$
 12774.34
-10.63
 13848.66
17.88
 132.17
0.72
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda hindistonlik talabalar ko‘payishiga nima sabab bo‘lmoqda?

Hindistonlik talabalar

2023/2024-oʻquv yili boshiga Oʻzbekistondagi OTMlarida tahsil olayotgan xorijlik talabalarning eng koʻpi Hindiston, Pokiston va Turkmaniston fuqarolaridir. Bu haqda Statistika agentligi ma‘lum qildi.

TOP-3

Unga ko‘ra, OTMlarda tahsil olayotgan xorijlik talabalardan 5733 nafari Hindistondan. Keyingi o‘rinlarda 1358 nafar bilan Pokiston hamda 904 nafar bilan Turkmaniston turibdi.

Qolgan davlatlar ulushi

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi (750 nafar), Qozogʻiston (537 nafar), Tojikiston (285 nafar), Qirgʻiz Respublikasi (285 nafar), Afgʻoniston (196 nafar), Xitoy – 182 nafar, Koreya Respublikasi (176 nafar), Kanada (124 nafar) va boshqa davlatlar fuqarolari (315 nafar) O‘zbekistonda tahsil olmoqda.

Oxirgi uch yillikdagi o‘sish

2023/2024-o‘quv yilida O‘zbekistondagi OTMlarda tahsil olayotgan xorijlik talabalarning soni 10,8 ming nafarni tashkil qilgan.

Unga ko‘ra, o‘tgan 2022/2023-o‘quv yilida 5 ming nafar xorij fuqarolari O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida tahsil olgan. Shuningdek, 2018/2019-o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 2,7 ming nafarni tashkil etgan edi.

Hindistonlik talabalar ko‘payishiga nima sabab bo‘lmoqda?

O‘zbekistonda hindistonlik talabalar sonining ko‘payishi bir necha muhim omillar bilan bog‘liq. Birinchidan, O‘zbekistonda ta’lim sifati oshishi va xalqaro standartlarga yaqinlashishi hindistonlik talabalar uchun jozibador bo‘lmoqda. Masalan, O‘zbekistondagi tibbiyot va texnologiya sohasidagi oliy o‘quv yurtlari xalqaro reytinglarda ko‘tarilib, sifatli ta’lim berishni maqsad qilgan.

Ikkinchidan, ta’lim narxi ham Hindiston bilan solishtirganda nisbatan arzon. Bu hindistonlik talabalar va ularning oilalari uchun moliyaviy jihatdan qulay variant yaratadi. O‘zbekistonda yashash va o‘qish xarajatlari nisbatan past bo‘lgani sababli, ko‘pchilik hindistonlik talabalar shu yerni tanlashmoqda.

Shuningdek, madaniy va iqlimiy yaqinlik ham muhim rol o‘ynamoqda. O‘zbekiston Hindistonga nisbatan yaqindan joylashgan va iqlimi ham Hindistonga yaqin, shuning uchun moslashish oson kechadi. O‘zbekiston hukumati va universitetlari ham xorijlik talabalarni jalb qilishga ko‘proq e'tibor bermoqda va bu borada turli qulayliklar yaratilmoqda.

Chetda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar?

2023-yilning 1-yanvar holatiga, xorijda tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar soni 150,5 ming nafarni tashkil etadi. Bu bilan O‘zbekiston xorijda taqsil olayotgan talabalar soni bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Boshqa Markaziy Osiyo davlatlaridan xorijda tahsil olayotgan talabalar Qozogʻistondan 78,3 ming nafarni, Turkmanistondan 60,9 ming nafarni, Tojikistondan 32,5 ming nafarni va Qirgʻizistondan 17,1 ming nafarni tashkil qiladi.

Eng ko‘p tanlanayotgan davlat qaysi?

Statistika agentligi ma’lumotlariga koʻra, 2024-yilning yanvar – avgust oylarida jami 25,8 ming nafar Oʻzbekiston fuqarolari oʻqish maqsadida chet elga ketgan.

Oʻzbekistondan bu yil chet elga oʻqishga ketgan talabalarning eng koʻp qismi – 10, 7 ming nafari Tojikistonni tanlagan. Keyingi oʻrinlardan Rossiya (6 ming nafar), Qirgʻiz Respublikasi (2,4 ming nafar), Turkiya (1,6 ming nafar) joy olgan.

Теги :
Жамият