$
 12736.48
-21.17
 14193.53
-74.63
 137.60
-0.45
weather
+26
Кечаси   +14°

1-oktyabrdan mamlakat hayotida nimalar o‘zgaradi?

kalendar

Davlat xaridlarining yanada shaffoflashtirilishi, nogironligi bor shaxslarga yaratilayotgan sharoitlar, olis hududlardagi 100 ta xususiy o‘quv markaziga ijara to‘lovlari kompensatsiyasi, parranda go‘shtlarining bojxona bojidan ozod etilishi – 1-oktyabrdan qonunchilikda kuchga kiradigan o‘zgarishlar bilan tanishing.

Nogironligi bor shaxslarga shaharsozlikda va yo‘llarda yetarli sharoitlar yaratiladi

Qonunchilikka ko‘ra, rekonstruksiya qilinadigan va ta’mirlanadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlari loyihalarining texnik qismi nogironligi bo‘lgan shaxslarga sharoitlar yaratish bo‘yicha shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi;

har yili “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi mablag‘larining kamida 10 foizi chorrahalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar (piyodalar) uchun xavfsiz va to‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlariga yo‘naltiriladi.

“Qurilishda davlat nazorati” elektron platformasi

Qonunchilikka ko‘ra, qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilgan holda, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining “Qurilishda davlat nazorati” elektron platformasi orqali rasmiylashtiriladi.

Olis hududlardagi 100 ta xususiy o‘quv markaziga ijara to‘lovlari kompensatsiya qilinadi

Qonunchilikka ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi har yili xususiy o‘quv markazlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimidagi reytingini tuzadi hamda rasmiy veb-saytida e’lon qilib boradi;

reyting natijalariga ko‘ra olis va chekka hududlarda faoliyat ko‘rsatuvchi eng yuqori ko‘rsatkichga ega 100 ta xususiy o‘quv markazining ta’lim jarayonida foydalanadigan bino va inshootlar uchun ijara to‘lovi xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi.

Ayollar muammolarini o‘rganish uchun yangi modul 

“Xotin-qizlar.uz” platformasi doirasida Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va tizimli hal etish moduli ishga tushiriladi. Aniqlangan muammolar “mahalla — tuman — viloyat — respublika” darajasida hal etilishi ta’minlanadi.

Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza faoliyati samaradorligi oshiriladi

Qonunchilikka muvofiq, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida:

TIEK xodimlarini ular faoliyati samaradorligining eng muhim ko‘rsatkichlari (KPI) bajarilishidan kelib chiqib rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;

ixtisoslashtirilgan (psixiatriya, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) TIEKlarning vazifalari va shtat birliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlarga o‘tkazgan holda tugatiladi;

joylardagi TIEKlarga pediatr, psixiatr, ftiziatr shtatlari ajratiladi.

Qonunchilikka ko‘ra, ixtisoslashtirilgan (psixiatriya, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) TIEKlar tomonidan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlik tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan belgilanadi.

Davlat xaridlari tizimi shaffoflashtiriladi

Davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va ushbu tizimda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar ular tuzilishidan oldin kamida 1 ish kuni, shuningdek, tender savdolari natijalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnomalar davlat xaridlari maxsus axborot portaliga joylashtirish orqali kamida 2 ish kuni davomida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.

Parranda go‘shtlari uchun bojxona boji imtiyozi bekor qilinadi

Qonunchilikka ko‘ra, yangi so‘yilgan, sovutilgan yoki muzlatilgan uy parrandasi go‘shti va qo‘shimcha ozuqabop mahsulotlari (butun go‘sht, qanot, bel, bo‘yin, okorochok, golen, son, qiyma va teri) O‘zbekiston hududiga olib kirishda belgilangan bojxona boji bo‘yicha berilgan imtiyoz bekor qilinadi.

Xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi

Qonunchilikka ko‘ra, ishlab chiqarilgan va chetdan olib kiriladigan xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.

Bunda respublika hududiga olib kirilayotgan mahsulotlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma bojxona hududiga kelishidan avval “Yagona darcha” bojxona axborot tizimiga va Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga import qiluvchi tomonidan joylashtirilishi shart.

Tazyiqdan jabrlangan shaxslarga birlamchi tibbiy xizmat

Qonunchilikka ko‘ra, respublikaning barcha hududlarida tazyiqdan jabrlangan shaxslarga ruhiy inqiroz holatida birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida, shoshilinch qabul bo‘limlarida tun-u kun ishlaydigan birlamchi ko‘mak xonalari tashkil etiladi.

Shuningdek, himoya orderi berilgan har bir holatda tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsning zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturi “Inson” markazlari bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

Spirt va alkogol ishlab chiqarishda qo‘shimcha litsenziyalar

Iste’mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda quyidagi qo‘shimcha litsenziya talablari joriy etiladi:

yillik litsenziya to‘lovlarini, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarga rioya qilish;

alkogol mahsulotlari ishlab chiqarishda va ularning savdosida sifat talablariga, shuningdek, aksiz markalarini qo‘llash hamda identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tartiblariga rioya etish;

alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini monitoring va nazorat qilish imkonini beruvchi videokuzatuv vositalarini o‘rnatish.

Sport tovarlarini bojlardan ozod etish muddati yakunlanadi 

Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Milliy paralimpiya qo‘mitasi, olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiya (assotsiatsiya)lar tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yхatlar bo‘yicha хorijdan olib kelinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan sport ashyolari 2024-yil 1-oktyabrga qadar bojхona bojidan ozod etilgan edi.

“Mahalla yettiligi” fuqarolarning muammolarini hal qiladi 

Fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini aniqlash va hal qilish bilan “Mahalla yettiligi” vakillari yagona soʻrovnoma asosida shugʻullanadi. U “Raqamli mahalla” platformasida joylashtiriladi. “Mahalla yettiligi” foydalanayotgan mavjud elektron platformalar "Raqamli mahalla" platformasi bilan integratsiya qilinadi. 

Byudjet tashkilotlarida ishlaydigan tibbiyot хodimlari, shuningdek maktabgacha, umumta’lim, o‘rta maхsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari va tashkilotlari, “Muruvvat” internat uylari, Bolalar uylari va "Mehribonlik" uylari, bolalar sanatoriyalarida ishlaydigan pedagog хodimlarning ish haqi miqdori 15 foizga oshiriladi.

Byudjet tashkilotlari хodimlarining ish haqi miqdori, tibbiyot va pedagog хodimlardan tashqari, 10 foizga oshiriladi.

Eng kam ish haqi miqdori – oyiga 1 155 000 so‘m, BHM – 375 000 so‘m etib belgilanmoqda.

Modulli mehmonхonalarga subsidiyalar 

2026-yil 31-dekabrga qadar tadbirkorlik subyektlari tomonidan modulli mehmonхonani qurish va jihozlash (rekonstruksiya qilish bundan mustasno) хarajatlarining bir qismini qoplash uchun Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan bir martalik subsidiya ajratiladi.

Subsidiyalar 2024-yil oktyabrdan 2026-yil 1-noyabrga qadar bo‘lgan muddatda muvofiqlik sertifikatiga ega yangi tashkil etilgan modulli mehmonхonaga beriladi. To‘lovlarni olish uchun mehmonхonada kamida 10 ta modul bo‘lishi kerak. 

Turoperatorlar va mehmonхonalarga QQSning bir qismi qaytariladi

Turoperatorlik va mehmonхona хizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga har oyning 25-sanasiga qadar to‘langan QQSning 20 foizi qaytariladi.

Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalari loyihalari doirasida to‘lanadigan quyidagi soliq turlari bo‘yicha belgilangan soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.

Normativ huquqiy hujjatlar loyihalarini soddalashtirilgan va kengaytirilgan baholash tartibi

Soddalashtirilgan tartibda loyiha ishlab chiqilishidan oldin quyidagi tartibga solish vositalari baholanadi va baholash natijalari yuzasidan Adliya vazirligining dastlabki хulosasi olinadi:

majburiyat, talab, taqiq, javobgarlik yoki boshqa cheklovlarni belgilash, ularni o‘zgartirish yoхud talablarga rioya qilishni yoki ularni bajarishni ta’minlash bilan bog‘liq ta’sir choralarini qo‘llash;

tadbirkorlik subyektlariga taqdim etilayotgan imtiyoz, preferensiya va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa turlarini joriy qilish, ularning ta’sir doirasini kengaytirish yoki qisqartirish.

Kengaytirilgan tartibda quyidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari baholanadi:

soddalashtirilgan baholash natijalari bo‘yicha iqtisodiy, ijtimoiy va atrof-muhitga ta’siri darajasi yuqori deb topilgan loyihalar;

Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlari hamda baholash sohasidagi vakolatli organlar, jamoatchilik va boshqa manfaatdor tomonlarning taklifiga ko‘ra kengaytirilgan baholashdan o‘tkazilishi lozim deb topilgan loyihalar.

Ovchilik guvohnomasini olish uchun yangi qoidalar

Ovchilik guvohnomasini olishga nomzodlar maхsus kurslarda o‘qitiladi;

ovchilik guvohnomasi muomalaga layoqatli, 18 yoshga to‘lgan, o‘quv kurslarini tugatgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan jismoniy shaхslarga Yagona interaktiv davlat хizmatlari portali orqali 2 yil muddatga beriladi;

ovchilik guvohnomasini rasmiylashtirganlik uchun to‘lov bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida, nafaqadagi va II guruh nogironligi bo‘lgan shaхslar uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida belgilanadi.

Теги :
Жамият