Ijtimoiy tarmoqdagi muhokamalar fonida Toshkent aeroportida telefon rasmiylashtirish vaqtincha to‘xtatildi
Toshkent aeroportida xorijdan olib kelinayotgan telefonlarni bojxona rasmiylashtiruvi vaqtincha to‘xtatildi. Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda qimmat smartfonlarni tekshirish va rasmiylashtirish uchun qo‘shimcha to‘lovlar talab qilinayotgani haqidagi xabarlar fonida yuz berdi.
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent xalqaro aeroportida xorijdan olib kirilayotgan mobil telefonlarni bojxona rasmiylashtiruvi vaqtincha to‘xtatildi. Bojxona qo‘mitasi bu qaror IMEI kodlari bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari ko‘paygani va qurilmalarni qonuniy olib kirilganini aniqlash tartibiga oydinlik kiritish zarurati bilan izohlagan.
IMEI kodlari bilan bog‘liq qonunbuzilishlar aniqlangan
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda mobil qurilmalarning IMEI kodlarini soxtalashtirish, boshqa telefonlarga tegishli identifikatorlardan foydalanish hamda bir qurilmaning ma’lumotlari orqali boshqa telefonlarni qonuniylashtirishga urinish holatlari kuzatilmoqda.
Shuningdek, ayrim shaxslar bojxona chegarasidan mobil qurilmalarni olib o‘tishda murakkab qonunbuzilish sxemalaridan foydalanib, belgilangan bojsiz olib kirish me’yorlarini chetlab o‘tishga harakat qilmoqda.
Joriy yil boshidan buyon Toshkent-AERO ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan 185 ta holatda noqonuniy olib kirilayotgan 1 185 ta mobil qurilma aniqlangan. Ularning umumiy qiymati 8,8 milliard so‘mni tashkil etadi.
Qo‘mita IMEI-1 va IMEI-2 kodlari aynan bitta qurilmaga tegishli ekanini tekshirish, shuningdek, ushbu identifikatorlar orqali avval tarmoqda hodisa qayd etilgan-etilmaganini aniqlash maxsus bilim va ixtisoslashgan tekshiruvlarni talab qilishini bildirgan.
Shu munosabat bilan Toshkent xalqaro aeroportida xorijdan olib kelinayotgan telefonlarni bojxona rasmiylashtiruvi vaqtincha to‘xtatilgan. Cheklov qurilmalarning IMEI identifikatorlarini aniqlash va ularning qonuniy olib kirilganini tasdiqlash bilan bog‘liq masalalar hal etilguniga qadar amal qiladi.
Hozirda tegishli idoralar bilan hamkorlikda mobil qurilmalarni tekshirish va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartiblarini aniqlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Bojxona qo‘mitasi vaziyat qisqa muddatda tartibga solinishi va rasmiylashtirish jarayoni belgilangan tartibda qayta yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgan. Shuningdek, korrupsiyaviy holatlar yoki yuzaga kelgan savollar bo‘yicha 11-08 qisqa raqamiga murojaat qilish mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarda telefonlarni rasmiylashtirish uchun qo‘shimcha to‘lovlar haqida xabarlar tarqaldi
10-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda xorijdan olib kelingan qiymati 1 000 dollardan yuqori bo‘lgan iPhone va boshqa smartfonlar 30 kungacha ekspertiza uchun vaqtincha saqlovga olinayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ularda telefonlarni ekspertizasiz, bir kun ichida rasmiylashtirish imkoniyati ham borligi, biroq buning uchun qo‘shimcha haq to‘lash talab etilayotgani aytilgan.
Tarqalgan ma’lumotlarda IMEI kodlarini tekshirish va nazorat qilish tadbirlari 6-noyabrdan boshlanganiga e’tibor qaratilgan.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari telefonlarni rasmiylashtirish uchun ikki xil variant taklif qilinayotganini bildirmoqda. Birinchi holatda smartfon 150 dollar evaziga 30 kungacha ekspertizaga qoldirilishi, ikkinchi variantda esa bir kun ichida rasmiylashtirish uchun 400 dollardan 1 100 dollargacha to‘lash mumkinligi aytilmoqda. Tezlashtirilgan rasmiylashtirish narxi telefon modeliga qarab belgilanayotgani ta’kidlangan.
Malika savdo majmuasida iPhone narxlari ham keskin oshdi
Shuningdek, Burgut Telegram kanali ham Malika savdo majmuasida yangi iPhone modellari narxi keskin ko‘tarilgani haqida xabar berdi.
Kanal ma’lumotiga ko‘ra, bir necha kun avval 1 700 dollar atrofida sotilayotgan iPhone 18 Pro Max 256 GB modelining narxi 1 880 dollargacha oshgan. Ayrim do‘konlarda esa ushbu telefon narxi 1 900 dollardan ham yuqorilagan.
Telegram’dagi Rastamojka kanali esa qo‘shimcha ekspertiza qaysi qurilmalarga nisbatan qo‘llanayotgani masalasiga aniqlik kiritish zarurligini bildirgan. Xususan, tekshiruv barcha qimmat telefonlarni qamrab olyaptimi yoki faqat IMEI kodlarida shubhali holatlar aniqlangan qurilmalarga taalluqlimi, degan savol ochiq qolmoqda.
Kanal telefonlarni 30 kungacha vaqtincha olib qo‘yish fuqarolar uchun jiddiy noqulaylik tug‘dirishi mumkinligini ham qayd etgan.
Telefonlarni deklaratsiya qilish tartibi bo‘yicha savollar bor
Rastamojka kanali telefonlarni bojxona orqali olib kirish va IMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida amaldagi qonunchilik talablariga zid kelishi mumkin bo‘lgan holatlarga ham e’tibor qaratgan.
Kanal qayd etishicha, Bojxona kodeksida belgilangan me’yorlar doirasida olib kirilgan shaxsiy tovarlarni bojxona to‘lovlarisiz rasmiylashtirish imkoniyati nazarda tutilgan.
Biroq quyi turuvchi me’yoriy hujjatlarda mobil telefonlar uchun majburiy yozma bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish talabi mavjud. Agar qurilma deklaratsiya qilinmagan bo‘lsa, uni IMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida telefonning to‘liq qiymatidan 30 foiz miqdorida bojxona to‘lovi hisoblanishi mumkin.
Shu sababli telefonlarni olib kirish, deklaratsiya qilish va IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq talablarni bir-biriga muvofiqlashtirish masalasi ham dolzarbligicha qolmoqda.



