Talabalarning kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati 1-dekabrga qadar uzaytirildi
Bu haqda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
1 daqiqa o‘qiladi

Davlat komissiyasining tegishli bayoni bilan 2024/2025-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining ayrim bakalavriat hamda magistratura talabalari uchun to‘lovlarni amalga oshirish va talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirishning muddati 2024-yil 1-dekabrga qadar (shu kuni ham) uzaytirildi. Bu haqda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Bu qaror kimlarga tegishli?
Unga ko‘ra, quyidagi talabalar 2024-yil 1-dekabrga qadar to’lovlarni uzaytirishi mumkin:
- bazaviy yoki tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar (1-bosqich);
- PF–213-son (31.08.2022-y.) Farmoni asosida qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun ajratilgan qo‘shimcha qabul kvotalariga talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar (1-bosqich);
- o‘qishi ko‘chirilgan (ko‘chirib tiklangan) talabalar.
Qanchasi to‘lanishi kerak?
Bunda qabul parametri doirasida o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar bazaviy to‘lov-kontrakt shaklida bir yillik o‘qitish qiymatining kamida 25 foizi miqdorida; tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt (super) asosida o‘qish istagini bildirganlar, ular uchun belgilangan bir yillik o‘qitish qiymatining kamida 50 foizi miqdoridagi to‘lovlarni amalga oshirishi lozim.
Eslatma: amaldagi tartibga koʻra, ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalar kontraktini toʻlash muddati OTM rahbari tomonidan uzaytirilishi mumkin.



