$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentga tramvay qaytadimi?

Tramvay

2016-yil, Toshkentda tramvay tizimining to‘xtatilishi. Shundan so‘ng ushbu qaror ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi. Lekin vaqtlar o‘tib bu mavzu unutilib keltilgan. Oradan 6 yil o‘tib, jurnalist Xayrulla Bozorov nimanidir bilgandek, “O‘zbekiston 24” telekanalidagi “Menimcha” ko‘rsatuvida Toshkentga tramvay qatnovini qaytarish taklifini bergan.

Biz Toshkentga tramvayni qaytaramiz?

Shundan bir necha kun o‘tib davlat rahbari Samarqandga tashrif buyurgan. O‘shanda Mirziyoyev hududdagi amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishgan. Prezident Samarqandda tramvay bor ekanini alohida qayd etib, tramvayni Toshkentga ham qaytarish rejasi borligini, fuqarolardan bu borada ko‘plab xatlar va murojaatlar kelayotganligini ta’kidlagan.

Tramvayning birinchi loyihasi

Shuningdek, 2022-yil 18-fevralda Shavkat Mirziyoyev Toshkent faollari bilan uchrashuvda Toshkentda tiklanayotgan tramvayning yo‘nalishlari “yetti marta o‘lchab, bir marta kesish” bilan belgilanishini, tramvay liniyalarining dastlabki loyihalari bilan tanishganini aytgan.

Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov  o‘sha paytda rekonstruksiya ishlari boshlanayotgan Navoiy ko‘chasiga tramvayni qaytarish rejasi yo‘qligini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘chaning “o‘lchamlari” bunga mos kelmaydi.

Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i, “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi raisi Anvar Jo‘rayev tramvay bo‘yicha takliflar tayyorlanayotganini ta’kidlagan.

Fransiyaning Alstom kompaniyasi bilan hamkorlik

O‘sha yilning kuzida Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi chog‘ida Fransiya bilan Toshkentning tramvay tizimi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzolagan.

Investitsiyaviy kelishuvga muvofiq, Fransiyaning Alstom mashinasozlik kompaniyasi 9,1 kilometrlik tramvay liniyalarini qurilishi belgilangan. Kunlik yo‘lovchi tashish hajmi 78 ming kishini tashkil etishi kutilmoqda. Qurilish ishlarini 2024 yilning birinchi choragida boshlash rejalashtirilgan. Loyiha qiymati 167,4 mln. yevroga baholangan edi.

Tahminiy yo‘nalishlar qanday bo‘lgan

Transport vaziri Ilhom Mahkamov qurilish ishlari bilan Alstom shug‘ullanishini tasdiqlagan, biroq liniyalarning yo‘nalishlari hali aniq emasligini bildirgan. Toshkentni bo‘lajak “Yangi Toshkent” shahri bilan bog‘lovchi Yangi O‘zbekiston ko‘chasi istiqbolli yo‘nalishlardan biri bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan. Bunda, taxminlarga ko‘ra, liniya “Do‘stlik” metro bekatidan boshlab, Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab o‘tadi.

Shuningdek, Transpot boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev yozda qilgan chiqishlarining birida tramvayning ikkita yo‘nalishi bo‘yicha takliflar tayyorlangani, ulardan birinchisi TTZdan Shimoliy vokzalgacha, ikkinchisi esa Shimoliy vokzaldan Otchopargacha davom etishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.

2 yillik tanaffus

O‘shandan beri bu haqda vaqti-vaqti bilan yangiliklar chiqib keldi, ammo aniq rejalar va yo‘nalishlar haqida hech qanday ma’lumot berilmadi. Shu yilning boshida esa Transport vazirligi huzuridagi loyiha ofisi direktori Murod Abidov “Lolazor” podkastida Toshkentda tramvay qurish rejalari haqida gapirdi.

Murod Obidovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi sharoitda shahar yo‘llarining ostidagi kommunikatsiyalar bilan tramvay qurish uchun katta xarajat talab etiladi.

“Oldingi tramvay tizimi hozirgi zamonaviy talabga javob bermaydi. Oldin o‘zim ancha payt Ibn Sino ko‘chasida turganman. Tramvay o‘tganda bizning besh qavatli uyimizning uchinchi qavatining hamma yeri qimirlab turardi. Tramvay bu darajada „vibratsiya“ berish kerak emas. Ko‘rgan bo‘lsangiz, Yevropada tarixiy shaharlarning markazidan o‘tgan tramvay, lekin umuman ovozi ham chiqmaydi, vibratsiya ham sezilmaydi. Shunaqa tramvay tizimini joriy qilish rejamizda bor. Hozir Fransiya bilan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda. Keyingi bosqichlarda tramvay liniyalarini qayerga joriy qilish o‘rganiladi”, — degan u podkastda.

Hozirda Yangi Toshkent ustuvorroqmi?

Fransiyaning Alstom kompaniyasi (temiryo‘l transporti, jumladan, tramvaylar ishlab chiqarish bo‘yicha jahon yetakchilaridan biri) Afrika, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqalari uchun savdo va marketing bo‘yicha vitse-prezidenti Sasha Parne 2-may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan investitsiya forumi doirasida poytaxtda tramvay liniyalarini qurish rejalari haqidagi qator savollarga javob berdi.

Forum doirasidagi uchrashuvlardan birida Alstom kompaniyasining yana bir vakili Toshkentga tramvayni qaytarish rejalashtirilganini, biroq “bugungi kunda bu juda qimmat g‘oya ekani, chunki kommunikatsiyalarni o‘zgartirishga to‘g‘ri kelishini” aytdi.

Sasha Parne shaharning markaziy qismlaridagi tramvay liniyalari “muhim infratuzilma nuqtalari” ekanini tasdiqlab, qurilish ishlari sababli ko‘plab kommunal, elektr tarmoqlari, kanalizatsiya quvurlarida uzilish bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

“Liniyalarni yotqizishda imkon qadar insonlarning mobilligiga bo‘lgan talabni qondirishga harakat qilishimiz va shu bilan birga muhandislik tarmoqlariga imkon qadar shikast yetkazmasligimiz uchun ba’zi o‘rganishlar talab etiladi”, — dedi u.

Har bir shahar turlicha tuzilgan, shuning uchun tramvay liniyalarini loyihalash va qurishda kommunikatsiyalarning joylashishini hisobga olish kerak.

Alstom vitse-prezidenti tramvay yo‘llarini eski marshrutlar bo‘ylab tiklashni yaxshi variantlardan biri deb hisoblaydi.

“Chunki tramvay liniyalari borligidan beri u yerga hech narsa qurilmagan bo‘lsa, koridorga kirish mumkinligi aniq. Ammo siz talabni ham hisobga olishingiz va mobillikni eng kerakli joyda belgilashingiz kerak”, — dedi u.

Sasha Parnening ta’kidlashicha, Poytaxt hokimiyati va Transport vazirligi Fransiya kompaniyasiga tramvay liniyasini qurishning ustuvor yo‘nalishi Yangi Toshkent ekanini ma’lum qilgan.

Toshkentda tramvay loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda

2-oktyabr kuni “Техника железных дорог” Telegram kanali esa tramvay harakatini jonlantirish loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilayotganligi haqida post joyladi. Bu haqda transport vaziri Ilhom Maxkamov ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu loyihaga hali mablag‘ ajratilmagan bo‘lsa-da, undan voz kechilmagan va Toshkentni Yangi Toshkent bilan bog‘lashda katta rol o‘ynashi mumkin.

 “Menimcha, biz birinchi navbatda infratuzilma loyihalariga mablag‘ ajratishimiz kerak, ular nihoyatda dolzarb bo‘lib, bosqichma-bosqich yirik loyihalarga o‘tishimiz kerak”, — deya tushuntirdi Mahkamov mahalliy OAVga.

Toshkentning 2045-yilgacha boʻlgan bosh rejasida uning chekkasida kelajak shahri ham koʻzda tutilgan. Reja elektr transportini, xususan, metro liniyalari, monorels va metrobuslarni rivojlantirishni nazarda tutadi. Yangi Toshkentdagi birinchi ob’ektlar qurilishi 2024-yil bahorida boshlangan.

Теги :
Jamiyat