Tojikistondagi davlat to‘ntarishiga urinish ishi bo‘yicha yopiq sud bo‘lmoqda
Tojikiston Bosh prokuraturasi maxfiylik muhrini bosgan ish yuzasidan mamlakat Oliy sudi jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshlagan. Gumonlanuvchilar hokimiyatni kuch bilan egallab olishga uringanlikda ayblanishmoqda.
1 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston Oliy sudi 14-noyabr kuni “davlat to‘ntarishiga urinish”ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshlagan. Gumonlanuvchilar hokimiyatni kuch bilan egallab olishga uringanlikda ayblanishmoqda.
Oliy sud sud jarayoni yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan
Ma’lumotga ko‘ra, ko‘chma sud Dushanbedagi tergov hibsxonasi binosida yopiq eshiklar ortida o‘tkazilmoqda. Mahkama jarayoniga faqat sudlanuvchilarning advokatlari qo‘yilgan, qarindoshlarning sudda ishtirok etishiga ruxsat berilgan emas. Oliy sud matbuot xizmati mazkur sud jarayoni yuzasidan biror-bir izoh berishdan bosh tortgan. Manbaga ko‘ra, sudga Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Shavkat Lutfullozoda raislik qilmoqda.
Maxfiylik muhri bosilgan ish
Ma’lumtlarga ko‘ra, Saidja’far Usmonzoda, Akbarshoh Iskandarov, Ahmadshoh Komilzoda va Shokirjon Hakimov hokimiyatni kuch bilan egallab olishga uringanlikda (Tojikiston Jinoyat kodeksining 306-moddasi) ayblanishmoqda. Bu taniqli arboblarning ayrimlariga qarshi milliy va diniy nizo qo‘zg‘aganlik (JKning 189-moddasi) ayblovi bo‘yicha ham ish ochilgan. Har ikki modda bo‘yicha ham uzoq yillik qamoq jazolari ko‘zda tutilgan. Shokirjon Hakimov barcha ayblovlarni rad etgani ma’lum qilinadi. Jurnalistlar hozircha qo‘lga olinganlar va ularning qarindoshlari fikrini olishga imkon topolmagan. Tojikiston Bosh prokuraturasi mazkur ishga maxfiylik muhrini bosgan va OAVga hech qanaqa ma’lumot taqdim etayotgani yo‘q.




