Reklama qonunchiligini buzgani uchun “Sello Pay” jarimaga tortildi
Kompaniyaning komissiyasiz pul o‘tkazmalariga oid aksiya reklamasida uning shartlarini to‘liq ko‘rsatmaganligi aniqlandi.
2 daqiqa o‘qiladi

Raqobat qo‘mitasi “Sello” ekotizimiga egalik qiluvchi “Marketplace Trading” kompaniyasiga jarima qo‘lladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
E’lon qilingan reklamalar holati
Qo‘mita kompaniya tomonidan Toshkent shahridagi tashqi reklama obyektida e’lon qilingan reklama yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazdi. Unda “Sello Pay” ilovasi orqali pul o‘tkazmalarini komissiya to‘lovlarisiz amalga oshirish mumkinligi e’lon qilingan.
Kompaniyaning rasmiy veb-saytida “Sello Pay” ilovasi orqali plastik kartalarga pul o‘tkazmalari bo‘yicha aksiya joriy yilning 1-iyulidan boshlangani e’lon qilingan. Aksiya identifikatsiyadan o‘tgan barcha foydalanuvchilar uchun dastlabki uch oy davomida amal qilishi belgilangan.
Yashirilgan ma’lumotlar
Bunda, komissiyasiz oylik o‘tkazma summasining limiti 3 mln. so‘mni tashkil etib, agar oylik o‘tkazma summasi bundan oshib ketsa, 1% miqdorida komissiya olinadi. Ammo, mobil ilova pul o‘tkazmalari reklamasida aksiya shartlari to‘g‘risida muhim ma’lumotlar berilmaganligi aniqlandi.
Qonunbuzarlik yuzasidan ish qo’zg’atildi
Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 16 (reklama talablari), 21 (aksiyalarni o‘tkazish) va 43-moddalari (reklama moliyaviy xizmatlar) va “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasi talablari buzilishi yuzasidan “Marketplace Trading”ga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.
Bundan tashqari, kompaniyaga nisbatan natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanildi. Shuningdek, qo‘mita qonunbuzilish holatini bartaraf etish va unga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berdi.



