O‘zbekistonda yana bir voyaga yetmagan bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holati aniqlandi: 13 yoshli qiz mehmonxonada zo‘ravonlikka uchragan
Qo‘qonda voyaga yetmagan qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchi 22 yoshli erkak qamoqqa olindi.
1 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona viloyatida 13 yoshli qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holati yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Milliy ijtimoiy himoya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 2026-yil 28-sentabr kuni Qo‘qon shahridagi mehmonxonalardan birida sodir bo‘lgan. Jabrlanuvchi 2012-yilda tug‘ilgan, Rishton tumani fuqarosi.
Gumonlanuvchi qamoqqa olindi
29-sentabr kuni Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 128-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur modda 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish uchun og‘irlashtiruvchi holatlarda javobgarlikni nazarda tutadi.
Gumonlanuvchi qo‘lga olingan va 30-sentabr kuni sud tomonidan unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov doirasida zarur ekspertizalar tayinlangan, dastlabki tergov davom etmoqda.
Qizga psixologik yordam ko‘rsatilmoqda
Milliy ijtimoiy himoya agentligi ma’lum qilishicha, jabrlanuvchi bilan ishlashga psixologlar va yuristlar jalb qilingan. Mutaxassislar uning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, ruhiy holatini tiklashga yordam bermoqda.
Qizning mehmonxonaga qanday sharoitda kelib qolgani va hodisaning boshqa tafsilotlari hozircha oshkor etilmagan. Ish agentlikning mas’ul xodimlari nazoratida.
Gumonlanuvchining aybi qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan tasdiqlanmaguncha, u aybsiz hisoblanadi.



