$
 12228.58
20.5
 14282.98
166.78
 155.96
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Endilikda probatsiya bo‘linmalari xodimlariga qo‘shimcha vakolatlar beriladi

probatsiya

Oxirgi paytlarda probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilish holatlari ko‘paymoqda. Buning oldini olish maqsadida esa probatsiya bo‘linmalari xodimlariga qo‘shimcha vakolatlar berilishi to‘g’risida qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Mahbuslarning huquqbuzarliklariga chora kerak

Parlament Quyi palatasining bugun, 10-sentyabrdagi majlisida nazorat ostidagi shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Muhokamada deputatlarning ta’kidlashicha, so‘nggi paytlarda probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishi holatlari ortib bormoqda va bu ushbu yo‘nalishdagi huquqiy ta’sir choralarini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.

Shuningdek, sud tomonidan belgilangan cheklov va majburiyatlarni bajarmagan probatsiya nazoratidagi shaxslar sodir etgan huquqbuzarliklar holatlari bo‘yicha tez va ta’sirchan choralar ko‘rilishini ta’minlash borasida ichki ishlar organlari probatsiya bo‘linmalari xodimlariga qo‘shimcha vakolatlar berish zarurati yuzaga kelmoqda.

Faqat katta inspektor bayonnoma tuza oladi

Ushbu qonun loyihasi bilan esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ma’muriy nazorat va probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rilishini ta’minlash hamda ichki ishlar organlari probatsiya bo‘linmalari xodimlarining vakolatlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilyapti.

Ya’ni, ichki ishlar organlari nomidan 185-2 va 187-moddalari bo‘yicha probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomani tuzish vakolati probatsiya xizmatining katta inspektoriga berilyapti.

Deputatlarning aytishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida probatsiya nazoratidagi shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish va ularga nisbatan qo‘llanilgan ta’sir choralarining natijadorligi oshishiga olib keladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

Теги :
Jamiyat