O‘zbekistonda kino qidirsangiz natijalarining 72 foizi pirat saytlarga olib boradi
F6 kompaniyasi tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘istonda noqonuniy film tarqatuvchi saytlar internet qidiruvlarida keng uchraydi. Bunday resurslarning bir qismi esa foydalanuvchilar uchun kiberxavfsizlik xavfini ham tug‘diradi.
3 daqiqa o‘qiladi

F6 kompaniyasi tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘istonda noqonuniy film tarqatuvchi saytlar internet qidiruvlarida keng uchraydi. Bunday resurslarning bir qismi esa foydalanuvchilar uchun kiberxavfsizlik xavfini ham tug‘diradi.
Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish texnologiyalarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan F6 kompaniyasi O‘zbekiston va Qozog‘istondagi internet-piratlik holatini o‘rgandi. Tadqiqot natijalari 22-oktabr kuni e’lon qilindi.
Kompaniyaning Digital Risk Protection bo‘limi mutaxassislari ommabop filmlar va seriallarga oid 50 ta qidiruv so‘rovi bo‘yicha natijalarni tahlil qilgan. O‘rganishlar shuni ko‘rsatganki, O‘zbekistonda qidiruv tizimining birinchi sahifasida ko‘rsatilgan havolalarning 72 foizi noqonuniy kontent tarqatuvchi saytlarga tegishli. Qozog‘istonda esa bu ko‘rsatkich 63 foizni tashkil etgan.
Qidiruv natijalarida eng yuqori o‘rinni egallagan havolalar alohida tahlil qilinganda ham pirat resurslarning ulushi yuqori ekani aniqlangan. O‘zbekistonda birinchi o‘rindagi havolalarning 66 foizi noqonuniy kontent tarqatuvchi saytlarga olib borgan. Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 84 foizga yetgan. Rossiyada esa xuddi shu ko‘rsatkich atigi 1 foizni tashkil etgan.
Pirat kontentning katta qismi rus tilidagi saytlarda tarqatiladi
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘istondagi noqonuniy film tarqatish bozorida rus tilidagi internet-resurslar asosiy o‘rinni egallaydi.
O‘zbekistonda o‘rganilgan xorijiy filmning noqonuniy nusxalarini tarqatayotgan saytlarning 95 foizi rus tilidagi resurslardan iborat bo‘lgan. Mahalliy saytlarga esa 5 foiz ulush to‘g‘ri kelgan.
O‘zbekiston filmlarining noqonuniy tarqalishi bo‘yicha o‘tkazilgan tahlilda ham shunga o‘xshash manzara kuzatilgan. Tadqiqot uchun tanlangan mahalliy filmning noqonuniy nusxalarini tarqatgan saytlarning 86 foizi rus tilidagi resurslar bo‘lgan. Qolgan 14 foizi esa O‘zbekistonga tegishli saytlardan iborat bo‘lgan.
Pirat saytlarning qariyb 39 foizi xavfli deb topilgan
F6 mutaxassislari noqonuniy kontent tarqatuvchi saytlarni nafaqat ularning faoliyati, balki foydalanuvchilar uchun yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan xavflar nuqtayi nazaridan ham baholagan.
O‘zbekistonda tekshirilgan pirat saytlarning 38,9 foizi xavfli deb tasniflangan. Saytlarning 52,9 foizi nisbatan xavfsiz, atigi 8,2 foizi esa xavfsiz deb baholangan.
Qozog‘istonda xavfli resurslar ulushi bundan ham yuqori bo‘lgan. U yerda tekshirilgan pirat saytlarning 58,8 foizi xavfli, 36,5 foizi nisbatan xavfsiz va 4,7 foizi xavfsiz deb topilgan.
Mutaxassislar bunday saytlardan foydalanish shaxsiy ma’lumotlarning oshkor bo‘lishi hamda foydalanuvchi qurilmalariga zararli dasturlar o‘rnatilishi ehtimolini oshirishini ta’kidlamoqda.
Alohida xavf filmlarni internetga ulanmasdan tomosha qilish maqsadida yuklab olinadigan torrent fayllari bilan bog‘liq. Bunday fayllar orqali parollar va boshqa ma’lumotlarni o‘g‘irlovchi dasturlar, kriptovalyuta mayningi vositalari, troyanlar hamda qurilmalarni masofadan boshqarish imkonini beruvchi zararli dasturlar tarqatilishi mumkin.
Shu sababli noqonuniy filmlarni yuklab olish nafaqat mualliflik huquqlarining buzilishiga, balki foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlari va qurilmasi xavfsizligiga ham tahdid tug‘diradi.
Noqonuniy filmlarning asosiy tarqatish kanali — Telegram
Tadqiqot doirasida pirat kontentning ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va qonuniy videoxostinglar orqali tarqatilishi ham o‘rganilgan.
Natijalarga ko‘ra, O‘zbekistonda ushbu kanallar orqali aniqlangan noqonuniy nusxalarni tarqatish holatlarining 93 foizdan ortig‘i Telegram hissasiga to‘g‘ri kelgan. Qozog‘istonda esa messenjerning ulushi 97 foizdan oshgan.
Bundan tashqari, 2026-yilda rus tilida so‘zlashuvchi MDH mamlakatlari auditoriyasiga mo‘ljallangan FlixCDN nomli yangi noqonuniy video tarqatish xizmati paydo bo‘lgan. F6 ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu xizmat O‘zbekiston va Qozog‘istonda mavjud, biroq Rossiyada ishlamaydi.
Kompaniya vakillari internet-piratlik kino va seriallar mualliflariga iqtisodiy zarar yetkazishi bilan birga, tomoshabinlarning kiberxavfsizligiga ham tahdid solishini qayd etgan.
Mutaxassislar foydalanuvchilarga filmlar va seriallarni litsenziyalangan platformalar orqali tomosha qilishni, shubhali havolalarni ochmaslikni hamda noqonuniy torrent fayllarini yuklab olmaslikni tavsiya qilmoqda.
Shu bilan birga, tadqiqot natijalarini barcha internet qidiruvlari yoki O‘zbekistondagi barcha kino saytlariga taalluqli deb hisoblash mumkin emas. Xususan, qidiruv natijalaridagi pirat resurslarning 72 foizlik ulushi barcha qidiruvlarni emas, aynan tadqiqot davomida tanlangan 50 ta so‘rov natijalarini aks ettiradi.



