Tezyurar poyezdlar tariflari erkinlashtirilmoqda
Narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlarini ko‘rsatishdan ko‘rilgan zararlarni davlat byudjeti hisobidan kompensatsiya qilish tartibi joriy etilmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy Majlis Senatining 58-yalpi majlisida “Temiryo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
“Temiryo‘l transporti” tushunchasi qayta ko‘rib chiqildi
Qonunda temiryo‘l transporti tizimi zamonaviy bozor modeli talablariga muvofiq aks ettirilmoqda.
Mazkur hujjat transport sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, tadbirkorlik faoliyati uchun shart-sharoit yaratish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish va temiryo‘l transporti tashuvlari sohasida xalqaro hamkorlikni takomillashtirishga qaratilgan.
Qonunda “temiryo‘l transporti” tushunchasi qayta ko‘rib chiqilib, yangi tahrirda bayon etilmoqda. Bunda respublikaning temiryo‘l transporti umumiy foydalanishdagi va umumiy foydalanishda bo‘lmagan temiryo‘l transportiga ajratilmoqda.
Temiryo‘l transporti narxlari maslasi ham qayta ko‘rib chiqildi
Umumiy foydalanishdagi temiryo‘l infratuzilmasidan foydalanish tartibi va infratuzilma operatori faoliyati tartibga solinmoqda hamda tashuvchilarning huquq va majburiyatlari mustahkamlanmoqda.
Qonun bilan temiryo‘l transportida bozor tamoyillari asosida erkin shakllantiriladigan tariflar aniq belgilanayotgan bo‘lib, unga ko‘ra yuk vagonlarini taqdim etish, yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechilib, bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmi joriy etilmoqda.
Narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlarini (yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashishdan tashqari) ko‘rsatishdan ko‘rilgan zararlarni davlat byudjeti hisobidan kompensatsiya qilish tartibi joriy etilmoqda.
Davlat-xususiy sheriklik masalasi temiryo‘l tizimida ham joriy qilinadi
Temiryo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga investitsiyalarni jalb qilishning aniq yo‘nalishlari qonunda belgilanib, umumiy foydalanishdagi va umumiy foydalanishda bo‘lmagan temiryo‘llar hamda vokzallarni qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish manbalari aniq qayd etilmoqda.
Qonun bilan temiryo‘lda davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yaratilmoqda. Vazirlar Mahkamasi, Transport vazirligi va Transport inspeksiyasi vakolatlari aniq belgilab berilmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.



