So‘rovnoma: o‘zbekistonliklarning 74 foizi mamlakatdagi islohot va o‘zgarishlardan mamnun
“Ijtimoiy fikr” markazi Mustaqillik kunini nishonlashga bag‘ishlangan jamoatchilik fikri so‘rovini o‘tkazdi.
3 daqiqa o‘qiladi

“Ijtimoiy fikr” markazi Mustaqillik kunini nishonlashga bag‘ishlangan jamoatchilik fikri so‘rovini o‘tkazdi.
So‘rovnomaning maqsadi
So‘rovnoma maqsadi - o‘zbekistonliklarning Mustaqillik kuniga bo‘lgan munosabatini va ular ushbu davlat bayramiga qanday mazmun berishini aniqlash. So‘rov natijalarining tahlili shuni ko‘rsatdiki, jamoatchilik ongiga O‘zbekiston davlat va jamiyat hayotining ko‘plab sohalarida yuksak natijalarga erishdi, degan fikr singib ketgan.
O‘zbekistonliklar mustaqillik haqida nima deydi?
Aksariyat o‘zbekistonliklar (77,9 foiz) mamlakatimiz butun Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni saqlash borasida salmoqli yutuqlarga erishmoqda, degan fikrni bildirgan. Respondentlar ijobiy o‘zgarishlarni iqtisodiyot o‘sishining barqaror yuqori sur’atlari, kichik va o‘rta biznes, tadbirkorlik, fermerlikni rivojlantirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarning qabul qilinganligi, yangi ish o‘rinlarining yaratilganligi va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning rag‘batlantirilayotgani bilan bog‘lagan.
O‘zbekistonliklar islohotlardan mamnun
74,7 foiz o‘zbekistonliklar bugungi o‘zgarishlarni, o‘z kasbiy va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, farovonligini oshirish, tobora xilma-xil ehtiyojlarni qondirish uchun ochilayotgan yangi imkoniyatlarni o‘zida his qilayotganini aytgan. 74,2 foiz fuqarolarning fikriga ko‘ra, mamlakatimiz ommaviy sport, jismoniy tarbiya va olimpiya harakatini rivojlantirishda sezilarli natijalarga erishgan. So‘rov davomida 71,7 foiz fuqarolar ta’lim sohasidagi ijobiy o‘zgarishlarni qayd etishdi, ularning fikricha, so‘nggi vaqtda ta’lim muassasalari ishida, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarni zamonaviy talablar asosida takomillashtirishda, o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida maqbullashtirishda, bolalar bog‘chalari, maktablar, kollejlar va litseylar, institutlar va universitetlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda ijobiy natijalarga erishildi.
Transportdan texnoparkkacha
Respondentlarning mintaqada yaratilayotgan xalqaro transport koridorlari va xalqaro transport infratuzilmasi mamlakatimizning xalqaro bozorlarga chiqishiga imkon beradigan muhim yo‘nalish ekanligiga ishonchi komil. 63,9 foiz fuqarolar shunday fikrda, deyiladi markaz ma’lumotida.
60,5 foiz respondentlar sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, tibbiy xizmatlarning sifatini va ulardan foydalanish imkoniyatini oshirish, yuqori malakali shifokorlar, o‘rta va kichik tibbiyot xodimlarini tayyorlashda erishilgan yutuqlarni qayd etgan. 54,7 foiz respondentlar fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya ishlarini rag‘batlantirish, ilmiy yutuqlarni amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, zamonaviy yuqori texnologiyalar markazlari va texnoparklarni qurish sohasidagi ijobiy o‘zgarishlarni qayd etgan.
Ijtimoiy himoya va sug‘urta borasidagi takliflar
48,4 foiz respondent fikricha, mamlakatda o‘tkazilayotgan islohotlar “maqbul”, 38,3 foizi esa islohotlar “juda tez sur’atlar” bilan amalga oshirilmoqda deb hisoblaydi. So‘rov davomida respondentlar aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, nafaqalar miqdorini oshirish va ijtimoiy muammolarni mustaqil hal qilish imkoniga ega bo‘lmagan va davlat ko‘magiga muhtoj bo‘lgan aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish choralarini ta’kidlagan. Shu bilan birga, so‘rov ishtirokchilari ijtimoiy yordamning xayriya shakllarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, sog‘liqni saqlash tizimida sug‘urtani rivojlantirish zarurligini aytgan.



