$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord darajaga yetdi

oltin

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 1-sentyabr holatiga 39,15 mlrd. dollarni (+4,7 foiz) tashkil etib, avgust oyi davomida 1,75 mlrd. dollarga oshgan. Bu statistika yuritilgan butun davr uchun (2018-yildan beri) navbatdagi rekord ko‘rsatkichdir.

Xorijiy valyuta zaxiralari

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan oyda xorijiy valyutadagi zaxiralar 503,1 mln. dollarga — 7,69 mlrd. dollardan 8,19 mlrd. dollargacha oshgan (iyun-iyul oylarida oltin sotib olish hisobiga 1,58 mlrd. dollarga kamayish kuzatilgan). Shunga qaramay, yil boshidan beri (yanvar-avgust) valyuta zaxiralari 1,18 milliard dollarga qisqardi, shu jumladan, 2019-yilda mamlakat chiqargan 500 million dollarlik suveren yevroobligatsiyalar bo‘yicha qarzni to‘lash hisobiga.

Rekord darajadagi oltin zaxirasi

Zaxiralardagi oltinning fizik hajmi iyun-iyul oylaridagi o‘sishdan so‘ng (18,94 tonna) 10 ming troya unsiyasiga (311 kg) kamayib, 12,04 million troya unsiyasini (371,7 tonna) tashkil etdi. Shunga qaramay, oltin zaxirasining qiymati yana 1,24 milliard dollarga — 29,16 milliard dollardan 30,4 milliard dollargacha oshdi. Bu 2013-yildan beri statistika yuritilgan barcha vaqtlar uchun rekorddir. Buning sababi — avgust oyida oltin kotirovkasi bir unsiya uchun 2446,28 dollardan 2502,77 dollarga (+2,3 foiz) ko‘tarildi. Umuman olganda, yil boshidan buyon Markaziy bankning oltin zaxiralari qiymati 5,77 mlrd dollarga oshdi.

Hajmi oshkor qilinmagan zaxira

Zaxiralarda, shuningdek, 35,48 million dollarlik AQSh g‘azna obligatsiyalari ham mavjud. Ilgari Markaziy bank oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilishga kirishgani va chet el davlatlarining qimmatli qog‘ozlarini xarid qila boshlaganini ma’lum qilgandi. Zaxiralarning o‘sishiga qaramay, u 12 oylik importni qoplashga yetadi (ilgari 20 oy edi). Shuni ta’kidlash lozimki, Markaziy bank o‘z zaxiralarida amalda davlat byudjetining bir qismiga aylangan O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘larini ham ko‘rsatadi. Bu jamg‘armaning hajmi oshkor qilinmaydi. S&P Global Ratings xalqaro reyting agentligi ilgari Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘larini Markaziy bank zaxiralaridan chiqarib tashlayotganini ma’lum qilgandi, chunki “jamg‘arma mablag‘lari asosan pul-kredit yoki to‘lov ehtiyojlari uchun emas, balki fiskal maqsadlar uchun mo‘ljallangan”.

Ma’lumot uchun, Jahon oltin kengashi (WGC) O‘zbekiston qimmatbaho metallarni sotishdan xarid qilishga o‘tganini qayd etgan edi. Markaziy bank dunyoda oltinning asosiy xaridorlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

2027-yilgacha qisqarishi mumkin

Hisob-kitoblarga ko‘ra, oltin narxining tushishi kutilayotgani va joriy hisob raqamining taqchilligi davom etayotgani sababli O‘zbekistonning foydalanish mumkin bo‘lgan valyuta zaxiralari 2027-yilgacha qisqaradi. Markaziy bankning monetar oltin zaxiralari oltin-valyuta zaxiralari umumiy hajmining 80% dan ortig‘ini tashkil etadi. Markaziy bank O‘zbekistonda qazib olinayotgan oltinni sotib olishda ustuvor huquqqa ega. U oltinni mahalliy valyutaga sotib oladi, keyin esa intervensiyasining o‘zbek so‘miga ta’sirini qoplash uchun dollarni mahalliy bozorda sotadi.

Теги :
Jamiyat