ma’lum qildi.

Jarayon kamida 5 yil davom etadi

Shuningdek, u transafgʻon temir yoʻli qurilishi boʻyicha toʻliq kelishuvga erishilgani va loyihaning texnik–iqtisodiy asoslari ishlab chiqilayotgani haqida gapirib o‘tdi.

“Transafgʻon temir yoʻli nihoyatda yirik loyiha. Uni murakkabligi Afgʻoniston hududida ekanida. Lekin asosiy tashabbuskor hurmatli prezidentimiz boʻladilar. Bugungi kunda bir qator mamlakatlar bilan bu loyihani amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishganmiz. Hozirda uning texnik–iqtisodiy asoslarini ishlab chiqyapmiz. 2025-yilda loyihaga tamal toshi qoʻyiladi deb oʻylayman. Qurilish murakkabligini inobatga olsak, jarayon kamida 5 yil davom etadi”, – dedi vazir.

Pokistondan Oʻzbekistonga yuk tashish 35 kundan 3-5 kunga qisqaradi

Oʻzbekiston Termiz—Mozori Sharif—Kobul—Peshovar transafgʻon temir yoʻli loyihasini amalga oshirish uchun bir necha yillardan beri harakat qilib keladi. Loyiha orqali Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Pokistonning yirik dengiz portlariga chiqish yoʻli ochiladi. Bu esa mintaqaviy aloqa va savdoni rivojlantirishga xizmat qiladi. Temiryoʻl ishga tushsa, Pokistondan Oʻzbekistonga yuk tashish 35 emas, 3-5 kun davom etadi. Bundan tashqari, bitta standart konteynerni tashish narxi qariyb uch barobarga arzonlashishi kutilmoqda. Mazkur yoʻnalish boʻylab yuk tashish hajmi 10 million tonnaga yetishi mumkin.

. Loyihaning rejalashtirilgan qiymati 4,8 milliard dollar

Maʼlumotlarga koʻra, temir yoʻl liniyasi Termiz—Mozori Sharif—Logar—Xarlachi—Torxam yoʻnalishi boʻylab davom etib, Peshovar va Rohri orqali Karachi portiga chiqadi. Mozori Sharifdan Torxamgacha boʻlgan yangi uchastkalarning uzunligi qariyb 760 kilometrni tashkil qiladi. Loyihaning rejalashtirilgan qiymati 4,8 milliard dollarni tashkil qilmoqda.

Asosiy qiyinchiliklar nimada?

YTB tahlilchilarining fikriga koʻra, transafgʻon temir yoʻli loyihasini amalga oshirishda duch kelinadigan asosiy qiyinchiliklar quyidagilardan iborat:

-        Afgʻonistonning togʻli relyefi;

-        Afgʻoniston—Pokiston hamkorligining hal etilmagan muammolari;

-        oʻtkazish qobiliyatini oshirish uchun Pokiston temir yoʻl tarmogʻini modernizatsiya qilish zarurati.

Bundan tashqari, yana bir qator murakkabliklar mavjud, xususan:

Afgʻoniston turli qurolli guruhlar faolligi bilan beqaror mintaqa boʻlgani sababli bu transport va infratuzilma loyihalari xavfsizligiga tahdid solishi mumkin. Mamlakatdagi siyosiy vaziyat uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirish va mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlikni qiyinlashtirish ehtimoli mavjud.

Shunday qiyinchiliklarga qaramay, mutaxassislar transafgʻon yoʻlagi Oʻzbekiston uchun mintaqaviy integratsiya va iqtisodiy rivojlanishni sezilarli darajada yaxshilash salohiyatiga ega boʻlgan muhim strategik tashabbus ekanini qayd etgan.

Теги :
Жамият