$
 12670.05
37.83
 13560.75
82.17
 138.00
3.61
weather
+26
Кечаси   +14°

TikTok mojarosi

Tik tok

Markaziy Osiyoda Qirg‘iziston ortidan Qozog‘iston ham TikTok’ni cheklamoqchi. G‘arbda esa Yevropa Komissiyasi TikTok ijtimoiy tarmog‘iga nisbatan ikkinchi tekshiruvni boshladi.

Qozog‘istonda TikTokga kirishni cheklash o‘rganilmoqda

Qozog‘iston madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva Qozog‘iston hukumati TikTok ijtimoiy tarmog‘iga kirishni cheklash imkoniyatini o‘rganayotganini ma’lum qildi. “Men hozir buni taqiqlaymiz demayapman, biz bu masalani [TikTok’ga kirishni cheklash] o‘rganyapmiz, chunki qo‘shni va boshqa davlatlar bunday choralar ko‘rayotganda biz ham ularning tajribasini o‘rganamiz”, dedi Balayeva. "Biz [kirishni cheklash masalasini] ko‘rib chiqishimiz kerak, chunki biz hammamiz bunga aralashamiz, bolalar tomosha qilmoqda va u yerda qanday so‘kinishlar borligini ko‘rasiz", deb tushuntirdi Madaniyat vazirligi rahbari.

Qirg‘iziston va TikTok

Avvalroq Qirg‘izistonda provayderlar TikTok’ni bloklashni boshlagani ma’lum bo‘lgandi. Sabab sifatida, platformada "kontent senzurasi bo‘yicha tizimli va qat’iy yondashuv" mavjud emasligi aytilgan. Biroq, ba’zi foydalanuvchilar bu platformadan hamon bemalol foydalanmoqda, chunki barcha internet provayderlari ham ushbu qisqa videolar servisini hali bloklashga kirishmadi. Avvalroq, Aloqa sohasini tartibga solish va nazorat qilish xizmati internet-provayderlarga bu tarmoqni bloklashni so‘rab xat yuborgandi. Mahalliy OAV xabar berishicha, bu xat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi talabi bilan yuborilgan.

Yevrokomissiya va TikTok munosabatlari: odatlanib qolish effekti bilan bog‘liq xavf-xatar 

Ushbu platformaga Markaziy Osiyodan tashqari Yevropada ham o‘ziga yarasha qarshiliklar mavjud va shunga monand tekshiruvlar ham o‘tkazilmoqda. Yevropa Komissiyasi TikTok ijtimoiy tarmog‘iga nisbatan ikkinchi tekshiruvni boshladi. YEK saytida 22-aprel kuni chop qilingan xabarnomaga muvofiq, tekshiruv orqali “shirkat Fransiya va Ispaniyada TikTok Lite ilovasini ishga tushirishda raqamli xizmatlar (Digital Services Act, DSA) to‘g‘risidagi qonunni buzib-buzmaganini baholash” nazarda tutilgan. Tekshiruvni boshlashga foydalanuvchilarga TikTok Lite ilovasining ball to‘plash imkoniyatini beruvchi funksiyasi asos bo‘lgan. Yevrokomissiya ma’lumotiga ko‘ra, mazkur mukofotlash tizimi “yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlar” diqqat bilan o‘rganilmasdan ishga tushirilgan, bu yerda gap, xususan, “odatlanib qolish effekti bilan bog‘liq xavf-xatar haqida bormoqda”. 17-aprel kuni Yevrokomissiya TikTok Lite ilovasi tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni baholash haqida TikTok’dan hisobot so‘ragan. Shirkatda regulyatorga hujjatlarni taqdim etish uchun bir sutka vaqt bo‘lgan, biroq TikTok vakillari bu ishni amalga oshirishmagan. Endilikda shirkatda xatarlarni baholash bo‘yicha hisobot taqdim etishga yana bir sutka hamda boshqa so‘ralgan ma’lumotlarni berish uchun 3-maygacha muhlat mavjud.

Ma’lumot uchun, TikTok – O‘zbekistondagi faoliyati cheklangan 4 ta internet platformasidan biri. “O‘zkomnazorat” 2021-yilning 2-iyulidan boshlab TikTok, Twitter, Skype, WeChat va Vkontakte tarmoqlariga cheklov qo‘ygandi. Keyinchalik bu cheklovlar doirasidan Twitter (hozirda X) chiqariladi. Cheklovga mazkur tarmoqlar O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma’lumotlarni O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda saqlamayotgani sabab bo‘lgan. Avvalroq xuddi shu yilning 16-aprelidan kuchga kirgan qonunda shunday talab belgilangan. Tarmoq bugunga qadar blokadaligicha qolmoqda.