$
 12957.01
-11.33
 13485.66
-6.6
 132.13
-0.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Sportda din va millat bo'lmaydi: Nodirbek Yakubboyev hind raqibiga hurmat ko‘rsatmagani ortidan tanqidlarga uchradi

Nodirbek Yakubboyev

O‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Yakubboyev hindistonlik raqibasi bilan qo‘l berib salomlashmagani ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Hodisa Tata Steyel Challengers 2025 musobaqasining 4-turida ro‘y bergan. Odatga ko‘ra, shaxmatchilar qo‘l siqib o‘yinni boshlaydi. Ammo o‘zbekistonlik shaxmatchi Vaishaliga qo‘l uzatmadi. Xalqaro sport muxlislari Nodirbekni tarbiyasizlikda ayblashmoqda

Shaxmatchining izohi

Yakubboyev holat bo‘yicha izoh berib, bu uning e’tiqodi bilan bog‘liq ekanligini ta’kidladi:

“Bugun (26-yanvar kuni) men bu haqda Irina Bulmaga aytdim. U bunga rozi bo‘ldi. Ammo o‘yin zaliga kelganimda, hakamlar menga hech bo‘lmaganda ‘Namaste’ qilishim kerakligini aytishdi. Divya va Vaishali bilan o‘yinlarda men ularga bu (e’tiqodim) haqida o‘yindan oldin ayta olmadim va noqulay holat yuzaga keldi,” – dedi shaxmatchi.

Sportda din va millat bo'lmaydi

Mazkur voqea ko‘plab sport ixlosmandlari va jamoatchilik faollari e’tiborini tortdi. Ayrimlar bu holatni raqibga nisbatan hurmatsizlik sifatida baholadi. Xususan, o‘zbekistonlik taniqli bloger Otabek Artikov ushbu vaziyatni keskin tanqid qildi:

“Hindistonlik raqibingizga e’tiqodingiz sababli qo‘l siqishni istamadingiz – mayli, e’tiqodingizni hurmat qilaman. Ammo nega u bilan shaxmat o‘ynadingiz? Agar diniy qarashlaringiz bunga ruxsat bermasa, shaxmatning o‘zi ham shariatda man etilgan bo‘lsa kerak. Nega G‘arb kiyimini kiyib, buddiylar madaniyatidan chiqqan o‘yinni o‘ynayapsiz?”

Bloger, shuningdek, hindistonlik shaxmatchi qizdan o‘zbekistonlik erkaklar nomidan uzr so‘radi.

Muxlislar e’tirozi

Yakubboyevning qo‘l siqishdan bosh tortishi va raqibasining e’tiqodiga ko’ra ham salomlashmagani (“Namaste” usulida) xalqaro sport maydonlarida qabul qilingan odob-axloq me’yorlariga zid deb baholanmoqda. Muxlislar bu masalada quyidagi izohlarni qoldirishdi:

Qo‘l siqmaslik FIDE qoidalariga zidmi?

“Qo‘l siqmaslik FIDE qoidalariga zid emasmi? Bu Tata Steel Challengers turnirining 4-turida Nodirbek Yakubboyev va Vaishali o‘rtasidagi o‘yin edi. Yakubboyev na o‘yin oldida, na keyin raqibga hurmat belgisi sifatida qo‘l siqdi yoki boshqa shaklda e’tibor bildirdi.”

Sportdagi hurmat muammosi:

“Agar toza va chiroyli jinsi kiyib kelish muammo bo‘lsa, raqibga hurmatsizlik qilish ham muammo bo‘lishi kerak. Agar siz raqiblaringizni hurmat qilishga o‘zingizni majbur qilolmasangiz, shaxmat o‘ynashga loyiq emassiz, meningcha.”

Vaishalining munosabati:

“Vaishali bu vaziyatda yetuklik ko‘rsatib, o‘zini vazmin tutdi. U o‘yin qoidalari va odobini buzgan ‘o‘rta asrlar qahramoni’ga e’tibor bermay, unga qarshi munosib harakat bilan javob qaytardi — o‘yinini yutib chiqdi.”

Boshqa bir muxlis FIDE qo‘llanmasida qo‘l siqishni rad etish mumkinligi haqida yozdi: 

“FIDE qo‘llanmasiga ko‘ra, diniy yoki boshqa an’anaviy sabablar bilan qo‘l siqishni rad etish mumkin. Ammo bu boshqalarda umuman yaxshi taassurot qoldirmaydi va bu yomon sportchining belgisi sifatida ko‘riladi. Shaxmat kabi intellektual sportda hurmat va o‘zini tutish qoidalari juda muhim, chunki ular nafaqat o‘yinning, balki sportchining obro‘sini ham belgilaydi.”

Yakubboyevning o‘yin ko‘rsatkichlari

Ushbu bahsda hindistonlik shaxmatchi g‘alaba qozongan. Musobaqada Yakubboyev 4 ochko to‘plab, turnir jadvalida 9-o‘rinni egallab turibdi. U o‘tgan uchrashuvda Irina Bulmaga ustidan g‘alaba qozongan edi.

Теги :
Jamiyat