AQShda boshqaruvni yo‘qotgan samolyot halokatga uchradi, barcha yo‘lovchilar halok bo‘ldi
AQShning Florida shtatida 9 kishi bo‘lgan Learjet 60 xususiy samolyoti halokatga uchradi. Ularning barchasi hayotdan ko‘z yumdi.
2 daqiqa o‘qiladi

Havo kemasi treylerlar joylashgan turar-joy majmuasi hududiga qulab tushdi, shundan so‘ng kuchli yong‘in boshlandi. Aviahalokat 1-noyabr kuni Palm-Bich okrugining Grineykrs shahrida sodir bo‘ldi. Samolyot Texas shtatining Ostin shahridan Bagama orollaridagi Nort-Elyutera tomon parvozni amalga oshirayotgan edi.
Pilotlar “Mayday” halokat signalini berishdi
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, parvoz vaqtida havo kemasi keskin o‘ngga burilib, tezlik bilan balandlikni yo‘qota boshlagan. Qulashdan oldin samolyot daraxtga urilib, elektr uzatish tarmoqlarini uzib yuborgan.
Dispetcher bilan muloqot audioyozuviga ko‘ra, ekipaj balandlik yo‘qotilayotgani haqida xabar berib, “Mayday” halokat signalini bergan. Bu hayotga bevosita xavf tug‘ilganda aviatsiyada qo‘llaniladigan xalqaro signal bo‘lib, odatda uni uch marta takrorlashadi.
Yozuv ma’lumotlariga ko‘ra, uchuvchilar samolyot daqiqasiga taxminan 3 ming metr tezlikda pastlayotganini ma’lum qilgan. Keyinchalik ular tushish tezligi daqiqasiga 6 ming metr atrofida oshib ketganini aytishgan. Oxirgi daqiqalarda pilotlardan biri: “Biz halokatga uchraymiz. Vaqtimoz yo‘q”, deb baqirgan.
Samolyot qulaganidan so‘ng 600 ga yaqin kishi evakuatsiya qilindi
Halokat oqibatida qulagan joyda katta o‘ra hosil bo‘lib, havo kemasining bo‘laklari va unga yaqin joylashgan treyler yonib ketdi. Turar-joy uylaridan biri o‘sishni boshlagan olovdan butunlay vayron bo‘ldi.
Hodisadan so‘ng yaqin atrofdagi hududning 600 ga yaqin aholisini evakuatsiya qilishga to‘g‘ri keldi. Krestxeyven bulvari va Shimoliy 10-avenyu oralig‘idagi “Military Trail” yo‘lida harakat vaqtincha to‘xtatildi.
AQSh Milliy transport xavfsizligi kengashi Federal fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi bilan birgalikda fojia sabablarini tergov qilishni boshladi. Samolyot ishlab chiqaruvchisi — Bombardier kompaniyasi ham tergovga har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.



