Taqiqi bor, ammo javobgarligi yo‘q qonun
O‘zbekistonda mansabdorlar tomonidan jurnalistlar faoliyatiga aralashish holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda 19-oktyabr kuni Toshkent shahrida tashkil etilgan tadbirda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) direktori Asadjon Xo‘jayev ma’lum qildi.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda mansabdorlar tomonidan jurnalistlar faoliyatiga aralashish holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda 19-oktyabr kuni Toshkent shahrida tashkil etilgan tadbirda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xo‘jayev ma’lum qildi.
Maxsus qonun loyihasi ishlab chiqilgan
Asadjon Xo‘jayev mamlakatda so‘z erkinligi bilan bog‘liq yutuqlar bilan birga, muammolar ham mavjudligini aytdi. “Ayrim amaldorlar OAVda chiqarilgan tanqidiy materiallarni olib tashlash yoki o‘zgartirishni so‘rab, jurnalist faoliyatiga aralashishga urinmoqda. Biz bunday holatlarni bartaraf etish ustida ishlayapmiz. Qonunchilikda jurnalist faoliyatiga aralashmaslik belgilangan. Lekin bu tartibni buzganlik uchun javobgarlik yo‘q. Hozirda bunday qonunbuzarlik uchun javobgarlikni ta’minlash bo‘yicha maxsus qonun loyihasi ishlab chiqqanmiz. Yangi saylangan parlamentga ushbu hujjatni kiritamiz”, deydi AOKA rahbari.
“Axborot kodeksi”
Asadjon Xo‘jayev “Axborot kodeksi” ishlab chiqilayotgani, hujjat keng qamrovli bo‘lishini ta’kidlagan. “Kodeks o‘zida 8 ta qonunni birlashtiradi. Hujjatda axborot olish, izlash va undan foydalanish, mediamakonni tartibga solish kabi barcha jihatlar qamrab olinadi. Bu tor sohaviy kodeks emas, har bir fuqaroga tegishli bo‘ladi. Kodeksni ishlab chiqishda YUNESKO va YXHT ekspertlari tavsiyalar bermoqda. Hozir hujjatni tayyorlash jarayoni yakuniy bosqichda. Yaqinda kodeksni keng jamoatchilik bilan muhokama qilib, parlamentga kiritish harakatidamiz”, degan agentlik mas’uli. Asadjon Xo‘jayev o‘z chiqishida hujjat ustida ko‘proq ishlanayotgani, uni shoshmasdan qabul qilish zarurligini aytadi.



