Endilikda tashkilotlarning sanitariya me’yorlariga muvofiqligini onlayn tarzda tekshirish mumkin
my.gov.uz portaliga kiritilgan mazkur xizmat umumiy ovqatlanish joylari, tibbiyot muassasalari va maishiy xizmat ko‘rsatish sohasi kabi obyektlarning gigiyena talablariga qay darajada javob berishini aniqlash va xavfsiz joylarni tanlashda yordam beradi.
1 daqiqa o‘qiladi

Endilikda my.gov.uz portali orqali tashkilot yoki tadbirkorlik subyektlarining sanitariya-epidemiologiya xavfsizligiga rioya qilishini onlayn tarzda tekshirish imkoniyati mavjud.
Bu sizga nima beradi?
Buning uchun foydalanuvchidan tashkilotning STIR raqamini kiritish talab qilinadi. Ushbu imkoniyat orqali umumiy ovqatlanish joylari (restoran, kafe, oshxona va boshqalar), tibbiyot muassasalari (shifoxona, klinika, dorixona va boshqalar), shuningdek, maishiy xizmat ko‘rsatish sohalari (sartaroshxona, go‘zallik saloni va hokazo) sanitariya me’yorlariga qay darajada rioya qilayotganini bilib olish mumkin. Bu esa fuqarolarning salomatligi yo‘lida xavfsiz xizmatlardan foydalanish uchun sharoit yaratadi.
Natijalar quyidagi tarzda ko‘rsatiladi:
• Qizil — obyekt sanitariya me’yorlariga javob bermaydi va xavfsiz emas.
• Sariq — obyekt sanitariya me’yorlariga to‘liq javob bermaydi, ammo xavfsiz.
• Yashil — obyekt sanitariya me’yorlariga to‘liq javob beradi va xavfsiz hisoblanadi.
Xizmatdan foydalanish tartibi:
• my.gov.uz portaliga kirasiz.
• “Tashkilotlar va tadbirkorlik subyektlarining sanitariya-epidemiologiya xavfsizligi shartlariga muvofiqligini tekshirish” xizmatini topasiz.
• Tashkilotning STIR raqamini kiritasiz.
• Natijalarni kuzatib, xavfsiz joylarni tanlaysiz.



