O‘zbekistonda 231 kishi ish joyidagi baxtsiz hodisalarda halok bo‘ldi
Hodisalar soni ham, jabrlanganlar ko‘rsatkichi ham o‘tgan yilga nisbatan oshgan.
2 daqiqa o‘qiladi

2026-yilning yanvar–oktyabr oylarida O‘zbekistonda mehnat faoliyati bilan bog‘liq 771 ta baxtsiz hodisa qayd etildi. Ushbu hodisalar oqibatida 847 kishi jabrlangan. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi ma’lum qildi.
Baxtsiz hodisalarning aksariyati og‘ir oqibatlarga olib kelgan
Hisobot davrida qayd etilgan 771 ta hodisaning 38 tasi bir vaqtning o‘zida bir nechta xodim jabrlangan holatlar bo‘lgan. 542 ta baxtsiz hodisa og‘ir oqibatli, 189 tasi esa o‘lim bilan yakunlangan.
Jabrlanganlarning 586 nafari og‘ir, 30 nafari yengil tan jarohatlari olgan. Yana 231 kishi hayotdan ko‘z yumgan.
Sanoat va qurilishda hodisalar ko‘p
Baxtsiz hodisalarning eng katta qismi sanoat va ishlab chiqarish korxonalarida sodir bo‘lgan. Ushbu sohada 259 ta holat qayd etilib, umumiy ko‘rsatkichning 33,6 foizini tashkil qilgan.
Qurilish sohasi 217 ta hodisa bilan ikkinchi o‘rinda turibdi. Bu jami holatlarning 28,1 foiziga teng.
O‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda, mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar 15,9 foizga, ularda jabrlanganlar soni esa 14,2 foizga oshgan.
Toshkent shahri birinchi o‘rinda
Hududlar bo‘yicha eng ko‘p baxtsiz hodisa Toshkent shahrida qayd etilgan — 155 ta. Toshkent viloyatida 106 ta, Qashqadaryo viloyatida 71 ta, Navoiy viloyatida 65 ta va Buxoro viloyatida 63 ta holat aniqlangan.
Jabrlanganlarga 16,6 mlrd so‘mdan ortiq to‘lov undirildi
Mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarda jabrlanganlarga yetkazilgan zarar uchun jami 16 milliard 637 million so‘m undirib berilgan. Ushbu mablag‘lar bir martalik kompensatsiyalar hamda oyma-oy to‘lanadigan zarar pullaridan iborat.



