$
 12920.48
-7.79
 13436.01
-26.2
 130.17
0.51
weather
+26
Кечаси   +14°

2028-yilga qadar QQS va foyda solig‘i stavkalari oshirilmaydi

soliq

Prezidentning 2024-yil 27-dekabrdagi “Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Unda 2028-yilga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i stavkalari oshirilmasligi belgilandi.

Tikuv-trikotaj va charm sanoati uchun 1% soliq

Shuningdek, 2025-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar tikuv-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik sanoati yo‘nalishlarida ishlab chiqarish faoliyatini yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun foyda solig‘i va o‘zlarining xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalari 1 foiz etib belgilandi.

Farmatsevtika sohasidagi o‘zgarishlar

2025-yil 1-apreldan boshlab daromadidan qat’i nazar, farmatsevtika mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi yoki tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchilar deb e’tirof etiladi.

Qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi 2025-yilda aylanma mablag‘larini to‘ldirishga ajratiladigan kreditlar uchun “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJga uning talabnomasiga asosan 5 yil muddatga 2028-yil 1-yanvardan qaytarish sharti bilan 2 foiz stavkada 100 million AQSH dollari miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.

Paxta ip-kalavasi eksportiga yig‘im joriy etiladi

2025-yil 1-yanvardan O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan olib chiqiladigan har bir kilogramm paxta ip-kalavasi uchun yig‘im uning eksport narxidan 2 foiz miqdorda, biroq 0,05 AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda o‘rnatiladi.

Nol stavka amal qiladigan mahsulotlar roʻyxati

Shuningdek, 2026-yil 1-yanvargacha 36 turdagi oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarga nisbatan bojxona bojlari bo‘yicha nol stavkalar amal qilishi uzaytirildi. Ushbu ro‘yxatga quyidagilar kiritilgan:

- cho‘chqa go‘shti va boshqa go‘sht turlari, shuningdek, cho‘chqa va parranda yog‘i;  

- go‘sht konservalari va boshqa mahsulotlar;  

- konserva baliq va ikra;  

- kefir, yogurt, qatiq, quyultirilgan sut (qo‘shimchalar bilan va ularsiz);  

- pishloqlar va tvorog;  

- tuxum oqi va tuxum sarig‘i (qobig‘idan ajratilgan);  

- piyoz, sarimsoq va boshqa piyozli sabzavotlar;  

- salat barglari va sikoriy;  

- dukkakli ekinlar;  

- sabzavot konservalari;  

- mevalar (xurmo, anjir, ananas, avokado, gartsiniya, guava, mango, olma, nok, behi) va yong‘oqlar;  

- murabbo, jem, meva pyuresi va konservalar;  

- un (bug‘doy va bug‘doy-javdar unidan tashqari);  

- kartoshka bo‘tqasi;  

- boshoqli donlar;  

- non, non mahsulotlari va makaron mahsulotlari;  

- kokos va palma yadrosi yog‘i;  

- kraxmal va inulin;  

- shokolad, qandolat mahsulotlari, melassa;  

- murabbo, jem, meva va yong‘oq pyuresi (pasta);  

- souslar va ziravorlar;  

- tayyor sho‘rva va bulyonlar;  

- butilkaga quyilgan suv va ichimliklar;  

- soch uchun vositalar;  

- dezodorantlar, soqol olish uchun vositalar, atirlar;  

- bolalar kiyimlari;  

- tagcharmi uzunligi 24 sm gacha bo‘lgan oyoq kiyimlar.

Теги :
Jamiyat