$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Tugʻuruqxonadan chaqaloqni olib chiqish uchun pul talab qilingan(mi?)

Chaqaloq

Ijtimoiy tarmoqlarda Shofirkon tumanida tugʻuruqxonadan chaqaloqni olib chiqish uchun pul talab qilingani va shu tufayli janjal yuzaga kelganiga doir videolavha tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi munosabat bildirdi.

Voqea aslida qanday boʻlgan

Joriy yil 6-oktyabr kuni soat 10:00 atrofida Shofirkon tumanining “Joʻyrabod” MFY hududida yashovchi ayol M.I. tuman tugʻuruq boʻlimida tabiiy yoʻl bilan oʻgʻil farzandni dunyoga keltirgan.

Tugʻuruqdan keyingi 2-3-sutkada amaldagi milliy emlash kalendari asosida yangi tugʻilgan chaqaloq gepatit B hamda silga qarshi (BSJ) emlangan.

Bobosi chaqaloqni majburan olib ketmoqchi boʻldi

9-oktyabr kuni silga qarshi emlashdan soʻng goʻdakda bezovtalik kuzatilgani, amaldagi standartlarga muvofiq, vaksina olgandan keyin 1-2 kun davomida chaqaloq tibbiy kuzatuvda boʻlishi lozimligi aytilishiga qaramay, M.I. qaynotasining qistovi bilan uyga javob berishlarini soʻragan.

Tugʻuruq boʻlimi tibbiyot xodimlari tomonidan bemorga javob berilmasligi ma’lum qilingan.

Shundan soʻng M.I.ning yaqin qarindoshlari (qaynotasi va turmush oʻrtogʻi) tugʻuruqxona xodimlari tomonidan pul talab qilinganini vaj qilib janjal koʻtargan va muassasa kirish eshigini sindirgan.

Ayol va farzandi qoniqarli ahvolda uyiga olib ketilgan

Oʻsha kuni bemor soat 23:00 atrofida yaqin qarindoshlari qat’iy talabi asosida uyiga chaqalogʻi bilan birga qoniqarli ahvolda olib ketilgan.

Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Videoda aks etgan holat

Ijtimoiy tarmoqlarda tarmoqlarda tarqalgan videoda holat boshqacha aks etadi. Unda yoshi keksa fuqaroning shifokorlarni poraxo‘rlikka ayblab, eshik oynasini sindirgani va bir ayolning yerda yiqilib yotgani holati aks etgan. Unda fuqaro, ya’ni tug‘ilgan chaqaloqning bobosining aytishicha, tug‘uruq kompleksidan bolani olib chiqish uchun shifokorlardan biri undan pul berishini talab qilgan. Ular so‘ralgan pulni berishmasa, ona va bolani uyiga ruxsat bermasliklarini bildirishgan. Shundan so‘ng fuqaro tibbiyot xodimlari bilan tortishuvga borgan.

Holat kuzatuv kameralari orqali oʻrganildi

Holat ichki ishlar idoralari tomonidan kuzatuv kameralari orqali o‘rganilgan. Unda yerda yotgan ayol, ya’ni fuqaroning xotini u eshik oynasini jahl ustida qasddan sindirayotgan vaqtda qo‘lining zarb bilan tegib ketishi oqibatida ayolning yerga yiqilib ketgani ko‘ringan.

Tugʻruqxona xodimlari uchun xayriya”

Tug‘uruqxonada janjal ko‘targan fuqaroning keyingi videosi ham tarqaldi. Unda o‘zini K.N. deb tanishtirgan fuqaro bo‘lgan holatni so‘zlab berayotganda: “Meni shifokorlar o‘z qabuliga chaqirishdi va kelinim tuqqani uchun xayriya qilishimni so‘rashdi. Men “sizlarga davlat oylik bermaydimi” deb so‘raganimda: “kolodetslarni chiqindidan tozalash uchun xayriya qiling” deyishdi. Men esa narxini so‘raganimda “Himmatingiz” deyishdi. Men esa rozi bo‘lib, cho‘ntagimdan yigirma besh ming so‘m pul chiqarib berdim. “Bu pulingizni borib lo‘lilarga bering” deb pastga urishdi. Men hozir yonimda pulim yo‘qligini, o‘g‘lim kelsa, o‘zi hal qilishini aytdim. O‘g‘lim 10 yilda o‘g‘il farzand ko‘rgandi, 4 nafari nobud bo‘lgandi. Vaziyatni tushuntirishimniyam inobatga olishmadi. “Jarima” sifatida kelinimga ruxsat berishmasligini aytdi”,-degan fuqaro.

Fuqaro N.K.ning so‘ziga ko‘ra, yiqilgan xotiniga e’tibor bermay, tibbiy yordam ko‘rsatishmagani uchun jahl ustida eshik oynasini sindirib, baqir-chaqir qilgan. Shuningdek, fuqaro uni tibbiyot xodimlarining nojoiz so‘zlar bilan haqorat qilishgani, hatto, pichoqni qo‘lga olib, K.N.ni o‘ldirishga tahdid qilgani to‘g‘risida gapirgan.

Shifokor va bemor oʻrtasidagi tortishuv

Ko‘p o‘tmay, Shofirkon tumanidagi guruhlardan birida tibbiyot xodimlarining bir necha kun ilgari tuqqan va bemor holatda bo‘lgan ayol bilan tortishishgani, ayolning qon yo‘qotayotgan holatda o‘rnidan turib, yig‘lab, noma’lum muammoga duch kelgani videosi tarqalgan.

Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbariming munosabati

“Keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘layotgan holat tekshirilmoqda. Aniqlik kiritilganidan so‘ng javobgarlik masalasi hal etiladi. Ayni damda fuqaro tomonidan keltirilgan vaj, ya’ni tibbiyot xodimlarining “korrupsiya holatlari qayd etilgan» degan jumla huquq-tartibot idoralari tomonidan nazoratga olingan va o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Yana shu o‘rinda aytish kerakki, pul so‘rasa, kasalxonaning eshiklarini sindirib tashlash kerak, degani emas. Belgilangan tartibda organga murojaat qilishi kerak edi. Bu yerda huquqbuzarlik uchun javobgarlik masalasi yo‘q emas. Tafsilotlar to‘liq o‘rganilgach, har ikkala holatga ham huquqiy baho beriladi”, - dedi Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov.

Bu birinchisi emas

O‘zini tanishtirishni istamagan shofirkonlik fuqaroning aytishicha, bundan 3 yilcha ilgari uning ushbu Tug‘uruq kompleksida farzandini dunyoga keltirgan turmush o‘rtog‘iga ham xuddi shunday qo‘pol munosabatda bo‘lishgan. “Ushbu Tug‘uruq kompleksida odamlarni haddidan oshishiga majbur qiladigan holatlar ko‘p. Yuqori turuvchi organlar ham huquq-tartibot idoralari tomonidan jiddiy va sinchkov o‘rganilsa, juda ko‘p salbiy holatlarga guvoh bo‘lishadi”, – deydi fuqaro.

Теги :
Jamiyat