$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Saylovchilarning muddatidan avval ovoz berish kunlari belgilandi

Saylov

Bugun, 8-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berishlarini tashkil qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar, xorijiy davlatlarning kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

16-23-oktyabr kunlari muddatidan oldin ovoz berish bo‘lib o‘tadi

Majlisda saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar uchun 2024-yil 16-23-oktyabr kunlari muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish to‘g‘risidagi Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilindi.

Muddatidan oldin ovoz berish kunlari saylov uchastkalarida ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan 18:00 ga qadar, dam olish kunlari esa soat 11:00 dan 17:00 ga qadar davom etishi belgilandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish ushbu saylov uchastkalari joylashgan davlatdagi mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan 18:00 ga qadar amalga oshirilishi belgilab berildi.

Nogironligi borlar uchun qaror

Shuningdek, majlisda nogironligi bo‘lgan shaxslarga o‘z saylov huquqlarini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida saylov byulletenlarini to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosidagi trafaret namunasini tasdiqlash, saylov uchastkalarida nogironligi bo‘lgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari, optik lupalar (kattalashtiruvchi oynalar) hamda qo‘shimcha yoritkichlar o‘rnatish hamda saylov uchastkasiga mustaqil ravishda bora olmaydigan saylovchilarning saylov kuni turgan joylarida ovoz berishini tashkil etish masalalari muhokama qilinib, tegishli qaror qabul qilindi.

Xalqaro kuzatuvchilar

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan Turkiy Davlatlar Parlament Assambleyasining 19 nafar, Shanxay hamkorlik tashkiloti, MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Rossiya va Xitoydan 2 nafardan, AQSHning 3 nafar hamda Buyuk Britaniya, Latviya, Litva, Fransiya, Hindiston va Yaponiyaning 1 nafardan vakillari, jami 36 nafar xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Теги :
Jamiyat