Toshkentda sudxo‘rlik orqali fuqarolarning mulklarini o‘zlashtirgan shaxslar ushlandi
Fuqarolarning garovga qo‘yilgan mulk miqdori foiz evaziga berilgan pul mablag‘idan 3-4 barobar ko‘p bo‘lgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda fuqarolarga foizga pul berib, ularning mol-mulklarini o‘zlashtirgan shaxslar qo‘lga olindi. Garovga qo‘yilgan mol-mulk miqdori foiz evaziga beriladigan mablag‘dan 3-4 barobar ko‘p bo‘lgan.
Qarzini qaytarmagan fuqarolar uy-joyidan mahrum qilingan
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan JKning 168-moddasi (firibgarlik) bilan tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida aniqlanishicha, 1989-yilda tug‘ilgan R.S., 1990-yilda tug‘ilgan Yu.B. va 1993-yilda tug‘ilgan X.T. bir qator jinoyatlar sodir etganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur shaxslar fuqarolarga foiz evaziga pul berib, qarz olgan shaxsning nomida bo‘lgan turar-joy va boshqa ko‘chmas mulklarini garov evaziga o‘zining nomiga rasmiylashtirib olgan. Fuqarolar belgilangan muddatda qarz va foizlarini bermagan taqdirda uy-joydan oilasi bilan chiqarib yuborish va mulkini tortib olish bilan shug‘ullanib kelgan. Garovga qo‘yilgan mulk miqdori foiz evaziga berilgan pul mablag‘idan 3-4 barobar ko‘p bo‘lgan.
Fuqaroga kelishilgan narxdan kam mablag‘berilgan
Shuningdek, fuqaro bilan qarz yoki oldi-sotdi shartnomasi tuzilganidan so‘ng ular kelishilgan summadan kam miqdorda pul berishgan. Fuqaro ulardan 100 000 AQSH dollarini foiz evaziga so‘rasa, oldi-sotdi yoki qarz shartnomasi rasmiylashtirib bo‘lganidan so‘ng 65 000-70 000 AQSH dollari atrofida pullarni berib, qolgan pullarni maklerlik xizmati, boshqa xarajatlar uchun olib qolganligi haqida va keyinchalik foiz to‘lovlarni kamaytirib berishi hamda to‘lovlar kechiksa bezovta qilmasligi haqida aytib aldagan.
Ushbu holat yuzasidan o‘tkazilgan tergov jarayonida 1989-yilda tug‘ilgan R.S., Yu.B. va 1993-yilda tug‘ilgan X.T.lar jinoyat sodir etganlikda gumonlanib ushlangan. Ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Ehtiyot chorasi
Shuningdek, IIBB fuqarolarga murojaat qilib, agar kimdir ushbu shaxslardan jabr ko‘rgan bo‘lsa yoki ularning jinoiy xatti-harakatlari haqida ma'lumotga ega bo‘lsa, Toshkent shahar IIBBning 71-206-40-97 yoki 102 raqamlariga, yoxud 90-976-28-21 Telegram raqamiga murojaat qilishlarini so‘raydi. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.



