O‘zbekiston jahon raqamlashtirish indeksida 60-o‘rinni egalladi
GDI 2024 tadqiqoti 77 ta mamlakatda raqamli texnologiyalar rivojlanishini kuzatib, raqamlashtirish darajasi bilan YIM o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatadi.
1 daqiqa o‘qiladi

GDI 2024 tadqiqoti 77 ta mamlakatda raqamli texnologiyalar rivojlanishini kuzatib, raqamlashtirish darajasi bilan YIM o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatadi.
TOP-3
Reytingda kuchli uchlikning birinchi pog‘onasida AQSh turibdi. Ikkinchi o‘rinda esa 76,1 ball bilan Singapur, 120 balldan 74,5 ball to‘plagan Shvetsariya esa uchinchi o‘rinni egallagan.
Hujjatda ta’kidlanishicha, tadqiqotda jahon yalpi ichki mahsulotining 93 foizi va jahon aholisining 80 foizini tashkil etuvchi mamlakatlar hisobga olingan bo‘lib, bu raqamli transformatsiyadagi global taraqqiyot haqida umumiy tasavvur beradi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari reytingda
Ushbu reytingga Markaziy Osiyo mamlakatlaridan faqatgina Qozog‘iston va O‘zbekiston kiritildi. O‘zbekiston Jahon raqamlashtirish indeksida 77 mamlakat orasida 60-o‘rinni egallab, 120 ballik tizimda 32,7 ball to‘pladi. Qo‘shni Qozog‘iston esa bizdan uncha yuqori bo‘lmagan 58-o‘rinda joy oldi.
Reyting uchga bo‘lingan
Barcha mamlakatlar AKT va iqtisodiyot sohasidagi yetuklik darajasiga ko‘ra uch guruhga bo‘lingan: yetakchilar, rivojlanayotganlar va boshlang‘ich bosqichdagilar. O‘zbekiston uchinchi guruhga (“boshlang‘ich bosqichdagilar”) kiradi.



