$
 12998.91
13.9
 13439.57
154.61
 131.29
1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

2025-yil 11-yanvarning eng muhim voqealari dayjesti

11-yanvar dayjesti

O‘zbekistonda “yashil bog‘lar” barpo etish rejalashtirilmoqda

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining tuman (shahar)larida “Yashil bog‘lar” barpo etish uchun yer maydonlari tanlanadi, talab etilsa ajratish yuzasidan tegishli qaror yoki farmoyish qabul qilinadi. Tanlangan (ajratilgan) yer maydonlarida “yashil bog‘lar” barpo etish uchun “Yashilloyiha” loyihalash instituti bilan shartnomalar tuziladi. Bunda, ajratilgan yer maydonlarida hudud tuproq-iqlim sharoitiga mos daraxt va butalar turini tanlash, ekish sxemasi belgilanadi, parvarishlash, sug‘orish va uch yil muddatga biriktirish tizimlari nazarda tutilgan loyihalash va xarajatlar-smeta hujjatlari ishlab chiqiladi.

Tanlangan yer maydonlarida loyiha hujjatlari asosida “yashil bog‘lar” barpo etiladi.

Barcha shaharlarni to‘liq “yashil belbog‘”lar bilan qamrab olish ko‘zda tutilgan.

Toshkent metropoliteniga yangi poyezdlar olib kelindi

Toshkent metropoliteni to‘rt vagonli yangi 3 ta metro poyezdlariga ega bo‘ldi. Poyezdlar 9−10 kun davomida texnik sinovdan o‘tkazilib, yo‘nalishlarga chiqariladi. Toshkent metropoliteniga yana yangi to‘rt vagonli 3 ta metro poyezdlari olib kelindi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar qildi.

Ushbu poyezdlar belgilangan yo‘riqnomaga asosan, 9−10 kun davomida texnik sinovdan o‘tkazilib, so‘ngra yo‘lovchilarga xizmat qilishi uchun yo‘nalishlarga chiqariladi.

Ta’kidlanishicha, 2025-yil yanvar-fevral oylarida yana 6 ta metro poyezdi olib kelinishi rejalangan. Metropoliten 2024-yil 31-dekabrda ham 3 ta “Metrovagonmash” (Rossiya) zavodida ishlab chiqarilgan poyezd olganini e’lon qilgandi.

2025 – 2030 yillarda Bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini nazorat qilish dasturi amalga oshiriladi

Davlat rahbari qaroriga muvofiq, ayollar onkologik kasalliklarini nazorat qilish tizimini takomillashtirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bir qator chora-tadbirlar belgilandi.

2025-yildan boshlab tuman va shahar markaziy poliklinikalarida onkonazorat xonalari uchun akusher-ginekolog shtatlari ajratiladi, mammografiyalarni ikki smenada tashkil qilish uchun rentgen-laborantlar ishga jalb qilinadi. Mammografiya tasvirini o‘qish uchun maxsus markaz tashkil etiladi va natijalar yagona riding tizimiga integratsiya qilinadi.

Shuningdek, odam papilloma virusi diagnostikasi bo‘yicha referens-laboratoriya faoliyat ko‘rsatadi. 2025–2030-yillarda bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini nazorat qilish dasturi Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa ixtisoslashtirilgan markazlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

2025-yil 1-mayga qadar hududiy filiallar zarur tibbiy uskunalar bilan ta’minlanadi va poliklinikalar onkonazorat xonalari uchun kerakli jihozlar yetkazib beriladi.

2 yoshli qizaloq qornidan 135 ta magnit sharcha olindi

Bolalarni nazoratsiz qoldirish yomon oqibatlarga va hatto ko‘ngilsiz holatlarga olib kelishi mumkin. Endigina 2 yoshni qarshilayotgan farg‘onalik Samira Toirjonavada xuddi shunday holat kuzatildi.

Ma’lum bo‘lishicha, qizaloq magnit sharchalar bilan o‘ynab kelgan va shu jarayonda ulardan ancha-munchasini ichiga yutgan. Vaqt o‘tishi bilan sharchalar qornida yig‘ilib qolgan va uning hayotiga jiddiy xavf solgan.

Ota-onasi zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona viloyati filialiga murojaat qiladi. Tekshiruvlar o‘tkazilganida qorinning ikki yonida magnitlar yig‘ilib qolgani aniqlangan.

Shifokorlar konservativ usulda davolashga kirishib, qayd qildirish orqali sharchalardan 14 donasini chiqarib oladi, ammo aksariyati ichkarida qolayotgandi.

Vaziyat tezkor choralar ko‘rishni taqozo etardi. Shu bois ota-ona bolani Toshkentga, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib keladi. Bu yerda go‘dak yana bir bor tekshiruvdan o‘tkazilgach, jarrohlik amaliyoti boshlab yuboriladi.

Shifokorlar sa’y-harakati bilan qizaloq qornidagi 135 ta magnit sharcha olindi.

To‘rt yarim soat davom etgan ushbu murakkab operatsiyani tibbiyot fanlari doktori, professor Habibulla Oqilov hamda markazning Nozim O‘rmonov, Dilmurod Sabirov kabi tajribali mutaxassislari amalga oshirdi.

Ayni chog‘da u shifokorlar nazoratida o‘zini yaxshi his etmoqda, deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Теги :
Jamiyat