Shanba, 7-noyabr, 2026
Havo 63 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +22° kechasi +12°

Metan zapravkalarning qishki “ta’tili” boshlanyapti: Harorat pasayishi ortidan shoxobchalar faoliyati cheklanishi mumkin

9–11-noyabr kunlari O‘zbekistonga sovuq havo oqimi kirib kelayotgani munosabati bilan Energetika vazirligi avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari vaqtincha ishlamasligi mumkinligini ma’lum qildi.

2 daqiqa o‘qiladi

Metan zapravkalarning qishki “ta’tili” boshlanyapti: Harorat pasayishi ortidan shoxobchalar faoliyati cheklanishi mumkin

Cheklovlar joriy etilsa, haydovchilar bu haqda oldindan ogohlantiriladi. Vazirlikka ko‘ra, sovuq kunlarda gaz ta’minotida birinchi navbatda aholi, maktablar, bog‘chalar va shifoxonalarga ustuvorlik beriladi.

9-noyabrdan sovuq kuchayadi

“O‘zgidromet” ma’lumotiga ko‘ra, 9–11-noyabr kunlari mamlakatning katta qismida yomg‘ir yog‘adi. Shimoliy va tog‘li hududlarda esa yog‘ingarchilik qorga aylanishi mumkin. Ayniqsa, shimoliy hududlarda harorat sezilarli pasayadi. Kechalari 7 darajagacha sovuq tushishi, boshqa hududlarning ayrim joylarida esa harorat 1–2 daraja sovuq bo‘lishi kutilmoqda.

Sovuq kunlarda gaz va elektr energiyasiga talab ortishini hisobga olib, Energetika vazirligi hamda tegishli tashkilotlar ta’minotni barqaror saqlash choralarini ko‘rmoqda. Toshkent va boshqa hududlarda isitish mavsumini boshlash ishlari ham olib borilmoqda.

Metan zapravkalar vaqtincha yopilishi mumkin

Sovuq kunlarda tabiiy gaz birinchi navbatda aholi xonadonlari, maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy muassasalarga yetkazib beriladi. Agar gazga talab keskin oshsa, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari, ya’ni metan zapravkalar faoliyatiga vaqtinchalik cheklov qo‘yilishi mumkin.

Bunday cheklovlar hokimliklar bilan kelishilgan va tasdiqlangan jadvallar asosida joriy etiladi. Haydovchilar va boshqa iste’molchilar bu haqda oldindan ogohlantiriladi. Hozircha metan shoxobchalarini yopish bo‘yicha umumiy cheklov e’lon qilinmagan. Bu chora faqat zarurat tug‘ilganda qo‘llanadi.

Gaz yoki elektr o‘chsa, qayerga murojaat qilish kerak?

Energetika vazirligi sovuq kunlarda muammo yuzaga kelsa, tun-u kun ishlaydigan xizmatlarga murojaat qilish mumkinligini eslatdi.

1104 — gaz bosimi pasayishi yoki gaz ta’minotidagi muammolar uchun.

104 — gaz sizib chiqishi va boshqa xavfli holatlarda avariya xizmati.

1154 — elektr energiyasi uzilishi va tarmoqdagi nosozliklar bo‘yicha.

Noqonuniy ulanish yoki elektr va gazdan noqonuniy foydalanish holatlari haqida esa +998 71 208-10-15 raqami orqali “O‘zenergoinspeksiya”ga xabar berish mumkin.

Mutasaddilar aholiga isitish moslamalari, gaz jihozlari, mo‘rilar va shamollatish yo‘llarini oldindan tekshirtirishni tavsiya qilmoqda.

Ayniqsa, nosoz isitkichlardan foydalanmaslik, gaz plitasi bilan xonani isitmaslik kerak. Bu is gazidan zaharlanishga olib kelishi mumkin.

Elektr isitgichlardan foydalanganda ham ehtiyot bo‘lish zarur. Bir nechta kuchli qurilmani bitta uzaytirgichga ulash, sim va rozetkalarga ortiqcha yuklama berish xavfli. Yoqilgan isitkichlarni nazoratsiz qoldirmaslik lozim.

Shuningdek, keraksiz elektr jihozlarini o‘chirish, isitkichlardan me’yorida foydalanish va xonadondagi issiqlikni saqlash tavsiya etiladi. Bu nafaqat xarajatlarni kamaytiradi, balki elektr tarmoqlariga tushadigan yuklamani ham yengillashtiradi.