Xalqaro mehnat tashkilotining yana bir muhim konvensiyasi ratifikatsiya qilinmoqda
Bu xalqaro standartlar asosida milliy qonunchilikni takomillashtirishga, shuningdek, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasbiy kasalliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
1 daqiqa o‘qiladi

Senatning ellik yettinchi yalpi majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda ishlab chiqarish muhiti to‘g‘risidagi 155-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1981-yil 22-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Konvensiyada nimalar nazarda tutilgan?
Qayd etilganidek, bugungi kunga qadar Konvensiya 75 ta davlat, shu jumladan, MDHga a’zo davlatlar orasida Rossiya, Belarus, Ukraina, Tojikiston Qozog‘iston va Ozarbayjon tomonidan ratifikatsiya qilingan. Konvensiyada mehnat faoliyati jarayonida va ishlab chiqarish muhitida mehnat xavfsizligi va gigiyenasini ta’minlash, shu jumladan, ish joyida yoki ish vaqtida ishchi va xodimlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi bilan bog‘liq bo‘lgan baxtsiz hodisalar yoxud xavflarning oldini olishga qaratilgan talablarni yanada kuchaytirish nazarda tutilgan.
Ratifikatsiya qilishdan maqsad
Ta’kidlanganidek, Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi kelgusida sohadagi milliy qonunchilikni hamda Xalqaro mehnat tashkilotining hujjatlarida belgilangan mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga oid me’yorlarni takomillashtirishga, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonidagi baxtsiz hodisalar, kasbiy kasalliklar, ish vaqtida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarning oldini olishga qaratilgan xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.



