O‘zbekistonda iste’molchilar aloqa kompaniyalari sifati va ortiqcha to‘lovlaridan shikoyat qilmoqda
Respublika bo‘ylab iste’molchilar Uzmobile, Ucell, Mobiuz, Beeline va Humans aloqa kompaniyalari sifati hamda ortiqcha to‘lovlaridan shikoyat qilmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

Bunday holatlarda fuqarolarning 8 oy davomidagi 91,5 mln. so‘mga yaqin mablag‘i qayta hisob-kitob qilgan.
Qaysi kompaniyalarda bu holatlar yuz bermoqda?
Qayd etilishicha, bunday holatlar Uzmobile, Ucell, Mobiuz, Beeline va Humans aloqa kompaniyalari bilan sodir bo‘lyapti. Qo‘mita murojaatlarni mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma, tanlangan tarif rejasi va aloqa xizmatlarining shartlariga mosligi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazgan.
Fuqarolar noroziligi va murojaatlari
Samarqand viloyati
Samarqand viloyatida fuqaro 6 mln. 700 ming so‘m pul boshqa bir hisobga o‘tgani va uni qaytarib ololmayotganini bildirgan. Qo‘mita o‘rganishlari natijasida unga mablag‘ Humans aloqa xizmat ko‘rsatish kompaniyasi tomonidan to‘liq qaytarib berilgan.
Nukus
Nukus shahrida istiqomat qiluvchi M.X. Ucell aloqa kompaniyasining ortiqcha pul hisoblanganidan noroziligini bildirgan va pulini qaytarib olishda amaliy yordam so‘ragan. Qo‘mita “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 21-moddasi talablariga muvofiq kompaniya xodimlariga tushuntirish ishlarini olib borgan va iste’molchining ortiqcha hisoblangan 100 ming so‘mga yaqin mablag‘i qaytarilgan.
Xorazm
Xorazm viloyatida fuqaro Sh. Yu. o‘ziga aloqa xizmati ko‘rsatuvchi Mobiuz tomonidan hisob raqamidan pul doimiy ravishda kamayib borayotganidan, kompaniyaning 0890 ishonch telefoniga qilgan murojaati yechim topmayotganidan norozi bo‘lib murojaat qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, undan “Kinofan viktorina” xizmati uchun iyul-avgust oyida 500 va 2000 so‘mdan yigirmaga yaqin marotaba pul yechib olingan. O‘rganish natijasida yechib olingan pul qaytarilgan, raqami qo‘shimcha xizmatlardan o‘chirilgan.
Buxoro viloyati
Buxoro viloyatida fuqaro X.F. Uzmobile tomonidan sifatsiz internet xizmati ko‘rsatilayotgani bo‘yicha murojaat qoldirgan. O‘rganish jarayonida u internetga ulangani, oylik to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘layotgani, biroq aloqa qoniqarli darajada emasligi ma’lum bo‘lgan. Natijada internet nosozliklari bartaraf etilgan.
Surxondaryo viloyati
Surxondaryo viloyatida fuqaro G‘.Ch. farzandining bank plastik kartasiga Beeline kompaniyasining bepul ilovasidan 450 ming so‘m pul mablag‘ini to‘liq o‘tkaza ololmagan. Mobil ilovada qolib ketgan pulni esa qaytarish bo‘yicha kompaniya hech qanday chora ko‘rmagan. O‘rganish natijasida nosozlik tufayli mobil ilovada qolgan mablag‘ qaytarib berilgan.
Qayta hisoblangan mablag‘lar
2024-yilning o‘tgan 8 oyi davomida iste’molchilardan aloqa bo‘yicha 1563 ta ariza va shikoyatlar kelib tushgan bo‘lib, 91,5 mln. so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.



