$
 12729.48
-20.27
 14156.45
14.43
 139.72
-0.53
weather
+26
Кечаси   +14°

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

pul money dengi

Inflyatsiyani yil yakunida prognoz ko‘rsatkichlariga qadar va o‘rta muddatli davrda 5 foizlik target darajasigacha pasaytirish maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Asosiy stavka nima?

Markaziy bank asosiy stavkasi – inflyatsion targetlash rejimi doirasida pul-kredit siyosatini yuritishning asosiy instrumenti bo‘lib, Markaziy bankning tijorat banklari bilan amalga oshiradigan pul-kredit operatsiyalari bo‘yicha mo‘ljal foiz stavkasi hisoblanadi. Ushbu stavkani o‘zgartirish orqali Markaziy bank iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan pul-kredit sharoitlarini belgilab boradi.

Asosiy stavkaning vazifasi quyidagilardan iborat:

· mamlakatdagi inflatsiyani sekinlashtirish yoki qisman to‘xtatib turish;

· banklarning tadbirkorlar va fuqarolarga beriladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining eng kam darajasini belgilash;

· Markaziy bankning banklarga ularning qisqa muddatli likvidligini qo‘llab-quvvatlash uchun beriladigan qayta moliyalashtirish krediti qiymatini aniqlash.

Asosiy stavka nimaga qarab belgilanadi?

Oddiy qilib tushuntirsak, Markaziy bank belgilangan asosiy stavkadan kelib chiqib, tijorat banklariga kredit beradi. O‘z navbatida tijorat banklari olingan pulga o‘z foizini qo‘shib jismoniy va yuridik shaxslarga kredit yoki qarz ko‘rinishida qayta tarqatadi. Asosiy stavkaning oshishi o‘z navbatida tijorat banklari tomonidan fuqarolarga taqdim qilinadigan kreditlar foizlarining ham oshishiga ta’sir o‘tkazadi.

Asosiy stavka darajasi Markaziy bank boshqaruvi majlislarida pul-kredit siyosati sharoitlari, joriy va kutilayotgan inflyatsiya darajasi hamda makroiqtisodiy holatni inobatga olgan holda belgilanadi. Odatda, agar inflyatsiya darajasi ko‘tarilsa, Markaziy bank ham asosiy stavkani ko‘taradi. Agar inflyatsiya darajasi pasaysa, bunda Markaziy bank asosiy stavkani pasaytiradi.

Asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror

Inflyatsiyani yil yakunida prognoz ko‘rsatkichlariga qadar va o‘rta muddatli davrda 5 foizlik target darajasigacha pasaytirish maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Umumiy inflyatsiya oxirgi 3 oyda sezilarli o‘zgarishsiz saqlanib, avgustda yillik 10,5 foizga teng bo‘ldi. Joriy yilda meva-sabzavotlar narxi pasayishi inflyatsiyaga qariyb 1 foiz bandlik pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatdi. Yil boshidan pasayuvchi tendensiyaga ega bo‘lgan bazaviy inflyatsiya iyun oyidan so‘ng yillik hisobda pasayishdan to‘xtadi.

Yanvar-iyul oylarida iqtisodiyotda yuqori ishlab chiqarish faolligi kuzatilib, yalpi talab va taklif o‘rtasidagi tafovut qisqarib bormoqda. Xususan, sanoat ishlab chiqarish, qurilish ishlari va xizmatlar sohasida real o‘sish sur’atlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yuqori shakllandi.

Ijobiy tendensiyalar

Iqtisodiy faollikdagi ijobiy tendensiyalar savdo va pullik xizmatlar, eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari hajmining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan oshishida ham kuzatildi.

Bank tizimi umumiy likvidligining oshishi hamda asosiy stavkaning iyul oyidagi pasaytirilishi ta’sirida pul bozorida foiz stavkalarining ma’lum darajada pasayishi kuzatildi. Bu davlat qimmatli qog‘ozlari bozoriga ham ta’sir ko‘rsatib, ular bo‘yicha daromadlilik darajasini pasayishida aks etdi.

Kelgusida ham iqtisodiyotdagi yuqori investitsion va iste’mol faolligi yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Davlat budjeti xarajatlari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning faollashuvi investitsion talabni ta’minlasa, xorijdan pul o‘tkazmalari hajmining yuqoriligi aholining real daromadlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, iste’mol talabi dinamikasida namoyon bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, sentyabr-oktyabr oylarida pensiyalar va byudjet tashkilotlarida ish haqlari oshirilishi ham kelgusi choraklarda iste’mol talabini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Iyul hamda avgust oyidagi kutilmalar

Almashuv kursi dinamikasi va oziq-ovqat mahsulotlari narxining barqaror shakllanayotgani aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, iyul oyida kutilmalar 11-12 foizgacha pasaygan bo‘lsa, avgust oyida pensiya va davlat sektorida ish haqilarining kutilayotgan oshishi va yoqilg‘i resurslarining qimmatlashishi ta’sirida 12-13 foizni tashkil qildi.

Tashqi savdo balansining yaxshilanishi va pul o‘tkazmalari hajmining sezilarli oshishi ta’sirida joriy operatsiyalar hisobvarag‘i taqchilligining ham qisqarib borishi kutilmoqda. Bu esa, almashuv kursiga ehtimoliy fundamental bosimlarning kamayishiga va joriy barqaror dinamikaning davom etishiga xizmat qiladi.

Asosiy stavkani o‘zgarishsiz saqlash

Inflyatsiyani yil yakuniga qadar belgilangan prognoz darajasigacha pasaytirish asosiy stavkani o‘zgarishsiz saqlab qolishni taqozo etmoqda.

Pul-kredit sharoitlarining joriy nisbatan qat’iy darajasining saqlab qolinishi ta’sirida iqtisodiyotda shakllanadigan yuqori jamg‘arish faolligi va milliy valyutadagi depozitlar jozibadorligi yalpi talabning muvozanatlashuviga va inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

O‘rta muddatli istiqbolda Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarini ta’minlashda davom etadi. Bunda, iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi hamda inflyatsion omillarning shakllanishidan kelib chiqib qarorlar qabul qilinadi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024-yil 24-oktyabrga belgilangan.

Теги :
Жамият