$
 12109.02
75.74
 14139.70
78.81
 150.31
1.01
weather
+26
Кечаси   +14°

Startap muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun nima qilish kerak?

startap

Bugun startap ochish g‘oyasi ko‘pchilikni qiziqtiradi. Kimdir zo‘r g‘oyaga ishonadi, kimdir kuchli jamoa topishga harakat qiladi, boshqalar esa investor qidirish bilan ovora bo‘ladi. Ammo amalda startapni muvaffaqiyatga olib chiqadigan omillar ko‘pchilik o‘ylaganchalik oddiy emas. Quyidagi maqolada startapni muvaffaqiyatli qiluvchi eng asosiy 5 omil haqida ma’lumotlarni jamladik.

Investor ko‘zi bilan qaralganda startap qanday bo‘lishi kerak?

Biznesni boshlash tadbirkor uchun oson jarayon emas. Bu yo‘lda ko‘tarilishlar ham, tushishlar ham bo‘ladi. Har bir tadbirkor o‘z biznesi rivojlanib, sarmoya jalb qilsa va foyda keltirsa, deb orzu qiladi. Investorlar ham shunday kompaniyalarni izlaydi, ya’ni o‘z pullarini kiritib, keyinchalik undan daromad oladigan bizneslarni. Shu bois tadbirkorlar va investorlarni birlashtiradigan bitta savol bor: startapni muvaffaqiyatli qiladigan narsa aslida nima?

Ko‘pchilik bu muvaffaqiyatning aniq formulasi haqida o‘ylaydi. Bu yaxshi g‘oyami, to‘g‘ri biznes modelimi yoki kuchli jamoami, degan savollar ko‘p beriladi. Aslida esa bu savollarga javob izlash juda muhim. Aynan shu mavzu haqida tajribali investor Kevin Terner o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan.

U Keiretsu Forum doirasida bo‘lib o‘tgan tadbirda nutq so‘zlab, investorlar kompaniyani baholaganda nimalarga e’tibor berishini tushuntirdi. Kevin Ternerning aytishicha, investorlar pul kiritishdan oldin biznesni har tomonlama tekshiradi va faqat ishonch hosil qilgandan keyingina qaror qabul qiladi. Uning fikrlari startap ochishni rejalayotganlar uchun ham, investorlarni tushunishni istaganlar uchun ham juda foydali hisoblanadi.

Qaysi omillar startapni muvaffaqiyatli qiladi?

Bu savolga javob bir necha yil oldin o‘tkazilgan mashhur TED chiqishida berilgan. Amerikalik tadbirkor va Idea Lab asoschisi Bill Gross startaplar ustida tadqiqot olib borib, ularning qaysi biri muvaffaqiyatga erishishini aniqlovchi omillarni o‘rganib chiqqan.

Bill Gross bu savolga o‘z javobini muhimlik darajasiga qarab quyidagicha taqdim etgan:

 • Eng muhimi — to‘g‘ri vaqtni tanlash (42%)

 • Keyingi o‘rinda — jamoa va ishni to‘g‘ri bajarish (32%)

 • So‘ng — g‘oya (28%)

 • Undan keyin — biznes modeli (24%)

 • Eng oxirida esa — moliyalashtirish (14%).

To‘g‘ri vaqtni tanlash (Timing)

Har qanday ishda eng muhim narsalardan biri bu — to‘g‘ri vaqtni tanlashdir. Qanchalik yaxshi g‘oya yoki mahsulot bo‘lmasin, agar u bozorga noto‘g‘ri paytda chiqsa, odamlar uni qabul qilmasligi mumkin. Yangi texnologiyalar ham shunday, ularning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan odamlar bu yangilikka tayyormi yoki yo‘qmi, shunga bog‘liq bo‘ladi.

Bunga yaxshi misol bor. 1990-yillarda Apple shaxsiy raqamli yordamchi qurilma yaratgan edi. Bu qurilma o‘z davrida katta muvaffaqiyat qozona olmadi va kompaniya uni ishlab chiqarishni to‘xtatdi. Sababi mahsulot yomon emasdi, balki odamlar hali bunga tayyor emas edi. Oradan yillar o‘tgach, aynan shu g‘oya asosida yaratilgan boshqa qurilmalar, jumladan iPod va keyingi mahsulotlar katta muvaffaqiyatga erishdi. Bu esa mahsulot yoki g‘oya qanchalik zo‘r bo‘lmasin, uning muvaffaqiyati ko‘p hollarda aynan qaysi vaqtda taqdim etilganiga bog‘liqligini ko‘rsatadi.

Jamoa va ishni bajarish (Team / Execution)

Startap muvaffaqiyatida kuchli jamoaning o‘rni juda katta. G‘oya qanchalik yaxshi bo‘lmasin, agar uni amalga oshira oladigan jamoa bo‘lmasa, ish oldinga siljimaydi. Har bir biznesga bir-birini tushunadigan, kelishib ishlay oladigan va maqsad sari birga harakat qiladigan odamlar kerak bo‘ladi.

Ko‘plab investorlar hatto g‘oyadan ham ko‘ra jamoaga ko‘proq e’tibor beradi. Ayniqsa, ilgari biznesda muvaffaqiyatga erishgan, tajribasi bor jamoalar ularga ishonch uyg‘otadi. Yaxshi jamoa faqat bilimli mutaxassislardan iborat bo‘lib qolmaydi, balki bir-birining fikrini hurmat qiladigan, muammolarni birgalikda hal qiladigan va kompaniya maqsadini oldinga siljitadigan jamoa bo‘lishi kerak. Aynan shunday jamoa g‘oyani real natijaga aylantira oladi.

G‘oya

Startap uchun yaxshi g‘oya albatta muhim, lekin u hamma narsani hal qilib bermaydi. Bill Grossning fikricha, g‘oyaning muvaffaqiyatga ta’siri taxminan uchdan bir qismga yaqin. Ya’ni, zo‘r g‘oya bo‘lsa, uning atrofida kuchli jamoa yig‘ish, sarmoya topish va bozorda e’tibor qozonish osonroq bo‘ladi.

Ammo shuni unutmaslik kerak, faqat g‘oyaning o‘zi bilan katta natijaga erishib bo‘lmaydi. G‘oya to‘g‘ri vaqtda taqdim etilib, uni amalga oshira oladigan jamoa bo‘lsa, shundagina u haqiqiy muvaffaqiyatga olib keladi. Aks holda, eng yaxshi g‘oya ham qog‘ozda qolib ketishi mumkin.

Biznes modeli

Yaxshi biznes modeli tadbirkorlikda juda muhim strategik vosita hisoblanadi. Faqatgina yaxshi g‘oya bo‘lishi yetarli emas, chunki g‘oya qanchalik zo‘r bo‘lmasin, agar uni qanday rivojlantirish va hayotga tatbiq etish aniq bo‘lmasa, u foyda keltirmaydi. Shu sababli biznes modeli g‘oyani real ishlaydigan tizimga aylantiradi.

Yaxshi biznes modeli qaysi yo‘l bilan harakat qilish kerakligini ko‘rsatib beradi. U ishni bosqichma-bosqich rejalashtirishga, oldinga aniq maqsadlar qo‘yishga va qisqa hamda uzoq muddatli rejalarni amalga oshirishga yordam beradi. Aynan shu sababli to‘g‘ri tuzilgan biznes modeli biznesni barqaror va muvaffaqiyatli qilishda katta rol o‘ynaydi.

Moliyalashtirish (Funding)

Kevin Turnerning aytishicha, startap muvaffaqiyatida pul eng muhim omil emas. Bu ko‘pchilik uchun biroz hayratli tuyulishi mumkin, chunki odatda hamma ishni sarmoyadan boshlash kerak, deb o‘ylaydi. Aslida esa, startapga pul kerak bo‘lsa-da, ishning boshidayoq katta moliyalashtirish shart emas.

Avvalo, tadbirkor to‘g‘ri vaqtni tanlashi, aniq reja va strategiya tuzishi, yaxshi g‘oyani shakllantirishi va uni amalga oshira oladigan kuchli jamoani yig‘ishi kerak. Shu omillar bir-biriga mos kelib, ishlay boshlaganda investorlar o‘zlari qiziqa boshlaydi. Agar mahsulot o‘z vaqtida bozorga chiqsa, jamoa kuchli bo‘lsa va ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, sarmoya topish ancha osonlashadi. Aslida, muvaffaqiyatli moliyalashtirish ham aynan shunday poydevor ustida quriladi.

Kevin investitsiyada KISS yondashuvi

Kevin investitsiyada KISS (“oddiy qil, murakkablashtirma”) yondashuviga amal qiladi va u startap muvaffaqiyatini oldindan ko‘rsatib beradigan 4 ta asosiy omilni ajratib ko‘rsatadi.

U startapning muvaffaqiyatini oldindan ko‘rsatib beradigan bir nechta muhim belgilar bor, deb hisoblaydi va aynan shu belgilar asosida kompaniyalarni tanlaydi.

Kevin turli kompaniyalarni chuqur o‘rganadigan jamoalarda ishlagan va shu tajribasi davomida o‘z investitsiya falsafasini shakllantirgan. Uningcha, eng yaxshi investitsiyalar jamiyatga foyda keltiradigan, odamlar hayotini yaxshilashga xizmat qiladigan kompaniyalardir. Shu sababli u faqat pul topish uchun emas, balki real hayotda ijobiy o‘zgarishlar qiladigan bizneslarga sarmoya kiritishni afzal ko‘radi.

Kevin sarmoya kiritgan kompaniyalar misolida, ularni aynan nimasi qiziqtirgani va qaysi jihatlari uni investitsiya qilishga ishontirganini ochiq aytib beradi. Uning fikricha, ishni sodda qilish, maqsadi aniq bo‘lgan va foyda keltiradigan kompaniyalarga e’tibor qaratish — muvaffaqiyatli investitsiyaning eng to‘g‘ri yo‘lidir.

Oisin Biotechnologies — gen terapiya startapi

Oisin Biotechnologies gen terapiya sohasida tez, aniq va ishonchli ishlaydigan kompaniya bo‘lishni maqsad qilgan. Kevin bu kompaniyani chuqur o‘rganish jarayonida gen terapiya murakkab ko‘ringan bo‘lsa-da, aslida to‘g‘ri yondashuv bilan juda sodda va tushunarli bo‘lishini anglab yetgan.

Kompaniyada bilimli va katta tajribaga ega mutaxassislar jamlangan bo‘lib, ular birgalikda oddiy, lekin samarali yechim yaratgan. Hozircha gen terapiyaning kelajagiga jiddiy to‘sqinlik qiladigan muammolar ko‘zga tashlanmayapti. Shu kungacha erishilgan natijalarga qarab, Kevin tibbiyot sohasining kelajagi juda yorqin bo‘lishiga ishonadi.

Oscilla Power — to‘lqin energiyasi startapi

Oscilla Power to‘lqin energiyasi sohasida eng arzon yechimni taklif qilishni maqsad qilgan. Kompaniya bunga murakkab va qimmat texnologiyalar emas, balki oddiy va aqlli yondashuv orqali erishgan. Ular asosan suzuvchi qurilmalar va ularning harakat mexanizmini to‘g‘ri dizayn qilishga e’tibor qaratgan.

Mahsulot narxini tushirish uchun Oscilla Power bozorda tayyor mavjud bo‘lgan oddiy elektron uskunalardan foydalangan. Shu sababli ularning qurilmalarini o‘rnatish va keyinchalik xizmat ko‘rsatish xarajatlari raqobatchilarnikiga qaraganda ancha arzon bo‘lgan. Kevin Turner bu kompaniyani yaqindan o‘rganganini va aynan shu soddalik hamda tejamkorlik uni qiziqtirganini aytadi. Uning fikricha, ba’zan muvaffaqiyat murakkablikda emas, balki ishni to‘g‘ri va sodda qilishda bo‘ladi.

Pattern Computer — tushuntiriladigan sun’iy intellekt startapi

Pattern Computer bilan Kevin Turnerni tekshiruv jamoasidagi tanishlari tanishtirgan. Kompaniyani bir ko‘rishda baholab bo‘lmagan, ayniqsa jamoaning salohiyati va ichki ish uslubini tushunish uchun bir necha oy vaqt ketgan. Kevin shoshilmasdan, odamlar qanday ishlayotganini, fikrlashi va yondashuvini sinchiklab kuzatgan.

Natijada u kompaniyaga sarmoya kiritgan va bu qaror o‘zini oqlagan. Bugun uning dastlabki investitsiyasi qariyb yigirma baravar oshgan. Kevin bu muvaffaqiyatni omadga emas, balki vaqt ajratib, hammasini chuqur o‘rganib chiqqaniga bog‘laydi. Uningcha, investitsiyada eng muhim narsa — shoshmaslik va ishonch hosil qilmaguncha qaror qabul qilmaslikdir.

Investorlar uchun maslahat

Kevin Turnerning aytishicha, yaqin o‘n yil ichida bilim va texnologiyalar juda tez rivojlanadi. Bu jarayon shu qadar tez ketyaptiki, hatto investorlar uchun o‘z sohasi ichidagi texnologiyalarni tushunib borish ham qiyinlashmoqda, boshqa sohalarni aytmasa ham bo‘ladi. Kevin ta’kidlashicha, agar investorlar bu qiyinchilikni yenga olsa, ular turli yangi texnologiyalarni birlashtira oladigan kuchli mutaxassisga aylanishi mumkin.

Uning fikricha, har bir investor o‘ziga xos investitsiya falsafasini shakllantirishi va sarmoya kiritish uchun oldindan mablag‘ yig‘ib borishi kerak. Investor sifatida siz kelajakda muvaffaqiyatli bo‘lishiga ishongan startapni tanlaysiz, so‘ng uni chuqur o‘rganishga yordam beradigan tekshiruv (due diligence) jamoasiga qo‘shilasiz. Aynan shu jarayon sizga to‘g‘ri qaror qabul qilish va oxir-oqibat sarmoya kiritishga ishonch bilan qaror qilish imkonini beradi.

Теги :
Jamiyat