Endi ish haqini istalgan bank kartasiga olish mumkin
O‘zbekistonda ish haqi, mukofot puli va boshqa to‘lovlarni xodim o‘zi tanlagan bank kartasi yoki elektron hamyoniga o‘tkazish imkonini beruvchi yangi tizim joriy etilmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ish haqi, mukofot puli va boshqa to‘lovlarni xodimning o‘zi tanlagan bank kartasi yoki elektron hamyoniga o‘tkazish tartibi joriy etilmoqda. Yangi mexanizm xodimlarga ish beruvchi xizmat ko‘rsatadigan bank bilan cheklanib qolmasdan, istalgan bank xizmatidan foydalanish imkonini beradi.
Ish haqini olish tartibi o‘zgaradi
Amaldagi tartibga ko‘ra, xodimlar ish haqi tushishi uchun ish beruvchi tashkilot xizmat ko‘rsatadigan bankdan bank kartasi ochishi kerak edi. Yangi tizim bu talabni bekor qiladi.
Endilikda Markaziy bankning Mablag‘larni taqsimlash markazi orqali ish haqi, mukofot puli va boshqa to‘lovlarni xodim tanlagan bank kartasi yoki elektron hamyoniga o‘tkazish mumkin bo‘ladi.
Buning uchun xodim o‘ziga tegishli karta yoki elektron hamyon rekvizitlarini ish beruvchining buxgalteriya bo‘limiga taqdim etishi kifoya. Yangi tizimdan foydalanish uchun alohida ro‘yxatdan o‘tish shart emas. Shuningdek, xodim istalgan vaqtda to‘lovlarni qabul qiladigan karta rekvizitlarini o‘zgartirish huquqiga ega.
Dastlab xususiy sektorda ishga tushiriladi
Tizimning dastlabki versiyasi xususiy sektorda faoliyat yurituvchi tashkilotlar va ularning xodimlari uchun mo‘ljallangan. Keyinchalik foydalanuvchilardan kelib tushadigan takliflar asosida platformaning imkoniyatlari bosqichma-bosqich kengaytiriladi.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, yangi mexanizm banklar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirish, fuqarolarga bank xizmatlarini tanlashda erkinlik berish hamda ish haqi va boshqa to‘lovlarni amalga oshirish jarayonini soddalashtirishga qaratilgan.
Mablag‘larni taqsimlash markazi Prezidentning 2025-yil 27-noyabrdagi PQ–359-son qarori doirasida tashkil etilmoqda.



