Qish “qattiq kelishi” kutilmoqda
Jahon meteorologiya tashkiloti ko‘plab mamlakatlarni 2024—2025-yillar qishida qattiq sovuq tushishi va qor bo‘ronlari bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon meteorologiya tashkiloti 2024—2025-yillar qishida qattiq sovuq tushishi va qor bo‘ronlari bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu yoz oylarining kuzatuvlar tarixidagi eng issiq bo‘lishiga xizmat qilgan El-Nin’o iqlim hodisasi o‘rnini La-Nin’ya egallagani bilan izohlandi.
2024-yilning oktyabri va 2025-yilning fevrali orasi
Unda qayd etilishicha, global isish tufayli issiqlik taqsimoti muvozanatining buzilishi va ular bilan birga keladigan bo‘ronlar og‘ir tabiiy sharoitlarni yaratadi. El-Nin’o hodisasi tufayli yozning jazirama issig‘idan keyin qish oylarida sovuq harorat va qor bo‘ronlari kuzatilishi mumkin. WMO joriy yil oxirigacha La-Nin’ya sodir bo‘lish ehtimoli 60 foizni tashkil qilishini ma’lum qildi. Shamol, bosim va yog‘ingarchilik kabi tropik atmosfera sirkulyatsiyasidagi o‘zgarishlar 2024-yilning oktyabr va 2025-yilning fevral oylarida kuzatilishi mumkin.
Rekord darajadagi issiqlik
“Biz 2023-yilning iyun oyidan beri global quruqlik va dengiz yuzasi haroratining uzoq muddatli o‘sishiga guvoh bo‘ldik. Hatto qisqa muddat sovitadigan La-Nin’ya hodisasi sodir bo‘lsa ham, bu atmosferani issiq ushlab turadigan issiqxona gazlari tufayli global haroratning uzoq muddatli trayektoriyasini o‘zgartirmaydi”, – dedi WMO bosh kotibi Selest Saulo.
Shuningdek, u 2020-yildan 2023-yil boshigacha davom etgan La-Nin’ya hodisasining sovitish ta’siriga qaramay, so‘nggi 9 yil rekord darajadagi eng issiq yillar bo‘lganini ta’kidladi. Oxirgi 3 oyda neytral sharoitlar (El-Nin’o ham, La-Nin’ya ham emas) hukmron bo‘lganini ta’kidlagan Saulo kuchli issiqlik va kuchli yomg‘irlar bilan birga keng tarqalgan ekstremal ob-havo sharoitlari kuzatilganini bildirdi.



