Chorshanba, 21-oktabr, 2026
Havo 85 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +13° kechasi +9°

Svetoforlarda nogironligi borlar uchun maxsus tovush chiqaruvchi qurilmalar o‘rnatilishi taklif qilinmoqda

Jahon tajribasiga ko‘ra, ushbu qurilmalarni o‘rnatilishi piyodalar kesib o‘tish yo‘laklarida sodir etiladigan qoidabuzarliklarni sezilarli darajada pasaytirmoqda.

2 daqiqa o‘qiladi

Svetoforlarda nogironligi borlar uchun maxsus tovush chiqaruvchi qurilmalar o‘rnatilishi taklif qilinmoqda

O‘zbekistondagi yo‘l infratuzilmalari deyarli nogironligi borlar uchun maxsus imkoniyatga ega emas. Ayniqsa, svetoforlarda ko‘rush qobiliyati past yoki ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lmagan odamlar biror bir sheriksiz o‘ta olmaydi. Saylov oldi faolliklar fonida “Adolat” SDP aynan ushbu masala bo‘yicha, svetoforlarda maxsus tovush chiqaruvchi qurilmalarni o‘rnatishni taklif qilmoqda.

Qurilma svetofor chirog‘ining rangiga muvofiq turli xil tovushlar chiqaradi

Svetoforlarda maxsus tovush chiqaruvchi qurilmalarning o‘rnatilishi nogironligi bo‘lgan shaxslar, xususan, ko‘rish qobiliyati past yoki batamom yo‘qolgan insonlarning yo‘llarda erkin va xavfsiz harakatlanishini osonlashtiradi. Bu qurilmalar yo‘lni kesib o‘tish vaqtida uning ochiq yoki yopiq ekanligini tovush orqali yo‘lovchiga bildiradi, qurilma svetofor chirog‘ining rangiga muvofiq turli xil tovushlar chiqaradi.

Bu borada chet el tajribasi qanday?

Maxsus tovush chiqaruvchi svetoforlar dunyo davlatlaridagi qator yirik shaharlarida, xususan, Yaponiyaning Tokio, AQSHning Nyu-York, San-Fransisko, Avstraliyaning Melburn, Sidney, Germaniyaning Berlin, Myunxen, Buyuk Britaniyaning London, Kanadaning Toronto va Vankuver kabi shaharlarida keng qo‘llaniladi.

Bu mamlakatlardagi shahar infratuzilmasi ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan shaxslar uchun maxsus moslashtirilgan bo‘lib, ularning mustaqil harakatlanishini osonlashtiradi.

Tahlillarga ko‘ra, maxsus tovush chiqaruvchi svetoforlarning o‘rnatilishi piyodalar kesib o‘tish yo‘laklarida sodir etiladigan qoidabuzarliklarni Nyu-York shahrida 15 foizga, Tokio shahrida 10-12 foizga, Sidney shahrida 25 foizga, Berlin shahrida 12 foizga kamayishini ta’minlashga xizmat qilgan.

Bu barcha yo‘l harakati ishtirokchilari hisoblanadi

Svetoforlarga bunday qurilmalarning o‘rnatilishi nafaqat nogironligi bo‘lgan shaxslar, balki barcha yo‘l harakati ishtirokchilarining yo‘llarda diqqatini jamlashga, yo‘l harakati qoidalariga e’tiborli bo‘lishlariga xizmat qiladi.

"Umuman olganda, maxsus tovush chiqaruvchi svetoforlar yo‘llarda qoidalarga rioya qilishni yaxshilash va qoidabuzarliklarni kamaytirishda muhim rol o‘ynaydi. Ular harakat ishtirokchilari o‘rtasida o‘zaro hurmat va xavfsizlikni oshirishga xizmat qiladi", – deyiladi partiya taklifida.

Ko‘chalar xavfsiz bo‘lmagani uchun ham nogironligi borlar ko‘chaga chiqolmaydi

Bloger Nurbek Alimov ham o‘z Telegram sahifasida ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlagan holda post qoldirdi.

— Ko‘chaga chiqqanda kamdan kam hollarda nogiron odamlarni ko‘ramiz. O‘zbekistonga endi kelgan kishi buyoqlarda nogiron yo‘g‘akan deb o‘ylaydi. Lekin afsuski, yo‘llarimiz, ko‘chalarimiz xavfsiz bo‘lmagani uchun ham nogironligi borlar ko‘chaga chiqolmaydi, – deya fikr bildirgan bloger. – Men oddiy bir odam sifatida mana shu tashabbusni oqlayman va duo qilaman. Hamma odamga teng sharoit va imkoniyat yaratilsin, hamma erkin va baxtli yashasin deyman.