Trampga yana bir suiqasd: Nimalar ma’lum?
Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp golf o‘ynayotgan vaqtda suiqasd uyushtirildi. Bunga Jo Bayden va Harrisning munosabati qanday?
3 daqiqa o‘qiladi

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp golf o‘ynayotgan vaqtda klub yaqinida otishmalar ovozi eshitildi. Tramp otishmadan bir necha yuz metr narida bo‘lgan va xavfsiz edi. Federal qidiruv byurosi voqea “ko‘rinishidan suiqasd bo‘lganga o‘xshaydi” dedi.
Xavfsizlik xizmati xodimlari qurollangan shaxsga o‘q uzishgan
Voqeadan to‘rt soat o‘tib bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida FQB, Maxfiy xizmat va mahalliy politsiya vakillari golf klubi yaqinida mashinada qochishga uringan erkak qo‘lga olingani, butalar orasida tashlab ketilgan “Kalashnikov” rusumli avtomat topilganini ma’lum qildi.
Prezidentlar va sobiq prezidentlarni himoya qiluvchi Maxfiy xizmat vakilining so‘zlariga ko‘ra, ularning xodimi butalar orasidagi qurollangan shaxsga qarata o‘t ochishgan.
Guvoh shundan so‘ng erkakning butalar orasidan qora Nissan tomon yugurib chiqib, mashinaga o‘tirib haydab ketganini ko‘rgan.
Politsiya erkakni qo‘shni tumandagi katta yo‘lda qo‘lga oldi. Mahalliy politsiya sherifiga ko‘ra, maxfiy xizmat xodimlarining o‘qlari unga tegmagan.
Butazorlardan ular AK-47 rusumli avtomat, ikkita ryukzak va videokamera topishgan.
Gumonlanuvchining shaxsi ma’lum
Matbuot anjumani ishtirokchilari Tramp xavfsiz ekanligiga ishontirishdi. U golf o‘ynaganida, qo‘riqchilar doimo atrofni qo‘riqlab turishadi. Bu holatda, sobiq prezident otishma joyidan bir necha yuz metr uzoqlikda bo‘lgan.
Amerikaning bir qancha yetakchi nashrlari huquq-tartibot idoralari vakillariga tayanib, hibsga olingan shaxsning ismi Rayan Uesli Rout ekani, u 58 yoshda va Gavayida istiqomat qilgani haqida xabar bermoqda.
Erkak hibsga olingan Florida shtatining Martin okrugi sherifi Uilyam Snayder jurnalistlarga uning ismini aytmagan holda hibsga olish vaqtida o‘zini xotirjam tutganini, tashqi ko‘rinishida deyarli hech qanday his-tuyg‘ularsiz ekanini aytdi.
U Ukrainani qo‘llab-quvvatlagan
BBC Fact Check Service Rayan Rout ismli shaxsning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarini va mahbusning suratiga o‘xshash fotosuratlarni o‘rganib chiqib, u, xususan, Rossiya bilan urushda Ukrainani astoydil qo‘llab-quvvatlaganini aniqladi.
Uning Facebook’dagi ba’zi postlari (hozir uning sahifasi yopilgan) va bitta video intervyuda aniq bo‘lishicha, u Rossiya bilan urushga chet ellik ko‘ngillilarni yollaga urinib ko‘rgan va Kiyevga safar qilgan.
Donald Trampning Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish borasidagi pozitsiyasi gumonlanuvchining ehtimoliy g‘azabiga sabab bo‘lgan bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Suiqasdga Jo Baydenning munosabati
Prezident Jo Bayden sobiq prezident Donald Trampga suiqasd uyushtirilganidan keyin Maxfiy xizmat va huquq-tartibot idoralari ishini yuqori baholab, Trampning hech qanday zarar ko‘rmaganini eshitib, “ko‘ngli xotirjamligi”ni aytdi.
“Menga jamoam tomonidan federal huquq-tartibot idoralari bugun sobiq prezident Trampga suiqasd uyushtirish ehtimoli borligini tekshirayotgani haqida ma’lumot olishdi. Gumonlanuvchi hibsda va men Maxfiy xizmat va ularning huquq-tartibot idoralaridagi hamkorlarini hushyorligi hamda sobiq prezident va uning atrofidagilarning xavfsizligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari uchun maqtayman. Sobiq prezidentning sog‘-omon ekanligidan xotirjamman”, — deb yozgan Bayden bayonotida.
U, shuningdek, siyosiy zo‘ravonlik yoki “har qanday zo‘ravonlik” ni qoraladi va o‘z jamoasiga Maxfiy xizmat sobiq prezidentni himoya qilish uchun zarur bo‘lgan barcha resurslarga ega bo‘lishini ta'minlashni buyurganini aytdi.
Harris siyosiy zo‘ravonlikdan xavotirda
Vitse-prezident Kamala Xarris yakshanba kuni sobiq prezident Donald Trampga uyushtirilgan suiqasddan so‘ng “bezovta” ekanini va “siyosiy zo‘ravonlik”ni qoralaganini aytdi.
“Bugungi kunda sobiq prezident Trampga suiqasd uyushtirish ehtimoli meni qattiq bezovta qilmoqda. Men aniq aytaman men siyosiy zo‘ravonlikni qoralayman. Biz hammamiz bu hodisa ko‘proq zo‘ravonlikka olib kelmasligi uchun o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak”, – dedi Xarris yakshanba kuni kechqurun Oq uy tomonidan e’lon qilingan bayonotda.
– Sobiq prezident Tramp xavfsiz ekanligidan minnatdorman. AQSh Maxfiy xizmati va huquq-tartibot idoralari hamkorlarini hushyorligi uchun maqtovga loyiq, – dedi Harris. – Prezident Bayden aytganidek, bizning ma’muriyatimiz Maxfiy xizmat o‘zining muhim missiyasini bajarish uchun zarur bo‘lgan barcha resurs, qobiliyat va himoya choralariga ega bo‘lishini ta’minlaydi.



