Qish yaqin: Issiqxonalarga faqat gaz, elektr va “yashil” energiyadan foydalanish talabi qo‘yildi
Toshkent shahri va unga tutash beshta tumanda issiqxonalar ko‘mir va boshqa qattiq yoqilg‘ilardan foydalanishni cheklash bo‘yicha yangi talablarga o‘tadi. Hukumat issiqxonalar uchun maxsus ekologik rejim joriy qildi. Ko‘mir issiqxonalari dekabrga qadar modernizatsiya qilinishi kerak.
6 daqiqa o‘qiladi

Hukumat qarori bilan poytaxt va Toshkent viloyatining beshta tumanida issiqxonalarning ishlash tartibi o‘zgartirildi. Yangi qoidalarga ko‘ra, issiqxonalar ekologik talablarga javob beradigan energiya manbalaridan foydalanishi, zararli chiqindilarni nazorat qilishi va ayrim hollarda modernizatsiya xarajatlari uchun davlat ko‘magidan foydalanishi mumkin.
Hukumatning 586-sonli qarori bilan Toshkent shahri va unga tutash hududlarda issiqxona xo‘jaliklarining ekologik xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hujjat asosida poytaxt, shuningdek, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida issiqxonalar uchun maxsus ekologik rejim joriy etiladi. Mazkur takliflar 13-oktabr kuni prezidentga taqdim qilingani haqida avvalroq xabar berilgan edi.
Issiqxonalar uchun yangi ishlash tartibi
Maxsus ekologik rejim amal qiladigan hududlarda isitish tizimiga ega issiqxonalar faoliyatini faqat belgilangan energiya manbalari orqali tashkil etishga ruxsat beriladi. Bular tabiiy gaz, jumladan, suyultirilgan gaz, elektr energiyasi, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan ikkilamchi issiqlik energiyasidan iborat.
Bunday issiqxonalar faoliyat yuritishi uchun davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasiga ega bo‘lishi ham talab etiladi.
Ko‘mir, biomassadan tayyorlangan briket va pellet kabi qattiq yoqilg‘ilardan foydalanayotgan issiqxona xo‘jaliklariga isitish tizimlarini belgilangan muqobil energiya manbalariga o‘tkazish uchun 1-dekabrgacha muddat berilgan. Ular mazkur talabni bajarganidan keyin faoliyatini davom ettirishi mumkin.
Shu bilan birga, qattiq yoqilg‘idan foydalanish ayrim texnik va ekologik shartlar bajarilgan taqdirdagina ruxsat etiladi.
Birinchidan, qozon qurilmalari yoqilg‘i uzatish va yonish jarayonlarini avtomatik boshqarish tizimi bilan jihozlanishi kerak. Shuningdek, ular belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichlariga ega chang-gaz tozalash uskunalari bilan ta’minlanishi lozim.
Ikkinchidan, milliy standartlarga muvofiq qozon qurilmalaridan atmosferaga chiqariladigan tashlamalar miqdorini o‘lchaydigan uzluksiz avtomatik monitoring tizimi — CEMS o‘rnatilishi shart. Ushbu tizim Ekologiya qo‘mitasining axborot tizimlariga integratsiya qilinishi va o‘lchov natijalarini real vaqt rejimida uzluksiz uzatib borishi kerak.
Uchinchidan, qozon qurilmalari, chang-gaz tozalash uskunalari va avtomatik monitoring tizimlari muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lishi lozim.
To‘rtinchidan, qozon qurilmalari hamda tutun chiqarish mo‘risida sodir bo‘layotgan jarayonlarni doimiy kuzatish imkonini beruvchi onlayn kameralar o‘rnatiladi. Kameralar ham Ekologiya qo‘mitasining axborot tizimlariga integratsiya qilinishi kerak.
Beshinchidan, avtomatik monitoring tizimi, chang-gaz tozalash uskunalari va kameralarning uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun asosiy elektr quvvat manbai bilan birga zaxira generatori ham bo‘lishi zarur.
Oltinchidan, issiqxonalarda hosil bo‘ladigan kul, og‘ir metallar, quyqa, shlam va boshqa zaharli moddalar belgilangan tartibda yig‘ilishi, tashilishi va utilizatsiya qilinishi shart.
Yettinchidan, uskunalarning texnik hujjatlarida ko‘rsatilmagan va ularning ishlash tizimiga ta’sir ko‘rsatadigan o‘zgartirishlarni kiritish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, maxsus hududdagi issiqxonalarda shinalar, bitum, mazut, plastmassa va polimer plyonkalar, sintetik karton, rezina, jun tolasi, ishlatilgan moylar, maishiy hamda ishlab chiqarish chiqindilari va shunga o‘xshash tarkibli materiallarni yoqilg‘i sifatida yoqishga qat’iy taqiq joriy etiladi.
Ekologik modernizatsiya uchun subsidiya va kreditlar
Qarorda issiqxona xo‘jaliklarini ekologik talablarga moslashtirish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatish choralari ham nazarda tutilgan.
2028-yil 1-yanvarga qadar maxsus hududdagi issiqxonalarga chang-gaz tozalash uskunalari, qozonxona qurilmalari, energiya tejovchi ekranlar, energiya samarador texnologiyalar hamda elektr, geotermal va quyosh energiyasida ishlaydigan isitish uskunalarini xarid qilish xarajatlarining 50 foizigacha subsidiya ajratiladi. Kogeneratsiya asosida ishlaydigan isitish uskunalarini xarid qilish xarajatlari ham ushbu yordam doirasiga kiradi.
Bunda subsidiya miqdori issiqxona xo‘jaligining har bir gektari uchun 50 million so‘mdan oshmasligi kerak.
Isitish tizimlarini muqobil energiya manbalariga o‘tkazishni rejalashtirgan tadbirkorlar uchun kredit mablag‘lari ham ajratiladi. 2026–2027-yillarda elektr, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, kogeneratsiyadan foydalanadigan isitish tizimlariga o‘tish loyihalarini moliyalashtirish tijorat banklari orqali amalga oshiriladi.
Kreditlar milliy valyutada yillik 14 foiz stavkada, yetti yil muddatga beriladi. Ushbu muddatning dastlabki uch yili imtiyozli davr hisoblanadi. Foiz stavkasining to‘rt foizini bank marjasi tashkil etadi.
Ajratiladigan kredit miqdori loyiha qiymatining 50 foizigacha bo‘lishi mumkin. Biroq har bir gektar uchun kredit summasi 3 milliard so‘mdan oshmasligi lozim.
Avtomatik monitoring stansiyalari uchun 350 million so‘mgacha mablag‘
Issiqxonalarda atmosferaga chiqariladigan tashlamalarni kuzatish tizimlarini joriy etish uchun alohida moliyaviy mexanizm belgilanmoqda.
Avtomatik monitoring stansiyalarini, ya’ni CEMS tizimlarini xarid qilishni istagan issiqxona xo‘jaliklariga har bir stansiya uchun 350 million so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
Moliyalashtirish Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi tasdiqlagan texnik talablarga rioya qilish sharti bilan amalga oshiriladi. Mablag‘lar uch tomonlama shartnoma asosida, foizlar hisoblanmagan holda besh yil davomida bo‘lib to‘lash sharti bilan beriladi.
Mablag‘ olgan issiqxona xo‘jaliklari stansiyalarni o‘rnatish, ularni Ekologiya qo‘mitasining axborot tizimiga integratsiya qilish va monitoring ma’lumotlarining uzluksiz uzatilishini ta’minlash majburiyatini oladi.
Agar stansiyalarni o‘rnatish, axborot tizimiga ulash, ma’lumotlarni muntazam uzatish yoki to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha shartnoma talablari bajarilmasa, yozma ogohlantirishdan keyin stansiyalar demontaj qilinishi va shartnomada belgilangan tartibda qaytarib olinishi mumkin.
To‘lov muddati kelgan qarzdorlik esa bezaksept tartibda undiriladi.
Boshqa tarmoqlardagi qozonxonalarga ham talablar belgilanadi
Yangi tartib faqat issiqxona xo‘jaliklari bilan cheklanmaydi. Atmosfera havosiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan yoqilg‘idan foydalanib issiqlik ishlab chiqaradigan boshqa tarmoqlardagi qozonxona qurilmalari uchun ham ekologik normativlar belgilanadi.
Atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi korxonalar ekologik xavfsizlik darajasiga qarab uchta toifaga — “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratiladi. Ushbu toifalarga tegishli talablar qonunchilikda mustahkamlanadi.
Shuningdek, 2030-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan va issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish yoki modernizatsiya qilish uchun mo‘ljallangan ayrim uskunalarni olib kirishda bojxona bojidan ozod qilish imtiyozi beriladi.
Imtiyoz chang-gaz tozalash uskunalari, energiya samarador qozonlar, kogeneratsiya qurilmalari, geotermal va quyosh energiyasidan foydalanish uchun mo‘ljallangan uskunalar, tashlamalarni avtomatik monitoring qilish tizimlari hamda ularning butlovchi qismlariga tatbiq etiladi.
Filtratlar qayta ishlanib, texnik suv sifatida ishlatiladi
Qarorda issiqxonalarda hosil bo‘ladigan suyuq chiqindilarni boshqarish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Issiqxonalarning isitish tizimlaridagi filtrlarda hosil bo‘ladigan xavfli suyuq chiqindilar va gidroponika tizimlaridan chiqadigan oqova suvlar — filtratlar tozalanib, texnik suv sifatida qayta foydalanishga yo‘naltiriladi.
Bu maqsadda 2027-yil 1-yanvarga qadar Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi ekosanoat hududida filtratlarni vaqtincha saqlash uchun suv ombori qurilishi va foydalanishga topshirilishi kerak.
Filtratlarni qayta ishlash bilan shug‘ullanadigan korxona esa 2027-yil 1-iyunga qadar tanlov asosida aniqlanadi. Toshkent viloyati hokimligi joriy yilning 1-noyabriga qadar ekosanoat hududidan tegishli yer maydonini ajratishi lozim.
Filtratlarni vaqtincha saqlash rezervuarini qurish shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya qilgan holda, loyiha hujjatlari asosida bosqichma-bosqich amalga oshirilishi mumkin.
Mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha issiqxona xo‘jaliklari o‘z faoliyati davomida hosil bo‘ladigan filtratlarni belgilangan tariflar bo‘yicha ushbu xizmat operatoriga topshirishi shart.
Asosiy maqsad — tadbirkorlik va ekologik xavfsizlikni uyg‘unlashtirish
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi issiqxona xo‘jaliklarini ekologik modernizatsiya qilishni Toshkent shahri va unga tutash hududlarda atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarning muhim bosqichi sifatida baholadi.
Qo‘mita ta’kidlashicha, zamonaviy chang-gaz tozalash tizimlari, avtomatik monitoring vositalari va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish atrof-muhitga tushadigan yuklamani kamaytirishga yordam beradi. Shu bilan birga, bu issiqxona xo‘jaliklarini yanada barqaror rivojlantirish uchun sharoit yaratadi.
Idora qayd etganidek, asosiy vazifa tadbirkorlikni rivojlantirish, resurslardan samarali foydalanish va fuqarolarning qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquqi o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashdan iborat.



