$
 12957.14
29.97
 14702.47
-15.11
 156.56
0.83
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

2025-yil 26-yanvarning eng muhim voqealari dayjesti

26-yanvar dayjesti

Sadir Japarov “Amirsoy” kurort majmuasini e’tirof etdi

Xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi “Amirsoy” kurort majmuasida Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazdi.

Qirg‘iziston yetakchisi o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida uchrashuv haqida yozib, “Amirsoy” kurort majmuasida xizmat ko‘rsatish darajasi Yevropanikidan kam emasligini ta’kidladi.

“Mamlakatimiz hududining 94 foizini tog‘lar egallagan, yetti viloyatning har birida tog‘-chang‘i kurortlari barpo etish mumkin. Ammo bizda deyarli yo‘q. Nega? Chunki mustaqillikka erishganimizdan buyon biz oddiy xalqdan tortib Prezidentgacha faqat siyosat bilan shug‘ullanib keldik. Iqtisodiyot, turizm va boshqa muhim sohalarga deyarli e’tibor berilmadi. Hamkasbim Shavkat Mirziyoyev “Amirsoy” kurortini noldan, Toshkentga yaqin masofada qurgan. Xizmat ko‘rsatish darajasi Yevropanikidan kam emas. Qanchadan-qancha odamlar ish bilan ta’minlangan. Millionlab turistlar bu yerga dam olish uchun kelishmoqda”, – dedi Qirg‘iziston yetakchisi.  

2019-yilda ochilgan “Amirsoy” majmuasi Markaziy Osiyodagi eng yirik zamonaviy tog‘-chang‘i kurorti hisoblanadi.  

Rossiyada hujjatlarini yo‘qotgan shaxslarning O‘zbekistonga qaytishiga ko‘mak berildi

O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi vakolatxonasi xodimlari ko‘magida Rossiyaning Tiva Respublikasida vaqtincha ishlayotgan to‘rt nafar o‘zbekistonlik vatanga qaytarilgan. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, o‘zbekistonliklar yashab kelgan joyda sodir bo‘lgan kuchli yong‘in oqibatida ularning hujjatlari, shu jumladan, pasportlari yo‘qolgan.

Diplomatlar tomonidan to‘rt nafar yurtdoshimizning O‘zbekistonga qaytishi uchun guvohnoma va boshqa zarur hujjatlar tezkorlik bilan rasmiylashtirilgan.

Migratsiya agentligi vakolatxonasi tomonidan esa "Novosibirsk-Toshkent" yo‘nalishi parvoz qiladigan samolyotga chipta xarid qilingan. Ular shu 2025-yil 25-yanvar kuni Toshkentga kuzatib qo‘yilgan.

O‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari Qatarda ishlashlari mumkin

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, Qatardagi elchixonamiz mas’ullaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Dohada yana bir yirik ish beruvchi kompaniya rahbari Muhammad Al-Suvaydiy bilan uchrashuv o‘tkazgan.

Hamkor Qatardagi eng yirik tibbiyot muassasi "Hamad Medical Corparation" bo‘lib, mamlakatda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarning 90 foizi ushbu muassasa hissasiga to‘g‘ri keladi.

Uchrashuvda "Hamad" tibbiyot muassasasi va Migratsiya agentligi o‘rtasida hamkorlikka kelishib olindi. Hamkorlar yiliga 1000 nafar hamshiraga ehtiyoji borligini bildirgan bo‘lsa, O‘zbekiston tomoni mamlakatimizda ish beruvchi talabi asosida maqsadli tayyorlashga barcha sharoitlarni yaratishini ta’kidladi, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda Qatarda umumiy hisobda 12 ming hamshira mavjud bo‘lsa, shundan atigi 70 nafari qatarliklar, qolgani chet elliklardir.

2024-yilda O‘zbekiston eksportida yuqori ulushga ega bo‘lgan davlatlar ma’lum qilindi

Statistika agentligining dastlabki ma’lumotlariga kora, 2024 yilda O‘zbekiston eksportida yuqori ulushga ega bo‘lgan davlatlar:

— Rossiya – 3,7 mlrd. AQSh dollari

— Xitoy – 2,1 mlrd. AQSh dollari

— Qozog‘iston – 1,4 mlrd. AQSh dollari

— Turkiya – 1,2 mlrd. AQSh dollari

— Afg‘oniston – 1,1 mlrd. AQSh dollari

— Fransiya – 795 mln. AQSh dollari

— Tojikiston – 552 mln. AQSh dollari

— Qirg‘iz R. – 513 mln. AQSh dollari

— AQSh – 317 mln. AQSh dollari

— Pokiston – 300 mln. AQSh dollari

Теги :
Jamiyat