$
 12732.56
3.08
 14181.53
25.08
 139.37
-0.35
weather
+26
Кечаси   +14°

JSST: Semizlik bolalarda qanday xavfli kasalliklarni keltirib chiqaradi?

positive

JSST ma'lumotiga koʻra, tashkilotning Yevropa mintaqaviy byurosiga a'zo davlatlarda yashovchi maktab yoshidagi har uch oʻgʻil-qizdan biri ortiqcha vazn yoki semizlikdan aziyat chekmoqda. Bu holat qizlarga nisbatan oʻgʻil bolalar orasida yuqori.

 Xoʻsh, bu qaysi omillar bilan bogʻliq? Qanday xavfli asoratlari bor? Muammoning oldini olish uchun nimalar qilish lozim?

Mutaxassis bu muammoning asosiy sababi notoʻgʻri ovqatlanish, jismoniy faollik yetishmasligi, nosogʻlom turmush tarzi va genetik omillar bilan bogʻliqligini aytdi.

Masalan, hozir bolalar oʻrtasida transyogʻlarga toʻyingan “fast-fud”lar, shirinliklar, yuqori kaloriyali oziq-ovqatlar, gazli va rangli ichimliklar iste'mol qilish ommalashgan. Qolaversa, boʻsh vaqtini televizor, kompyuter qarshisida yoki har xil gadjetlarda oʻtkazadigan oʻgʻil-qizlar safi kengaymoqda.

Bularning bari vazn ortishi va semizlikka olib kelyapti. Shu tufayli ham yangi asrda qator xavfli xastaliklarning tobora yasharishi kuzatilmoqda.

Semizlik bepushtlikni keltirib chiqaradi

Semizlik — qandli diabetning 2-turini rivojlantiruvchi xavf. Agar bu kasallik bolalarda 18 yoshga toʻlgunga qadar paydo boʻlsa, ularning umr koʻrish davomiyligi qisqarishi ehtimoli ortadi.

Ateroskleroz, arterial gipertenziya kabi yurak-qon tomir xastaliklarining erta yoshda paydo boʻlishida ham vazn ortishining ta'siri katta.

Semirib ketish oʻgʻil bolalarda balogʻatga yetishning kechikishiga, qizlarda esa aksincha, tezlashishiga sabab boʻladi. Bu kelajakda bepushtlikni keltirib chiqarishi mumkin.

Keltirib chiqaradigan kasalliklar

Vazn ortishi dastlab surunkali yogʻli jigar distrofiyasi, keyingi bosqichda esa jigar sirrozi kasalligini paydo qilishi ham tibbiyotda oʻz tasdigʻini topgan.

Faol oʻsish davrida bolalarning suyak toʻqimalari hali toʻliq shakllanmagan boʻladi. Ortiqcha vazn ularda boʻgʻim va umurtqa pogʻonasi xastaliklarini yuzaga keltirishi mumkin.

 Oʻz navbatida, semizlik apnoe sindromi (uyqu paytida nafas olishning toʻxtashi), bronxial astma va turli allergik xastaliklarga sabab boʻlishi ham aniqlangan.

 Bu muammoga qarshi qanday kurashish kerak?

 Avvalo, bolalarning ovqatlanish rasioni va rejimini tartibga solish lozim. Qolaversa, ularning kuniga kamida 1 soat jismoniy mashgʻulotlar bilan shugʻullanishi uchun imkoniyat yaratish zarur.

 Oʻz navbatida, oʻgʻil-qizlarning kundalik uyqu rejimiga amal qilishini ta'minlash muhim. Chunki me'yoriy uyqu ishtahani boshqarishga yordam beradi. Qolaversa, farzandlarning kompyuter, smartfon va televizor oldida oʻtkazadigan vaqtini cheklash ular salomatligiga ijobiy ta'sir koʻrsatadi. 

Теги :
Жамият