$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

So‘rovnoma: Soliq tizimidagi muammolar tadbirkorlik rivojlanishiga asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda

tadbirkorlik

Biznes muhiti Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan tadbirkorlar o‘rtasida avgust oyi uchun o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, umumiy holatda biznes muhitining yaxshilanishi qayd etildi.

1000 dan ortiq tadbirkor fikriga asoslangan

Shunday bo‘lsa-da, tadbirkorlar hali ham bir qator qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. 2024-yil avgust oyida o‘tkazilgan so‘rovnomada mingdan ortiq tadbirkorlar ishtirok etgan bo‘lib, bu o‘z navbatida so‘rovnomaning yuqori darajadagi reprezentativligini ta’minlaydi va iqtisodiyotning hozirgi holati to‘g‘risida asosiy xulosalar chiqarishga imkon beradi.

Tadbirkorlarning 41 foizi iqtisodiy holatni ijobiy baholaydi

Avgust so‘rovi natijalariga ko‘ra, biznes muhiti indeksi o‘tgan oyga nisbatan 6 bandga yaxshilanib, 53 bandni tashkil etdi. Joriy iqtisodiy holatni “yaxshi” deb baholagan respondentlarning ulushi o‘tgan oyga nisbatan 4 foiz bandga (f.b.) oshib, 41 foizga yetdi.

Tadbirkorlarning 39 foizi so‘nggi uch oy ichida o‘z mahsulotlariga/xizmatlariga talab oshganini, bu iyul oyiga nisbatan 4 f.b.ga yuqori ekanligini ta’kidladi. Shu bilan birga, 29 foiz tadbirkorlar kelgusi 3 oyda narxlarning oshishini kutayotganligini bildirgan, bu o‘tgan oy darajasidan 9 f.b.ga yuqori. Shu bilan birga, narxlarning tushishini kutayotgan tadbirkorlarning ulushi 8%da o‘zgarishsiz qoldi.

Biznesning joriy holati sezilarli darajada yaxshilandi

Avgust oyida barcha iqtisodiyot tarmoqlarida biznes muhiti indeksining yaxshilanishi kuzatilgan. Xususan, qishloq xo‘jaligida biznes muhiti 10 bandga oshib va 56 bandni; sanoatda 7 bandga o‘sib, 50 bandni; qurilishda 11 bandga o‘sib, 56 bandni tashkil etgan bo‘lsa, eng kichik o‘sish xizmatlar sohasida kuzatilib, 1 bandga oshib, 52 bandni qayd etgan.

Biznes muhitining joriy holati indeksi o‘tgan oyga nisbatan 9 bandga o‘sib, 39 bandni tashkil etgan. Qishloq xo‘jaligi 12 bandga o‘sib, 47 bandni; sanoat 18 bandga o‘sib, 38 bandni va qurilish esa 17 bandga sezilarli tarzda o‘sib, 45 bandga yetgan. Xizmat ko‘rsatish sohasida biznesning joriy holat ko‘rsatkichi 2 bandga o‘sib, 36 bandga yetgan.

Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, sanoat va qurilish sohalarining ko‘rsatkichlarida sezilarli yaxshilanishlar ishlab chiqarish faolligi va talabning ortib borayotganidan dalolat beradi.

Sanoatda kutilmalar pasayishi xavotirga sabab bo‘ladimi?

Biznes muhitining istiqboldagi kutilmalari 1 bandga o‘sib, 67 bandni tashkil etdi. Qishloq xo‘jaligida indeks 8 bandga o‘sib, 67 bandni, qurilishda – 5 bandga o‘sib, 67 bandni qayd etgan bo‘lsa, sanoatda keyingi 3 oyda rivojlanish istiqbollari bo‘yicha kutilmalar 6 bandga tushib, 63 bandni tashkil etgan va xizmatlar sohasida tadbirkorlarning kutilmalari indeksi 69 bandda o‘zgarishsiz qolgan.

Qishloq xo‘jaligi va qurilishda kayfiyatning yaxshilangani tadbirkorlarning ushbu sohalarga ijobiy munosabati va ishonchidan dalolat beradi. Biroq sanoatning pasayishi muammolarni yoki noaniqlikni ko‘rsatishi mumkin.

Tadqiqot davomida aniqlangan muammolar

Tadqiqot davomida tadbirkorlar tez-tez duch keladigan eng dolzarb muammolar aniqlandi. Xususan, moliyalashtirish muammolarini qayd etgan tadbirkorlar ulushi mos ravishda 3 foizga va yuqori soliq stavkalarini qayd etganlar 2 foizga kamaydi.

Shu bilan birga, soliq ma’murchiligidagi murakkablikni tadbirkorlikni rivojlantirishdagi asosiy to‘siq sifatida ko‘ruvchilar ulushi o‘zgarishsiz, 5 foiz darajasida saqlanib qolgan.

Shuningdek, moliyalashtirishni biznes rivojidagi asosiy to‘siq deb biluvchi tadbirkorlar ulushining kamayishi kuzatilmoqda. Ushbu ko‘rsatkich yanvar oyidagi 17 foizdan avgust oyida 10 foizgacha kamaygan.

Biznes muammolarining sohalar kesimidagi tahlili

Yuqori soliq stavkalari hali ham dolzarb bo‘lsa-da, sanoatda moliyalashtirish va elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolarning pasayishi kuzatilgan.

Qishloq xo‘jaligida boshqa muammolar kamayganiga qaramay, yer uchastkalari va litsenziyalar bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotgan tadbirkorlarning ulushi oshgan.

Qurilishda elektr ta’minoti va yuqori soliq stavkalari bilan bog‘liq muammolar ko‘paygan.

Xizmatlar sohasida moliyalashtirish, yer uchastkalari, past talab va elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar kamayganligi aniqlangan.

Теги :
Jamiyat