Juma, 23-oktabr, 2026
Havo 72 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +20° kechasi +8°

O‘liklarga ham tinchlik yo‘q: “Botkin”dagi qabr toshlari vayron bo‘ldi

Toshkentdagi Botkin qabristonida bir nechta qabr toshi shikastlandi. Bunga qo‘shni hududda olib borilgan qurilish ishlari paytida devorning qulashi sabab bo‘lgani aytilmoqda.

2 daqiqa o‘qiladi

O‘liklarga ham tinchlik yo‘q: “Botkin”dagi qabr toshlari vayron bo‘ldi

Voqea aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, odamlarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Toshkent shahar hokimligi holat yuzasidan rasmiy izoh berdi.

Qabr toshlariga nima bo‘lgan?

Toshkent shahar hokimligining dastlabki o‘rganishlariga ko‘ra, sobiq shampan vinosi zavodi hududida qurilish ishlari olib borilayotgan paytda zavod bilan Botkin qabristonini ajratib turgan devor qulab tushgan.

Oqibatda qabristonning 15-sektori oxirgi qatorida joylashgan bir nechta qabr toshi shikastlangan. Hokimlik qabrlar ochilmaganini alohida ta’kidladi. Biroq qabr toshlarining zararlanishi ham marhumlarning yaqinlari orasida jiddiy norozilik uyg‘otdi. Ayniqsa, qabriston yonida qurilish olib borilayotganda xavfsizlik choralari nega yetarli bo‘lmagani savol tug‘dirmoqda.

Quruvchilar uzr so‘radi, qabr toshlari tiklanadi

Hokimlik qurilish buyurtmachisi va pudratchi tashkilotga devor qulashi oqibatlarini bartaraf etish hamda shikastlangan qabr toshlarini tiklash majburiyatini yukladi. Buyurtmachi va pudratchi yuz bergan holat uchun uzr so‘rab, barcha tiklash ishlarini hafta oxirigacha yakunlashga va’da berdi.

Jarayon Toshkent shahar hokimligi va shahar Obodonlashtirish boshqarmasi nazoratiga olingan. Mas’ullar ishlarning belgilangan muddatda va sifatli bajarilishini kuzatib borishi aytilmoqda.

Aybdorlar javobgarlikka tortilishi mumkin

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, devorning qulashi sabablari va mas’ul shaxslarning harakatlari huquqiy jihatdan o‘rganiladi. Aybdorlar aniqlansa, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Hozircha qurilish buyurtmachisi va pudratchi tashkilotning nomi oshkor qilinmagan. Sobiq zavod hududida aynan qanday qurilish ishlari olib borilgani ham ma’lum emas.