$
 12805.09
-10.04
 13889.68
-8.33
 133.10
-0.1
weather
+26
Кечаси   +14°

Amaki oʻz vasiyligidagi jiyanlariga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etib kelgan

Sexual abuse

Voyaga yetmagan opa-singillarni otaliqqa olgan amaki ustidan shikoyat kelib tushgan. Bolalar Ombudsmani holatni oʻrgangach, zoʻravonga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan. 

Bolalar Ombudsmaniga 2000-yilda tug‘ilgan A.A. (ayol) dan murojaat (https://t.me/Bolalar_ombudsmani/1024) kelib tushgan. 

Murojaatning qisqacha mazmuni

Ayol ota-onasi vafot etganligi, u 18 yoshli I.A. va 12 yashar S.R. ismli singillari uchun eng yaqin qarindosh bo‘lsa-da, qizlar amakisi R.R. ning vasiyligiga berilganligini, amakisi R.R. esa qizlarni Qozog‘iston Respublikasiga o‘z yashash manziliga olib ketganligini ochiqlab, hozirda vasiyning qizlarga uyatsiz buzuq harakatlar sodir etayotganligidan shikoyat qilgan. U o‘z singillariga jinsiy zo‘ravonlik sodir etayotgan amakisiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni, singillarini O‘zbekistonga qaytarish hamda eng yaqin qarindosh ekanligi sababli qizlarga uni qonuniy vakil etib tayinlanishida amaliy yordam so‘ragan. 

Hozirda qizlar xavfdan holi

Bolalar ombudsmanining IIVga va TIV orqali O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsuliga yuborgan so‘rovi asosida idoralarning tizimli va o‘zaro tezkor choralari natijasida joriy yilning 8-iyun kuni I.A. va S.R. lar amakisining uyidan politsiya va vasiylik organi nazoratida olib ketilib, murakkab ijtimoiy vaziyatlarga tushib qolgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash Olmaota shahri adaptatsiya markaziga joylashtirildi. Qizlarga barcha zaruriy ijtimoiy-psixologik ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

Jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan

Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulining tezkor choralari natijasida Qozog‘iston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan A.A. jinoyat prosessual tartibida ushlanib, unga nisbatan Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksi 121-moddasi (Jinsiy xarakterdagi zo‘ravonlik harakatlari) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Kecha, 17-iyun kuni sud tomonidan R.R. ga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Qizlar Oʻzbekistonga qaytariladi

Hozirda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishiga jabrlanuvchi sifatida jalb qilingan voyaga yetmagan I.A. va S.R. larning qonuniy manfaatlarini jinoyat ishi yurituvi davomida himoya qilish maqsadida Oʻzbekiston Bolalar ombudsmani Qozog‘iston Bolalar ombudsmani bilan qizlarga barcha zaruriy himoya choralarini ko‘rsatish yuzasidan muzokara olib borib, qizlarga tegishli ko‘mak ko‘rsatish jarayoni boshlandi. Shuningdek, Bolalar ombudsmani, IIV va TIV tomonidan voyaga yetmagan I.A. va S.R. larni (tergov yakunidan so‘ng) O‘zbekistonga qaytarish choralari ham ko‘rilmoqda.