$
 12584.05
12.15
 13535.40
69.64
 143.80
-0.03
weather
+26
Кечаси   +14°

Anormal faollashuv: Rus mediasida o‘zbekistonliklar aralashgan jinoyatlar ko‘payib bormoqda

r 7 1

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali Rossiya Federatsiyasi hududida bir qator O‘zbekiston fuqarolarining rossiyaliklarga nisbatan jinsiy hamda jismoniy zo‘ravonliklar sodir etayotganligi haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Uz24.uz nashri so‘nggi 2 oy ichida sodir bo‘lgan shu kabi holatlarni eslab o‘tdi.

Pichoqbozlik: Rossiyada o‘zbekistonlik mast erkak odam o‘ldirdi

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olinib, unga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda sudga ayblanuvchini hibsga olish uchun ariza tayyorlamoqda. Tergovchilar o‘zbekistonlik erkak Rossiyada bo‘lishining qonuniyligi ham tekshiriladi.

Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, 30-iyun kuni Tuxachevskiy ko‘chasidagi turar joy binosi yonida mahalliy aholi va migrantlar o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Konflikt chog‘ida o‘zbekistonlik erkak mahalliy aholidan birining bo‘yniga pichoq sanchgan. Oqibatda jabrlanuvchi olgan jarohatidan voqea joyida halok bo‘lgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston fuqarosi marhumning do‘stini ham yaralagan. Unga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Jabrlanuvchi allaqachon so‘roq qilingan.

Holat yuzasidan ikki kishini o‘ldirish va suiqasdga urinish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Jinoyat sodir etishda qatnashmagan ikkinchi O‘zbekiston fuqarosi bilan tergov harakatlari olib borilgan. Uning Rossiyada qolishi uchun qonuniy asoslari yo‘qligi sababli uni mamlakatdan chiqarib yuborish kutilmoqda. Hozir u vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirilgan.

Readovka nashrining yozishicha, mast muhojirlar ko‘chada musiqa tinglab baland ovozda shovqin ko‘targan. Ikki mahalliy aholi ularga tanbeh bergan. Bu esa o‘zbekitonliklarga yoqmagan, oqibatda ulardan biri mahalliy fuqaroga pichoq bilan hujum qilgan.

12 yoshli bolani bo‘g‘ib o‘ldirmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik

Rossiyada ro‘yxatdan o‘tmagan 25 yoshli O‘zbekiston fuqarosi 24-iyun kuni Dobrovolsev ko‘chasidagi sport maydonchasida 12 yoshli bolaning tomog‘idan bir necha bor ushlab, uni bo‘g‘ishga harakat qilgan va jinoyat sodir etganlikda gumonlanib qo‘lga olingan. Uchinchi shaxslarning aralashuvi tufayli bola omon qolgan.

Shuningdek, voqea guvohlarining politsiya xodimlariga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, o‘yin vaqtida futbol maydonida migrant va o‘smir o‘rtasida mojaro kelib chiqqan. 

Sankt-Peterburgda o‘zbekistonlik erkak IIV idorasini portlatish bilan tahdid qildi

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘zbekistonlik erkak Ichki ishlar vazirligining patent berish bo‘limini portlatish bilan tahdid qildi.

Qayd etilishicha, politsiyaga 3-iyun kuni Moiseyenko ko‘chasida joylashgan idorani portlatish bo‘yicha xabar kelib tushgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari IIV binosi atrofidagi hududni ko‘zdan kechirib, xavfli hech narsa topmagan. Shu sababli evakuatsiya ham amalga oshmagan. Binoni portlatish haqida yolg‘on ma’lumot tarqatgan shaxs 35 yoshli ishsiz O‘zbekiston fuqarosi ekani ma’lum bo‘lgan.

Holat yuzasidan 2-may kuni Rossiyaga ishlash maqsadida kelgan migrant qo‘lga olingan. Unga nisbatan terrorchilik akti haqida yolg‘on xabar berish moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Qizlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik

Rossiyada 5 nafar o‘zbekiston fuqarolari 15 yoshli qizga tajovuz qilishdi

Rossiya Federativ Respublikasining Chitada shahridagi Aeroport qishlog‘ida 5 nafar o‘zbekistonlik 15 yoshli mahalliy fuqaroga tajovuz qildi.

Qayd etilishicha, jabrlanuvchi futbol bo‘limidan uyiga qaytayotgan edi. O‘zbekistonliklar maktab o‘quvchisining iziga tushib, unga hujum qilgan va zo‘rlagan. Ikki gumonlanuvchi jinoyat sodir etilganidan bir necha soat o‘tib Chita shahrida qo‘lga olingan, qolganlari Buryatiya chegara punktida ushlangan.

“Ma’lumki, erkaklarning eng kattasi taxminan 53 yoshda, eng kichigi esa 22 yoshda. Hibsga olinganlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari”, - deyiladi xabar matnida.

Yekaterinburgda sobiq sevgilisining qizini zo‘rlagan o‘zbekistonlik

Shu yilning 2-may kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida o‘zbekistonlik migrant o‘zining sobiq sevgilisining uyiga ruxsatsiz bostirib borgan. Bu paytda sobiq sevgilisining 22 yoshli qizi uyda yolg‘iz uxlayotgan bo‘lgan. Shundan so‘ng erkak qizning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab uni zo‘rlagan.

Ayblanuvchi ovqatlanayotgan paytda jabrlanuvchi qiz qochishga muvaffaq bo‘lgan va politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan.

“Ammo otryad yetib kelgan paytda erkak voqea joyini tark etgan edi. Qidiruv ishlari davomida gumonlanuvchi vokzalda qo‘lga olingan. O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan Rossiya tomonidan Jinoyat kodeksining “zo‘rlash” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi”,  — deyiladi xabarda.

Vladivostokda to‘rt o‘zbek yigiti yosh qizni zo‘rlanishi voqeasi

Vladivostokda (Rossiya) 21 yoshli qizni guruh bo‘lib zo‘rlashda gumon qilingan to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi.

Aniqlik kiritilishicha, gumonlanuvchilar Shamora plyaji hududidagi kafe xodimiga hujum qilgan. Qizni pichoq bilan qo‘rqitib, shahvoniy xarakterdagi zo‘ravonlik harakatlarini sodir etishgan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari besh nafar gumonlanuvchini qo‘lga oldi. Ulardan birining shaxsiga aniqlik kiritilmagan.

12 yoshli qizni zo‘rlamoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar

Leningrad viloyatining Gatchina tumanida (Rossiya) to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi maktab o‘quvchisini zo‘rlashga uringanlikda gumonlanib qo‘lga olindi.

Voqea 11-iyun kuni soat 21:30 atrofida Bolshiye Kolpani qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Jabrlanuvchi yettinchi sinfda o‘qiydi. U bo‘lgan voqeani ota-onasiga aytdi.

“Qizning onasi, 32 yoshli Pskov viloyatida istiqomat qiluvchi, do‘konda sotuvchi bo‘lib ishlagan, chorshanba kuni ertalab soat ikkilarda politsiyaga murojaat qilgan. U noma'lum shaxs uning 12 yoshli qiziga jinsiy zo‘ravonlik qilganini ma'lum qilgan”, - deyiladi xabarda.

Bir soatdan keyin Novye Chernitsi qishlog‘idagi fermada 21 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan to‘rt nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olindi. Fuqarolar 2022-2024 yillarda Rossiyaga ishlash maqsadida kelgan va migratsiya organlarida roʻyxatga olingan.

Rossiyada uxlab yotgan pensionerni zo‘rlagan o‘zbekistonlik

6-iyun kuni Sankt-Peterburgda O‘zbekiston fuqarosi tanishining 78 yoshli onasiga tajovuz qildi.

O‘sha vaqtda pensioner uxlayotgan bo‘lgan. Hodisadan so‘ng ayol ham erkak ham bir biriga hech narsa demagan. Ayol dush qabul qiladi va havo olish uchun tashqariga chiqadi. Shundan so‘ng u o‘g‘liga nima bo‘lganini aytib berdi.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari 33 yoshli ishsiz o‘zbekistonlikni hibsga olishdi.

3 nafar bolaga zo‘ravonlik qilgan O‘zbekiston fuqarosi

Kansk shahrida (Rossiya) voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyat sodir etishda gumon qilingan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi.

“17-may kuni mast holatda bo‘lgan 33 yoshli o‘zbekistonlik uy yonida yurgan bolalarni ko‘rib qoladi va u o‘zining jinsiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida 11 va 14 yoshli qizlar hamda 13 yoshli o‘g‘il bolaga nisbatan odobsiz va shahvoniy xarakterdagi boshqa harakatlar sodir etgan”, — deyiladi xabarda.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari gumonlanuvchini qo‘lga oldi. Ma’lum bo‘lishicha, erkak noqonuniy ravishda Rossiyada bo‘lgan.

Xulosa o‘rnida

Media — quroldir. Bugungi axboriy xurujlar ichida esa, qaysi bir ma’lumot propaganda, qay biri agitatsion material ekanligini aniqlash mushkul, albatta. Ammo yaqindagina “Crocus City Hall” ortidan yomonotliqqa aylantirilgan tojikistonliklar va tojik millati rus yerlarida kuchli bosim hamda tazyiqqa uchraganini guvohi bo‘ldik. Ayni damda umumtarixga ega bo‘lgan Rossiya va Ukrainaning orasidagi urush, dunyo geosiyosiy maydonidagi tezkor o‘zgarishlar zamonida o‘zbeklar, o‘zbekistonliklarga nisbatan adovat ruhining uyg‘otilishi keyingi bosqichlar uchun harakat signali bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.