$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Rekord: O‘zbekistonning davlat qarzi 37 milliard dollarga yetdi

Davlat qarzi

Joriy yil I yarmida O‘zbekiston davlat qarzi qoldig‘i 37 milliard dollarni tashkil etdi. Bu haqda 5-sentyabr kuni o‘tkazilgan parlament yig‘ilishida iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov maʼlum qildi.

O‘zbekiston davlat qarzi mo‘tadil darajada

Jamshid Qo‘chqorovning aytishicha, 2024-yilning dastlabki yarmida davlat qarzi yalpi ichki mahsulotning 33,2 foiziga teng bo‘lgan. Hisobot davrida davlat qarzining qoldig‘i qariyb 37 milliard dollarni tashkil etdi. Shundan davlat tashqi qarzi 30,9 milliard dollar, ichki qarzi 6,1 milliard dollarga yetgan.

“Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisobotiga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston davlat qarzi mo‘tadil darajada. Joriy yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston nomidan davlat kafolati ostida jami 2,8 milliard dollarlik tashqi qarz shartnomalari imzolangan. Shuningdek, davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlash, joriy yilda so‘ndiriladigan xalqaro obligatsiyalarni qayta moliyalashtirish maqsadida jahon moliya bozorlariga 1,5 milliard dollar miqdoridagi suveren xalqaro obligatsiyalar chiqarildi”, dedi vazir majlisda.

Bir yil ichida ushbu ko‘rsatkich 5,4 milliard dollarga oshdi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisobotiga ko‘ra, 2024-yil I choragida mamlakat davlat qarzi 35,3 milliard dollarni tashkil etgan. Shundan 29,4 milliard dollari (83 foiz) tashqi qarz, 5,9 milliard dollari ichki qarz (17 foiz) bo‘lgan. Dastlabki chorakda davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati 31,7 foizga teng edi.

Taqqoslash uchun, 2023-yilning 1-iyul holatiga davlat qarzi 31 milliard 628 million dollarni tashkil etgan. Bir yil ichida ushbu ko‘rsatkich 5,4 milliard dollarga yoki 17 foizga oshgan.

Qarzlarning YIMga nisbati

Prognozlarga qaraganda, mamlakat davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati 2024-yilda 37 foiz, 2025-yilda 37,4 foiz, 2026-yilda 37,9 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga, 2024-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 100 milliard dollardan, 2025-yilda 125 milliard dollardan, 2026-yilda 140 milliard dollardan ortishi taxmin qilingan.

O‘zbekiston kimlardan qarz olgan?

Joriy yil 1-iyul holatiga davlat tashqi qarzining kreditorlar kesimida taqsimlanishi quyidagicha:

·      Jahon banki — 6,7 mlrd. dollar;

·      Osiyo taraqqiyot banki — 6,5 mlrd. dollar;

·      Xalqaro investorlar (xalqaro yevrobondlar) — 4,2 mlrd. dollar;

·      Xitoy moliya tashkilotlari – 3,8 mlrd. dollar;

·      Yaponiya moliya tashkilotlari — 2,5 mlrd. dollar;

·      Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki — 1,3 mlrd. dollar;

·      Islom taraqqiyot banki — 921 mln. dollar;

·      Fransiya moliya tashkilotlari – 823 mln. dollar;

·      Koreya moliya tashkilotlari — 735 mln. dollar;

·      Xalqaro valuta jamg‘armasi — 735 mln. dollar;

·      Germaniya davlat banki — 268 mln. dollar;

·      Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki— 226 mln. dollar;

·      Boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlar — 2,2 mlrd. dollar.

Jalb qilingan qarz mablag‘larini yo‘naltirish

Birinchi yarim yillik yakuniga ko‘ra, jami davlat tashqi qarzining 42 foizi (13 mlrd dollar) budjetni qo‘llab-quvvatlashga, 19 foizi (5,7 mlrd dollar) yoqilg‘i-energetika sohasiga, 9 foizi (2,7 mlrd dollar) transport va transport infratuzilmasiga, 9 foizi qishloq va suv xo‘jaligiga (2,7 mlrd dollar) yo‘naltirilgan.

Теги :
Jamiyat