Seshanba, 10-noyabr, 2026
Havo 72 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌧 +16° kechasi +9°
Читать на русском

O‘zbekistonda Starlink Mobile ishga tushirilishi mumkin

Texnologiya oddiy smartfonlar orqali mobil aloqa qamrovi mavjud bo‘lmagan hududlarda ham sun’iy yo‘ldosh bilan bog‘lanish imkonini beradi. Biroq xizmatni O‘zbekistonda joriy etish uchun hozircha ruxsat olinmagan.

1 daqiqa o‘qiladi

Starlink

O‘zbekistonda Starlink Mobile sun’iy yo‘ldosh aloqa xizmatini ishga tushirish masalasi ko‘rib chiqilishi mumkin. Bu texnologiya maxsus antenna yoki qo‘shimcha uskunalarsiz, oddiy smartfon orqali sun’iy yo‘ldosh tarmog‘iga ulanish imkonini beradi.

Reuters agentligining 6-noyabr kuni tarqatgan ma’lumotiga ko‘ra, VEON telekommunikatsiya xoldingi mazkur xizmatni O‘zbekistonda ham yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor. Shunga qaramay, hozircha mamlakatda Starlink Mobile xizmatini ishga tushirishga davlat tomonidan ruxsat berilmagan.

Xizmat qanday ishlaydi?

Starlink Mobile an’anaviy Starlink internet xizmatidan farq qiladi. Undan foydalanish uchun alohida sun’iy yo‘ldosh antennasi yoki maxsus qurilma talab etilmaydi. Texnologiya mos keluvchi smartfonlarni mobil aloqa signali yetib bormaydigan hududlarda ham sun’iy yo‘ldosh orqali tarmoqqa ulashga mo‘ljallangan.

Xizmat yordamida SMS xabarlar yuborish, shuningdek, ayrim mobil ilovalardan foydalanish mumkin.

VEON ushbu texnologiyani bir qator mamlakatlarda o‘zining mobil aloqa operatorlari orqali joriy etgan. Jumladan, Qozog‘istonda Beeline, Ukrainada Kyivstar va Bangladeshda Banglalink abonentlari uchun Starlink Mobile xizmatidan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Agar texnologiya O‘zbekistonda ham ishga tushirilsa, ayniqsa, tog‘li hududlar, olis aholi punktlari va mobil aloqa signali zaif bo‘lgan joylarda aloqa imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.