O‘zbekistonda ota-onalarning 71 foizi farzandlarining maktabdagi ta’lim jarayonidan to‘liq xabardor
O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida “Ijtimoiy fikr” RJFO‘M mutaxassislari tomonidan “Zamonaviy maktab: baholar va istiqbollar” mavzusida jamoatchilik fikri so‘rovi o‘tkazildi. So‘rovnomada ta’lim sifati, darsliklar ta’minoti va maktablardagi sharoitlar masalalari ham ko‘rib chiqildi.
4 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida “Ijtimoiy fikr” RJFO‘M mutaxassislari tomonidan “Zamonaviy maktab: baholar va istiqbollar” mavzusida jamoatchilik fikri so‘rovi o‘tkazildi, unda farzandlari hozirgi paytda maktablarda ta’lim olayotgan o‘zbekistonliklar ishtirok etdilar. Respondentlar orasida mamlakatning barcha mintaqalari aholisi, shaharliklar va qishloqdagilar, turli yoshdagi erkaklar va ayollar, turli ijtimoiy qatlamlar va millatlar vakillari bo‘lishdi.
Ta’lim nufuzi bilan bir qatorda ta’lim xizmatlari sifatiga qo‘yiladigan talablar ham ortmoqda
O‘tkazilgan tadqiqotning tasdiqlashicha, bozor munosabatlariga o‘tish bilan jamoatchilik fikrida ta’lim fuqarolarning o‘zini muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarishi, ijtimoiy harakatchanligi va moddiy farovonligini ta’minlovchi muhim iqtisodiy manba sifatida qabul qilina boshlandi. Jamiyatda ta’lim nufuzining o‘sishi bilan bir qatorda ta’lim xizmatlari sifatiga qo‘yiladigan talablar ham ortib bormoqda.
71,5% ota-onalar o‘z farzandlari o‘qiyotgan maktabda ta’lim jarayoni qanday olib borilayotganidan to‘liq xabardor
Hozirgi vaqtda maktab va oila o‘sib kelayotgan yosh avlodni ijtimoiylashtirishning eng muhim institutlarini ifodalaydi. Maktab ta’limining turli jihatlari va zamonaviy o‘quv dasturlari, darsliklarning sifati, bolalar va o‘smirlarning barkamol shaxsini tarbiyalash va shakllantirish jarayonlari, maktab va oila, o‘qituvchilar va ota-onalar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning samaradorligi, bolalarning maktabdagi hayotiga ota-onalarning jalb etilishi, ularning maktabda ta’lim qanday amalga oshirilayotganligidan xabardorligi bilan bog‘liq masalalar muhim ahamiyatga egadir. O‘quvchilarning ota-onalari o‘quv jarayonining to‘la huquqli ishtirokchilari bo‘lib, ularning maktab faoliyatining turli jihatlari bo‘yicha fikr-mulohazalari va takliflari uning samaradorligi indikatorlaridan biriga aylanishi kerak. Jamoatchilik fikri so‘rovi davomida ishtirokchilarga: “Siz maktab to‘g‘risida va bola yoki bolalarning maktabdagi ta’lim jarayoni haqida batafsil ma’lumotga egamisiz?” degan savol berildi, olingan ma’lumotlarga muvofiq 71,5% fuqarolar o‘z farzandlari o‘qiyotgan maktabda ta’lim jarayoni qanday olib borilayotganidan to‘liq xabardor. 26,2% respondentlar o‘z farzandlarining maktab ta’limi haqida qisman xabardor ekanliklarini aytishdi.
Nima uchun oila va maktab o‘rtasida hamkorlik muhim?
Olingan ma’lumotlar fuqarolarning o‘z farzandlarining maktab hayoti to‘g‘risidagi xabardorlik darajasi juda yuqori ekanligini ko‘rsatdi, ayni paytda qisman xabardorligini ko‘rsatgan respondentlarning foizi maktablarda o‘quv-tarbiyaviy jarayon to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqligini va ulardan foydalanish imkonini oshirishga qaratilgan ishlarni davom ettirish zarurligini ko‘rsatmoqda. O‘z farzandlarining maktabi hayotiga ota-onalarning jalb qilinganlik jarayonlarini rag‘batlantirish chora-tadbirlarini ko‘rish, ota-onalar bilan o‘zaro munosabatlarning yangi shakllari va usullarini izlashda, o‘quv jarayonini maqbullashtirish va o‘quvchilarning yanada yuqori natijalarga erishishlari uchun oila va maktab o‘rtasida hamkorlik va integratsiya o‘rnatishda o‘qituvchilarni yanada faollashtirish kerak.
36,9 % ota-onalar farzandlari o‘qiyotgan maktabning ta’mirlash sifatini “a’lo” deb baholaydi
Maktabdagi ta’mirlash sifati va holati, zarur maktab uskunalari bilan jihozlanganlik, kerakli didaktik materiallar va maktab darsliklari va qo‘llanmalarining mavjudligi, shubhasiz, o‘zlashtirishga va ta’lim darajasiga, shuningdek, o‘quvchilar hayoti va sog‘lig‘ining xavfsizligiga ta’sir qiladi.
So‘rov o‘quv jarayonini tashkil etish shartlari bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarni fuqarolarning umuman ijobiy baholaganliklarini aniqladi. 36,9% fuqarolarning fikricha, ularning farzandlari o‘qiyotgan maktablardagi ta’mirlash sifati “a’lo” deb baholanishi mumkin, 33,7% respondentlar o‘zlarining bolalari qatnaydigan maktabdagi ta’mirlash ishlarini “yaxshi” deb hisobladilar. Maktabni ta’mirlash sifatini “o‘rtacha” deb baholagan respondentlarning ulushi 22,7%ni tashkil qildi.
Farzandlari tahsil oladigan maktab sharoitlarini “a’lo” baholagan respondentlar 43,2 %ni tashkil etadi
Qulay joylashtirilgan mebellar, maktab o‘quvchilarining yoshi va anatomik-fiziologik holatiga mos partalar va o‘rindiqlar, zamonaviy doska, zarur texnik jihozlar o‘quvchilarning yoshi, tibbiy, intellektual va boshqa xususiyatlariga qarab o‘quv jarayonini tashkil etish imkonini beradi. 43,2% so‘ralganlar o‘z farzandlari tahsil olayotgan maktablardagi sinflar a’lo darajada jihozlanganligini qayd etishdi, 31% respondentlar uni “yaxshi” deb baholashdi. 18,4% respondentlarning fikricha, o‘quv xonalari “o‘rtacha” jihozlangan.
Bolalarning zamonaviy darsliklar bilan ta’minlanganlik darajasi qanday baholangan?
So‘rov ishtirokchilari o‘quv jarayonini tashkil etish shartlari bilan bog‘liq boshqa ko‘rsatkichlarga nisbatan zamonaviy darsliklar bilan ta’minlanganlikni yuqoriroq baholadilar. Hozirgi kunda bolalari maktabda o‘qiyotgan so‘ralganlarning yarmidan ko‘pi (57 bolalarning zamonaviy darsliklar bilan ta’minlanganlik darajasini "a’lo" deb baholashdi. Darsliklar bilan ta’minlanganlik darajasini "yaxshi" deb baholagan respondentlarning ulushi 27,9%ni tashkil qildi. Zamonaviy darsliklar bilan ta’minlanganlik darajasini salbiy baholagan fuqarolarning foizi kamchilikni tashkil qildi, respondentlar asosan ba’zi fanlar bo‘yicha darsliklarning yetishmasligini ta’kidladilar, bu esa o‘qitilayotgan fanning sifatiga va ular bo‘yicha o‘quvchilarning bilim darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.



