Yakshanba, 8-noyabr, 2026
Havo 69 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☁ +14° kechasi +13°

Qirg‘iziston dunyodagi eng uzun osma shisha ko‘prik qurmoqchi

Uzunligi 732 metr bo‘ladigan inshootni 2027-yil oxirigacha foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda. Loyiha Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilishi mumkin.

1 daqiqa o‘qiladi

Ala archa

Qirg‘izistondagi “Ala archa” milliy tabiat bog‘ida uzunligi 732 metrga teng osma shisha ko‘prik barpo etish loyihasi ishlab chiqilmoqda. Inshoot qurib bitkazilsa, dunyodagi eng uzun osma shisha ko‘prik sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilishi mumkin.

Qurilish ishlari qachon boshlanadi?

Loyiha yuzasidan Qirg‘iziston prezidenti mulkini boshqarish departamenti rahbari Qanibek Tumanbayev Yevropa kompaniyasi vakillari bilan uchrashgan. Tomonlar ko‘prik qurilishi rejalashtirilgan hududni borib ko‘zdan kechirgan va loyihaning asosiy jihatlarini muhokama qilgan.

Rejaga ko‘ra, qurilish ishlari 2026-yil noyabr oyida boshlanadi. Inshootni barpo etish 2027-yil oxirigacha yakunlanishi ko‘zda tutilgan.

Departament ma’lumotiga ko‘ra, ko‘prik foydalanishga topshirilgach, dunyodagi eng uzun osma shisha ko‘prik maqomini olishi mumkin. Shu munosabat bilan uni Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Bog‘da yangi sayyohlik yo‘nalishlari ham ochiladi

Loyiha doirasida “Ala archa” hududida boshqa turistik infratuzilma obyektlarini rivojlantirish ham rejalashtirilgan. Xususan, Tepshi platosidan Teketoo tog‘i va sharsharagacha boradigan ekologik piyoda yo‘nalishi tashkil etiladi.

Ayni paytda milliy bog‘ hududida besh yulduzli mehmonxona qurilishi ham yakunlanish arafasida.