$
 12786.98
12.0
 13753.68
-160.83
 130.27
0.13
weather
+26
Кечаси   +14°

Bolalikni bo‘lishish: “Sharenting” farzandlar uchun qanchalik xavfli?

Sharenting Cosmopolitan rasmi

Mutaxassislar “sharenting” (sharing parenting - farzand(lar) haqida ortiqcha ma’lumot ulashish), ya’ni ota-onalar o‘z farzandlarining suratlarini internetda tinimsiz joylash amaliyotini bolalar xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi mumkinligi ta’kidlashmoqda.

Bu nega xavfli?

Farzandlaringizning fotosuratlarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishning yana bir xavfi shundaki, kontekstdan tashqari fotosuratlar bolalarga qarshi ishlatilishi mumkin.

Masalan, farzandingiz ulg‘ayganda kelajakda siyosiy lavozimlarni egallashi mumkin bo‘lganda, uning kulgili suratlari kutilmaganda ijtimoiy tarmoqlarda “paydo bo‘lishi” mumkin.

Nega bolalarning fotosuratlarini ijtimoiy tarmoqlarda joylamaslik kerak?

Ekspertlarning fikricha, oilaviy farovonlik va baxtiyorlik aks etgan farzandlaringizning fotosuratlari, jinoyatchilar e’tiborini ham tortishi mumkin;

ota-onalar akkauntida e’lon qilingan suratlar “o‘g‘irlanib”, g‘araz niyatli kimsalar (masalan, pedofillar) uchun mo‘ljallangan ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarga joylanishi mumkin;

farzandingiz haqida qo‘shimcha ilova qilinadigan ma’lumotlar esa firibgarlarga yaxshigina “tuzoq” vazifasini o‘tashi mumkin.

Sharenting nafaqat xavfsizlikka, balki bola psixologiyasi uchun ham salbiy ta’sir qiladi

Qolaversa, agar bola yoshligidanoq boshqalarning e’tiborini jalb qilish uchun doimiy ravishda suratga tushsa, kelajakda u doimo o‘z ehtiyojlari va istaklariga e’tibor berishdan ko‘ra, tashqi tasdiqni, doimiy qo‘llab-quvvatlashni kutishga muhtoj bo‘lishi mumkin. Boshqacha aytganda, doimiy suratga tushish va ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lish uni tashqi ko‘rinishi, boshqalar qanday ko‘radi va baholaydi, degan fikrlarga qaram qilib qo‘yadi. Bu esa bolaning o‘ziga bo‘lgan ishonchini zaiflashtirishi va unga o‘zini tabiiy holatda ifoda etishga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Bola uchun boshqa potensial xatarlari ham mavjud:

 1. Bola shaxsiyati va shaxsiy chegarasiga nisbatan hurmat: Farzandingiz o‘sib ulg‘aygan sari, uning ruxsatisiz fotosuratlarini ulashish uning shaxsiy hududini buzishi hisoblanadi. Bola kattaroq bo‘lgach, o‘zining shaxsiyati va tasviriga egalik qilish huquqiga ega bo‘lishi kerak.

 2. Bolaning raqamli izlari: Internetga joylashtirilgan har bir rasm va ma’lumot bolaning kelajakdagi raqamli izini shakllantiradi. Ulg‘ayganida farzandingiz o‘z hayotini boshqalar oldida qanday ko'rsatish, masalan shaxsiy hayotini sir saqlash yoki ommaga “ochiq” bo'lishi haqida o'zi qaror qabul qilishni xohlashi mumkin, lekin uning bolaligidan ulashib kelingan ma’lumotlar bu imkoniyatni cheklab qo‘yadi.

 3. Internetda ma’lumotlarning o‘chmasligi: Biror surat yoki ma’lumot internetda bir marta paydo bo‘lsa, uni to‘liq o‘chirish amalda imkonsiz bo‘lishi mumkin. Hatto suratlar o‘chirilgan taqdirda ham, ularning nusxalari boshqa saytlar yoki serverlarda qolishi ehtimoli yuqori.

 4. Noqulay va og‘riqli vaziyatlar keltirib chiqarishi: Farzandingizning kichiklikdagi sharmandali yoki kulgili suratlari keyinchalik ularga noqulaylik keltirib chiqarishi mumkin. Bu nafaqat o‘zlariga, balki atrofdagilarga ham e’tiborga tushishi mumkin va bu ularga psixologik noqulaylik yaratishi ehtimoldan holi emas.

 5. Bola rivojlanishiga ta’siri: Farzandining doimiy suratga tushirilishi va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilishi bola ruhiy rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bola ijtimoiy e’tiborga odatlanib, doimo tashqi tasdiqni izlashga o‘rganib qoladi. Bu esa unga o‘zini o‘zi qadrlashni va o‘z his-tuyg‘ulariga e’tibor berishni cheklab qo‘yishi mumkin.

 6. Suratlarni noto‘g‘ri kontekstda ishlatish xavfi: Bola suratlari kontekstdan tashqari joylarda noto‘g‘ri talqin qilinishi yoki boshqa maqsadlarda foydalanilishi mumkin. Masalan, fotosuratlar manipulyatsiya qilinishi yoki montaj qilinib, yomon niyatlarda ishlatilishi mumkin.

7. Onlayn firibgarlik va shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash xavfi: Farzandingiz haqida ortiqcha ma’lumot ulashish firibgarlar uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Jinoyatchilar farzandingiz haqida e’lon qilinayotgan har qanday qo‘shimcha ma’lumotlardan foydalanib, xavfli vaziyatlarni yaratishlari mumkin.

Теги :
Jamiyat